Tadbirkorlarga elektrotexnika sanoatidagi investitsiya loyihalari uchun kredit beriladi

© Depositphotos / Erwin WodickaMenedjer s kalkulyatorom
Menedjer s kalkulyatorom - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 13.01.2024
Obuna bo‘lish
“Elektrotexnika sanoatining ishlab chiqarish va eksport salohiyatini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
TOShKENT, 13 yanv — Sputnik. Tadbirkorlarga elektrotexnika sanoatidagi investitsiya loyihalari uchun imtiyozli kreditlar beriladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
“Elektrotexnika sanoatining ishlab chiqarish va eksport salohiyatini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori (PQ–15-son, 10.01.2024 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2024-2025 yillar uchun elektrotexnika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi. Unda quyidagilar nazarda tutilgan:
misni qayta ishlash quvvatini 2024-yilda 140 ming va 2025-yilda 160 ming tonnaga yetkazish;
mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 2024-yilda 30,8 trillion so‘mgacha va 2025-yilda 38 trillion so‘mgacha oshirish;
mahsulotlar eksport hajmini 2024-yilda 1,5 milliard AQSh dollari va 2025-yilda 2 millard AQSh dollari miqdorida ta’minlash.
Elektrotexnika sanoatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun 2024-2026 yillarda tijorat banklariga, ularning buyurtmasiga asosan 3-yillik imtiyozli davr bilan 10-yil muddatga, yillik 5 foiz stavkada 100 mln AQSh dollari miqdorida kredit liniyasi ochiladi.
Bunda banklar tomonidan tadbirkorlarga 3-yillik imtiyozli davr bilan 10-yil muddatga yillik 7 foiz stavkada (shundan 2 foiz bank marjasi) kreditlar ajratiladi.
2027 yil 1-yanvargacha elektrotexnika mahsulotlarini sotishdan tushgan tushumi miqdori umumiy tushumining 80 foizidan kam bo‘lmagan elektrotexnika tarmog‘i korxonalariga foyda solig‘i va mol-mulk solig‘i bo‘yicha stavkalar 50 foizga kamaytiriladi.
2024 yil 1-apreldan davlat xaridlari doirasida chet ellik yetkazib beruvchilar bilan bir qatorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etganda ularga nisbatan import tovarlarining DDP (O‘zbekiston) narxidan quyidagi miqdorlarda narx preferensiyasi beriladi:
3 ta va undan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 15 foiz;
2 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 12 foiz;
1 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 8 foiz.
Qaror bilan shuningdek, 2024-yil 1-fevraldan O‘zbekistonga olib kirishda ularning sifati, xavfsizligi va servis kafolatini ta’minlaydigan ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili yoki rasmiy dilerlari mavjud bo‘lishi talab qilinadigan mahsulotlar ro‘yxati tasdiqlandi.
Yangiliklar lentasi
0