Ogohlantirish va yangi tayinlov: Mirziyoyev ayrim sohalarni tanqid qildi

Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 29.01.2024
Obuna bo‘lish
Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi yig‘ilishda uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar ko‘rib chiqilmoqda.
TOShKENT, 29 yanv — Sputnik. Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Adiz Boboyev Hisob palatasi raisi etib tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan yig‘ilishda ma’lum qilindi, deb yozmoqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Yig‘ilishda 2024-yilda uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar ko‘rib chiqilmoqda.
Qayd etilishicha, ushbu tizimda 3 ta vazirlik va idora, 3 ta inspeksiya, 5 ta kompaniya, hududlarda qurilish, uy-joy va kommunal xo‘jaligi sohalariga mas’ul hokim o‘rinbosarlari bor.
Poytaxt va Toshkent viloyati hokimlariga qurilish va kommunal sohaga alohida o‘rinbosar berilganiga qaramay, bu kompleks xalq eng ko‘p norozi bo‘lib murojaat qiladigan sohalardan biri ekani qayd etildi.
Davlat rahbari quyidagilarni qayd etdi:
qurilish sohasiga zamonaviy standartlarni joriy qilib, qurilish normalarini yangilash;
ichimlik suvi tannarxi va tarmoqdagi yo‘qotishlarni kamaytirish, mahalliy aviareyslarni ko‘paytirish.
Shuningdek, Toshkentda tirbandlikni kamaytirish va jamoat transportini yaxshilashda mutasaddilarning ishlari qoniqarsiz ekanligi aytildi. Shu munosabat bilan transport vaziri I.Mahkamov, uning birinchi o‘rinbosari M.Omarov, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i O.Saidov va “Toshshahartransxizmat” AJ raisi A.Jo‘rayevga hayfsan e’lon qilindi va oxirgi ogohlantirish berildi.
"Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Adiz Muzaffarovich Boboyev Hisob palatasi raisi lavozimiga, palata raisi o‘rinbosari lavozimini egallab kelgan Mehriddin Razzoqovich Abdullayev palata raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani e’lon qilindi", — deyilgan xabarda.
Yig‘ilishda transport tizimini raqamlashtirish, yo‘l qurilishi va ekspluatatsiyasiga xususiy sektorni jalb qilish, temir yo‘lda yuk tashish avtomobilga nisbatan 3 barobar ko‘p vaqt talab qilayotgani, havo ifloslanishini oldini olish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va hisob-kitoblar qilinmayotgani bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar faoliyatidagi qoloqliklar ko‘rsatib o‘tildi.
Kompleks tarkibiga kiruvchi vazir va hokimlarning rejalari va natijalari sust bo‘lgan o‘rinbosarlari ishdan bo‘shatilib, ularga aniq KPI belgilanishi va shundan keyin bir yil muddatga shartnoma asosida ishga olinishi belgilandi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimlarida qurilish va kommunal xo‘jaligiga javob beradigan 1 nafar o‘rinbosar bo‘lishi qaror qilindi.
Prezident kompleksga kiruvchi vazirlik va idoralar oldida turgan uy-joy va qurilish sohasidagi eng dolzarb vazifalarni belgilab berdi.

"Bu yil investitsiya dasturi doirasida 1 ming 637 ta infratuzilma obyektini qurish belgilangan. Lekin soha yoki hudud rahbarlari budjet mablag‘larini samarali ishlatish, qurilishlar sifatini ta’minlash bo‘yicha namuna bo‘ladigan tizim yaratmagani qayd etildi", — deyiladi xabarda.

Qurilishlarga ajratilgan budjet mablag‘larini maqsadsiz ishlatish, talon-taroj va o‘g‘rilik holatlari ko‘rsatib o‘tildi. Ayrim quruvchi tadbirkorlarning yashirin ishlashiga yoki bunday ishlashga majbur qiladigan shart-sharoitlar borligi ta’kidlandi.

“Masalan, bugungi kunda loyiha tashkilotlari obyekt qiymatini imkon qadar “shishirishga” harakat qilayotgani qayd etildi. Sababi, loyiha qancha qimmat bo‘lsa, loyihachi shuncha ko‘p pul oladi. Shu bois, aksariyat loyihalarda keraksiz xizmatlar, ortiqcha hashamat qo‘shib kiritilmoqda”, — deyiladi xabarda.

O‘tgan yilda loyihalarda 3 trillion so‘mlik bunday keraksiz xarajatlar oldi olindi. Aksincha, iqtisod qilishga kelganda, quruvchilarning ish haqi va asosiy qurilish materiallari narxi bozordan past narxlarda hisoblanmoqda.
Bularning hammasi quruvchi-pudratchilarni “obnal” va “o‘g‘irlik” qilishiga, sifatsiz qurilish materiallarini ishlatishiga sharoit yaratayotgani, "yashirin" qurilish materiallari bozori vujudga kelgani qayd etildi.
Hokim va prokurorlar vaziyatga e’tiborsizligi qattiq tanqid qilinib, ularning bu boradagi qat’iy javobgarligi belgilandi.
Ta’kidlanishicha, amaldagi loyihalash jarayonlari va qurilish ishlari “resurs usuli”ga asoslangan. “Resurs” usulida 1 ta maktab qurish uchun qancha ishchi kerak, qancha yoqilg‘i va nechta texnika ishlatiladi, texnikaning turi qanaqa bo‘lishi kerak, degan yuzlab shartlar kiritilgan.
“Hajm usuli”da esa pudratchidan yakuniy natija so‘raladi. Muhimi, quruvchi obyektni o‘z vaqtida va sifatli topshirsa bo‘ldi. Bundan tashqari, loyiha, tender, qurilish va obyektni qabul qilish bilan bog‘liq barcha jarayonlarda korrupsiya holatlari uchrab turibdi. Endilikda loyiha qilishdan boshlab, obyektni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar ham, ularning nazorati ham yangicha tashkil etiladi.
Eng avvalo, kelgusi yil 1-yanvardan barcha loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, ishlarni amalga oshirish, shuningdek, ularni qabul qilishda “resurs usuli”dan voz kechilib, “hajm usuli”ga o‘tiladi.
Bu tartib 1-iyuldan yo‘l, ichimlik suvi va ko‘prik qurilishi loyihalarida joriy qilinishi belgilandi.
Yangiliklar lentasi
0