Pulli to‘xtash va elektromobil uchun alohida joylar: yo‘l harakatining yangi talablari qanday?

© Sputnik / Aktan TemirkanovAvtomobilnoe dvijenie v Samarkande.
Avtomobilnoe dvijenie v Samarkande. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 21.01.2024
Obuna bo‘lish
Prezident “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
TOShKENT, 21 yanv — Sputnik. Pulli to‘xtab turish joylariga doir talablar belgilandi. Bu haqda prezident tomonidan imzolangan “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan.
Qonunga ko‘ra, pulli to‘xtab turish joylarining egalari ushbu joylardan foydalanganlik uchun to‘lov miqdorini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadigan cheklangan miqdorlardan yuqori bo‘lmagan tariflar bo‘yicha mustaqil ravishda belgilaydi.
Bunda to‘lov naqd pul shaklida yoki naqd pulsiz, to‘lov tizimlaridan, shu jumladan avtomatlashtirilgan to‘lov tizimlaridan foydalanilgan holda amalga oshiriladi.
Pulli to‘xtab turish joylarining egalari ushbu joylardan bepul yoki imtiyozli foydalanish huquqi beriladigan foydalanuvchilar hamda transportlarning ro‘yxatini belgilash huquqiga ega.
Ular, shuningdek:
pulli to‘xtab turish joylaridan foydalanganlik uchun avtomatlashtirilgan to‘lov tizimini joriy etishi;
pulli to‘xtab turish joylari tashkil etilgan hududda yo‘l belgilari o‘rnatilishini, shuningdek videokuzatuv tizimlari yoki qo‘riqlashning boshqa texnik vositalari o‘rnatilishi va uzluksiz ishlashini ta’minlashi;
to‘xtab turish joyining kirish yoki undan chiqish joyiga tutash bo‘lgan to‘xtab turish joylari orasidan nogironligi bo‘lgan shaxslar boshqaradigan yoki ularni tashiydigan transportlar uchun joylar ajratilishini ta’minlashi shart.
Shuningdek, qonun bilan yo‘l egasining huquq va majburiyatlari, transport egalarining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga doir majburiyatlari hamda mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlayotgan haydovchilarning huquqlari alohida belgilandi.
Yo‘l qaysi korxona, muassasa, tashkilot yoki jismoniy shaxslar ixtiyorida bo‘lsa, o‘shalar yo‘l egasi hisoblanadi. Yo‘l egasi yo‘llarni qurish, ta’mirlash va rekonstruksiya qilish loyihalarini kelishib olish va tasdiqlashda, shuningdek ta’mirlash ishlarini tashkil etishda ishtirok etish huquqiga ega.
Transportni o‘z xizmat yoki mehnat majburiyatlarini bajarish uchun, shu jumladan transportning mulkdori yoxud boshqa egasi bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga yoki fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnomaga asosan boshqaruvchi shaxs transport vositasining egasi bo‘lmaydi.
Transport egalari:
texnik jihatdan soz transportdan foydalanishi;
transportning tegishli malakaga ega va tibbiy ko‘rikdan o‘tgan shaxslar tomonidan boshqarilishiga ijozat berishi;
transportdan foydalanish chog‘ida boshqa shaxslarning hayotiga, sog‘lig‘iga va (yoki) mulkiga zarar yetkazganlik uchun o‘z fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilishni amalga oshirishi;
transportning alkogoldan mast holatda yoki psixoaktiv moddalar ta’siri ostida yoxud o‘ta charchoq holatda bo‘lgan shaxslar tomonidan boshqarilishiga yo‘l qo‘ymasligi shart.

Yo‘l uchastkalari ta’mirlanayotganda qatnov qismining ko‘pi bilan 50 foizi o‘tish uchun yopilishi mumkin

Qonunga ko‘ra, yo‘l uchastkalarini rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash yoki ta’mirlash bo‘yicha ishlar bajarilayotganda yo‘lning mazkur uchastkalaridagi qatnov qismining ko‘pi bilan 50 foizi o‘tish uchun cheklanishi yoki yopilishi mumkin.
Yo‘l uchastkalarida qatnov qismining 50 foizidan ko‘prog‘ini yopish zarur bo‘lgan taqdirda mazkur yo‘l uchastkalarini aylanib o‘tish ta’minlanishi kerak.

To‘xtab turish joylarini tashkil etishda ekologik xavfsizlik hisobga olinadi

Qonunga muvofiq, ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlar chegaralarida to‘xtab turish joylarini qurishga oid qarorlar hokimliklar tomonidan qabul qilinadi. To‘xtab turish joylarini joylashtirish ekologik xavfsizlikni ta’minlash hamda atrof-muhitga, aholining sog‘lig‘i va osoyishtaligiga salbiy ta’sirni kamaytirish hisobga olingan holda amalga oshiriladi.
To‘xtab turish joylarini ro‘yxatga olish yo‘l egasi tomonidan amalga oshiriladi. To‘xtab turish joylarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun alohida joylar majburiy tartibda ajratiladi.

Elektromobillar uchun alohida joylar ajratiladi

Qonunga ko‘ra, elektrda ishlaydigan transportlar uchun alohida joylar ajratiladi. Bunday joylarda elektr quvvat manbalariga ulanish imkoniyati yaratilishi mumkin. To‘xtab turish joylaridan foydalanishga monelik qiladigan to‘siqlarni va boshqa konstruksiyalarni o‘rnatish taqiqlanadi.
To‘xtab turish joylariga transportlarning kirishini, ulardan chiqishini va bu joylarda harakatlanishini tashkil etish maxsus vakolatli davlat organlari bilan kelishilgan loyihaga muvofiq amalga oshiriladi.
Umumiy foydalanishdagi to‘xtab turish joylarining egalari to‘xtab turish joylaridan foydalanish qoidalarini hamma uchun qulay bo‘lgan joylarga tanishib chiqish uchun joylashtirishi shart.

Mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlayotgan haydovchilar shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlanishi kerak

Qonunga ko‘ra, mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlayotgan haydovchilar quyidagi huquqlarga ega:
ish beruvchidan harakatlanish yo‘nalishi, tashiladigan yuk haqida, o‘z hayoti va sog‘lig‘i uchun mavjud bo‘lgan tahdid to‘g‘risida, zararli va (yoki) xavfli omillar ta’siridan o‘zining himoya qilinishiga doir chora-tadbirlar haqida ishonchli axborot olish;
shaxsiy himoya vositalari, maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlanish;
yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha shart-sharoitlarni yaxshilash bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqishda ishtirok etish;
o‘z hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soladigan vaziyatda, tashishni rad etish;
yo‘l harakati xavfsizligi sohasida malakasini oshirish va kasbiy qayta tayyorgarlikdan o‘tish;
mehnat vazifalarini bajarish chog‘ida o‘z sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi;
ish beruvchining yo‘l harakati sohasidagi g‘ayrihuquqiy qarorlari va harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish.
Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Yangiliklar lentasi
0