Quruq portlar: rejalar va rivojlanish istiqbollari – ekspert fikri
© unsplash/Paul TeysenKonteynerlar. Illyustrativ surat
Obuna bo‘lish
ESKAPT bilan hamkorlikda O‘zbekistonning yirik multimodal transport-logistika markazlari ESKAPTning quruq portlar to‘g‘risidagi kelishuvi talablariga muvofiqligi bo‘yicha inventarizatsiyadan o‘tkazildi.
TOShKENT, 13 noya – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining o‘n oltinchi sammitida bir qator muhim yo‘nalishlarga, jumladan, transkontinental transport yo‘laklari imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishga e’tibor qaratdi.
Bu borada multimodal logistika markazlari ham muhim o‘rin tutadi. Ularning rivojlanishi, xususan, xalqaro maqom berilishi mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochmoqda.
Ushbu yo‘nalishda qanday ishlar amalga oshirilayotgani, qanday rejalar tuzilayotgani va rivojlanish istiqbollari haqida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktori Bekzod Xolmatov Sputnik muxbiriga hikoya qilib berdi.
Ma’lumki, dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlar "quruq portlar" yaratadi - bu o‘ziga xos transport logistika markazi bo‘lib, uning hududida saqlash, qayta ishlash, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish va havo, temir yo‘l va avtomobil transporti orqali yuklarni jo‘natish tashkil etiladi.
“Hozirda O‘zbekistonning yirik multimodal logistika markazlari dengiz portlari bilan asosan temir yo‘l va avtomobil kommunikatsiyalari orqali o‘z faoliyatini amalga oshirmoqda. Navoiy va Termizdagi yirik logistika markazlarida temir yo‘l va avtomobil tashuvlaridan tashqari havo transporti orqali yuklarini tashish ham yo‘lga qo‘yilgan”, - deydi ekspert.
Jahon amaliyotida xalqaro maqomga ega bo‘lgan multimodal logistika markazlari negizida quruq port yaratiladi. Aynan ushbu talab yuk tashish jarayonini tashkil etish va xalqaro savdoga integratsiyalashuv yondashuvlarini soddalashtirish va unifikatsiya qilish imkonini beradi. O‘zbekiston ikki yil oldin, 2021-yil oktabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy ijtimoiy komissiyasining (ESCAP) quruq portlar to‘g‘risidagi hukumatlararo kelishuviga qo‘shilgan edi.
"ESCAP bilan hamkorlikda O‘zbekistonning yirik multimodal transport-logistika markazlarining ESCAP talablariga muvofiqligini aniqlash bo‘yicha inventarizatsiya o‘tkazildi. Logistika markazlarini o‘rganish natijasida ulardan 15 tasi ESCAP talablariga mos kelishi aniqlandi. Ularning yillik yuk aylanmasi 10,4 million tonnani tashkil etadi”, — dedi Xolmatov.
Qayd etish joizki, ushbu 15 ta markazlardan faqat uchtasi ("Navoiy Kargo", Toshkent Kargo" va First Dry Port ) ESCAPning quruq portlar talablariga to‘liq mos keladi. Qolgan 12 tasi qisman, biroq ekspert ta’kidlaganidek, ayni paytda ushbu logistika markazlarini xalqaro reyestrga kiritish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Transport vazirligi mutaxassislarining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda milliy logistika markazlarining xalqaro dengiz va quruq portlar bilan integratsiyalashuvi yo‘qligi sababli konteynerlarning 20-30 foizi bo‘sh qaytarilmoqda. Shu bilan birga, agar quruq port xalqaro maqomga ega bo‘lsa, yuklarni jo‘natish uchun ulardan foydalanish uchun bir qator afzalliklar mavjud.
“Mavjud kelishuvlarga ko‘ra, O‘zbekistonga dengiz portlari orqali kirib kelayotgan konteynerlarni boshqa davlatlarga yuk bilan jo‘natish mumkin emas. Masalan, Pokistonning Karachi dengiz portidan O‘zbekistonga yuk bilan kelgan konteynerlar 10 kun ichida Karachi portiga qaytarilishi kerak. Aks holda yuk qabul qiluvchi ularning qiymatini to‘lashi kerak. ESSAP mutaxassislari fikricha, O‘zbekiston xalqaro dengiz va quruq portlar bilan integratsiyalashgan taqdirda, transport xarajatlari 50 foizga qisqarishi mumkin”, - deydi ekspert.
O‘zbekistonda quruq portlar transport-logistika xizmatlari bozori sifatida rivojlanmoqda, biroq oldinda hali ko‘p ish bor, xususan:
axborot almashinuvini soddalashtirish hamda dengiz va quruq portlar o‘rtasida integratsiyani ta’minlash uchun mo‘ljallangan UN/LOCODE kodlash tizimini joriy etish zarur. Ushbu kodlash tizimi Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi Kotibiyati tomonidan ishlab chiqilgan va qo‘llab-quvvatlanadi;
aksariyat multimodal transport markazlarini yuk mashinalari va konteynerlar hajmi va og‘irligini nazorat qilish uchun uskunalar bilan jihozlash va konteynerlarni ta’mirlash ustaxonalari qurish;
multimodal transport-logistika markazlarida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash;
real vaqt rejimida yuklarning joylashgan joyini aniqlash tizimlari bilan jihozlash;
yuk o‘tkazish imkoniyatlarini oshirish orqali quruq portlarning samaradorligini oshirish.
Mutaxassisning qayd etishicha, yuqoridagi ishlarni amalga oshirish maqsadida Transport vazirligi tomonidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yuk jo‘natuvchilarga imtiyoz va preferensiyalar berish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Bu ularning logistika markazlarini xalqaro ro‘yxatga qo‘shilishini jadallashtirishga qiziqishini oshirishga xizmat qiladi, bu esa o‘z navbatida mamlakat transport-logistika salohiyatini yangi bosqichga olib chiqadi, global ta’minot zanjirlari geografiyasini kengaytiradi, transport-tranzit yo‘laklarini rivojlantiradi.