Qurolli Kuchlar, qurol-yarog‘ va harbiy texnika: Mirziyoyevning bayram tabrigidagi fikrlari
10:49 14.01.2024 (yangilandi: 10:56 14.01.2024)
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev posetil poligon "Termez"
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32-yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi yo‘lladi.
TOShKENT, 14 yanv — Sputnik. O‘zbekistonning harbiy-ilmiy va ishlab chiqarish salohiyatini kuchaytirishga yanada ulkan ahamiyat qaratiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32-yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigida ma’lum qildi.
"Siz, azizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni mamlakatimiz hayotidagi muhim sana – O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32-yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Xalqimiz sizlar kabi mard va jasur harbiylarimiz timsolida Vatanni himoya qilishdek dunyodagi eng ulug‘ ishni sharaf bilan ado etib, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Bobur Mirzo singari buyuk ajdodlarimizning shonli an’analarini munosib davom ettirib kelayotgan ona yurtimizning chinakam qalqonlarini ko‘radi", — deyiladi bayram tabrigida.
Qayd etilishicha, bugungi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida erishayotgan barcha yutuq va marralarda Qurolli Kuchlar va ularning saflarida o‘z vazifasini sidqidildan ado etayotgan ming-minglab harbiylarning munosib hissasi bor.
"Xalqimizning asl o‘g‘lonlariga xos fazilatlar ulug‘lanadigan mana shu unutilmas lahzalarda Vatan oldidagi burchini bajarish chog‘ida qahramonlarcha halok bo‘lgan botir jangchilarimizni yod etib, ularning o‘lmas xotirasi oldida ta’zim qilamiz. Ishonchim komil, ular o‘zlarining jasorati va o‘chmas nomlari bilan el-yurtimiz qalbida hamisha barhayot yashaydi, jangovar saflarda ularning o‘rni, aziz xotirasi hech qachon yo‘qolmaydi", — deydi prezident.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda harbiy xizmatchilarning professional mahorati va obro‘-e’tibori jahon miqyosida ham yuksalib bormoqda. Buni mamlakat Qurolli Kuchlari vakillarining nufuzli xalqaro harbiy musobaqalarda faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallab kelayotgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari va faxriylarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha ham kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston yetakchisi shuningdek, dunyo miqyosidagi hozirgi o‘ta murakkab vaziyatda mamlakat xavfsizligi va manfaatlarini ishonchli ta’minlash yanada dolzarb vazifaga aylanayotganini qayd etdi. Shuni hisobga olgan holda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida mamlakat xavfsizligi va hududiy yaxlitligini, jamiyatda tinchlik va totuvlikni ta’minlash, yurt mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarni rivojlantirish masalalari ustuvor yo‘nalishlar etib belgilandi.
"Shu asosda mamlakatimizning harbiy-ilmiy va ishlab chiqarish salohiyatini kuchaytirish, Qurolli Kuchlarning jangovar shayligini oshirish, ularni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlash, qo‘shinlar faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga yanada ulkan ahamiyat qaratamiz", — deyiladi bayram tabrigida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, "Buyuk Amir Temur bobomiz aytganlaridek, g‘alaba taqdirini avvalo qo‘shinning jangovar ruhi va tayyorgarligi, ma’naviy qudrati va mustahkam irodasi hal qiladi".
Shu bois, milliy armiyaning chinakam kuch-qudratini belgilab beradigan qo‘rqmas va dovurak harbiylar qalbida jangovar ruhni oshirish, ularni har qanday qiyinchilik va sinovga chidamli va matonatli etib tarbiyalash bundan buyon ham e’tibor markazida bo‘ladi.