O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari yanada rivojlanadi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaFlagi Uzbekistana i Kazaxstana.
Flagi Uzbekistana i Kazaxstana. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 25.11.2023
Obuna bo‘lish
Muhokama chog‘ida senatorlar O‘zbekiston va Qozog‘iston eng yaqin qo‘shnilar hamda vaqt sinovidan o‘tgan strategik hamkorlar ekanini alohida ta’kidladi.
TOShKENT, 25 noya — Sputnik. Senat Qozog‘iston bilan ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqidagi Qonunni ma’qulladi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Bugun, 25-noyabr kuni Senatning navbatdagi yalpi majlisi doirasida “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Muhokama chog‘ida senatorlar O‘zbekiston va Qozog‘iston eng yaqin qo‘shnilar hamda vaqt sinovidan o‘tgan strategik hamkorlar ekanini alohida ta’kidladi.
Shartnomaning asosiy maqsadi ikki mamlakat mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini va barqaror iqtisodiy rivojlanishini yanada mustahkamlashga qaratilgan davlatlararo munosabatlarning yangi bosqichini shartnoma-huquqiy jihatdan mustahkamlashdan iborat ekani qayd etildi.
Shartnoma tashqi siyosat, mudofaa va xavfsizlik, migratsiya, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni qabul qilish, parlamentlar, siyosiy partiyalar va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash kabi sohalarda yaqin hamkorlikni nazarda tutadi.
Senatorlar Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi ikki xalqning ma’naviy-madaniy yaqinligini qo‘llab-quvvatlashga, madaniyat, ilm-fan, ta’lim va sport sohasidagi o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi, degan fikr bildirdi.
Shartnoma ilovasida davlat rahbarlari boshchilik qiladigan O‘zbekiston va Qozog‘iston Oliy davlatlararo kengashi to‘g‘risidagi Nizom keltirilgani alohida ta’kidlandi.
Muhokama yakunlari bo‘yicha Senat Shartnomani ratifikatsiya qilishga doir Qonunni ma’qulladi.
Yangiliklar lentasi
0