Bu yil O‘zbekistonda 5 mln aholi ish bilan ta’minlanadi
09:31 09.01.2024 (yangilandi: 09:51 09.01.2024)
© unsplash.com/Mina RadRukopojatie. Illyustrativnoe foto
Obuna bo‘lish
Biznesga 2 million aholini jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.
TOShKENT, 9 yanv — Sputnik. Bu yil 5 million aholining bandligini ta’minlash maqsad qilingan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tkazilgan aholi bandligini oshirish hamda tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirishga oid takliflar taqdimotida ma’lum qilindi.
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaBandlik va tadbirkorlik sohalaridagi takliflar muhokama qilindi
Bandlik va tadbirkorlik sohalaridagi takliflar muhokama qilindi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Rasmiy statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda ishsizlar soni 1 million 300 ming nafarni tashkil qiladi. Bu yil yana 2 million 400 ming aholi mehnat bozoriga kirib keladi.
“Shularni inobatga olib, sifatli va yuqori daromadli ish o‘rinlari hisobiga joriy yilda 5 million aholining bandligini ta’minlash maqsad qilingan”, — deyiladi xabarda.
Quyidagi sohalarda ish joyi yaratish imkoniyati bor:
xizmatlar sohasida 2,5 million;
qishloq xo‘jaligida 2,1 million;
investitsiya loyihalari va sanoatda 250 ming;
qurilishda 140 ming.
Bundan tashqari, zamonaviy moliyaviy instrumentlar, jumladan, mikromoliyalashning yangi tizimini keng joriy qilish orqali 2 million aholini biznesga jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.
“Taqdimotda mutasaddilar 2024-yilda yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish dasturi bo‘yicha axborot berdi. Davlatimiz rahbari bu dasturni ma’qullab, uni amalga oshirish yuzasidan qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda 2 million 400 ming aholi o‘zini o‘zi band qilgan. Endi ularning faoliyatini kengaytirish, bosqichma-bosqich kichik biznesga o‘tkazish va bozor topishiga ko‘maklashish muhimligi aytildi.
“Mening biznesim” platformasi, “Biznesga birinchi qadam” bank kartalari joriy etilishi buning uchun qulaylik yaratadi.
Iqtisodiy aylanmaga kiritilmagan yerlarni infratuzilmaga ulash, loyihalarni ishga tushirish uchun tashabbuskorlarni qo‘llab-quvvatlash zarurligi qayd etildi.
“Agregator” tizimi asosida “100 ming eksportchi dehqon” dasturi joriy qilinib, bu yil 15 ming gektar yer maydonlari auksionga chiqarilishi belgilandi. Mehnat stajiga ega bo‘lmagan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitish, ijtimoiy reyestrdagi fuqarolarni ishga olgan korxonalarga soliq bo‘yicha yengilliklar qo‘llash muhimligi ham aytib o‘tildi.
Aytilishicha, iqtisodiyot va moliya vazirligiga yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha qo‘shimcha zaxira va imkoniyatlarni aniqlash vazifasi qo‘yildi.
Joriy yildan boshlab 34 turdagi hisobotlar bekor qilinmoqda. Buning natijasida har yili 21 mingdan ortiq tadbirkorning 500 million so‘m xarajati tejaladi.
O‘zi umuman, tadbirkorlar tomonidan taqdim etiladigan hisobotlarning yagona ro‘yxati tasdiqlanmagan. Shu bois davlat rahbari yagona hisobotlar tizimini joriy qilish bo‘yicha topshiriq berdi.
“Shuningdek, tadbirkorlarga majburiy talablarni qisqartirish maqsadida 16 ta litsenziya va ruxsatnomani bekor qilish lozimligi belgilandi”, — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.