Nega O‘zbekiston havo sifati bo‘yicha jahon antireytingiga kiritilmoqda — mutaxassis javobi

Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
“O‘zgidromet” O‘zbekistonning 26 shahrida 64 ta statsionar kuzatuv punkti va 8 ta avtomatik havo ifloslanishini nazorat qiluvchi stansiyalardan foydalangan holda atmosfera havosi ifloslanishining fon monitoringini olib boradi.
TOShKENT, 14 noya — Sputnik. Nima uchun Toshkentda havoning yuqori darajada ifloslanishi tez-tez qayd etilmoqda? Bu holat nimadan kelib chiqmoqda va uni yaxshilash bo‘yicha O‘zgidromet qanday choralar ko‘rmoqda? Bu va boshqa savollar bilan Sputnik O‘zbekiston muxbiri Gidrometeorologiya xizmati agentligi yetakchi mutaxassisi Marina Plotsenga yuzlandi.
Gidrometeorologiya xizmati agentligi O‘zbekistonning 26 shahrida 64 ta statsionar kuzatuv punkti va 8 ta avtomatik havo ifloslanishini nazorat qiluvchi stansiyalardan foydalangan holda atmosfera havosi ifloslanishining fon monitoringini olib boradi.
Statsionar punktlarda atmosfera havosi parametrlari kuniga uch marta, avtomatik stansiyalarda esa onlayn rejimda nazorat qilinadi.
“Toshkent, Buxoro, Samarqand, Urganch, Termiz, Nukus shaharlarida havoda chang ko‘pligi kuzatilmoqda. Shuningdek, yirik shaharlar – O‘zbekiston poytaxti, Nurafshon, Navoiy, Farg‘ona havosida azot dioksidi miqdori meyoridan oshib ketgan. Bu moddalarning havoda ko‘p bo‘lishi sanoat korxonalari, avtotransport vositalarining chiqindilari, qurilish industriyasining rivojlanishi, meteorologik sharoit va respublikaning geografik joylashuvi bilan bog‘liq”, — deb tushuntirdi Plotsen.
Atmosfera havosining ifloslanishi monitoringi natijalariga ko‘ra, respublika shaharlarida ifloslanish indeksi pasaytirildi. Ayni paytda, xalqaro monitoring tizimlarida O‘zbekiston va xususan, Toshkent deyarli har doim antireyting bo‘yicha yetakchi o‘ntalikka kiradi.
Ekspert buni JSST Yevropa mintaqasidagi aksariyat davlatlar yagona indeks o‘rniga o‘zlarining havo sifati indekslaridan foydalanishi bilan izohladi. Turli mamlakatlarda milliy standartlarga mos keladigan havo sifati ko‘rsatkichlari mavjud.
“AirVisual xalqaro veb-saytida shahar reytinglari AQI indeksiga muvofiq har soatda chop etiladi. U asosiy ifloslantiruvchi moddalar, jumladan RM10 va RM2,5 mayda zarralari miqdori asosida hisoblanadi. Toshkentning eng yaxshi 10 ta antireytingga kirishi holatlari odatda respublikaning geografik joylashuvi, iqlim sharoiti, shuningdek, antropogen ifloslanish bilan bog‘liq”, — deya aniqlik kiritdi Plotsen.
Xususan, O‘zbekiston atmosfera havosida muallaq zarrachalarning ko‘payishi qumli (sifati bo‘yicha qumli tuproqqa o‘xshash) va qumloq (qum va loy zarralaridan iborat) tuproqlar bilan bog‘liq.
Shu bilan birga, Toshkentning hamma joyida ro‘y berayotgan qurilish loyihalari, ko‘p qavatli uy-joylar, sanoat ishlab chiqarishining o‘sishi, og‘ir transport vositalarining ishlashi va avtotransport vositalarining ko‘payishi atmosfera havosini ifloslantiruvchi antropogen manbalardir.
Bundan tashqari, shaharlar havosida ifloslantiruvchi moddalarning to‘planishiga shamolsiz ob-havo, yuqori yoki past haroratlar, yog‘ingarchilikning yetishmasligi yordam beradi.
“2021 yilda yuqori aniqlikdagi zamonaviy asbob-uskunalarning xarid qilinishi natijasida atmosfera havosidagi 10 mikron va 2,5 mikron (RM10, RM2,5) gacha bo‘lgan mayda zarrachalar miqdorini aniqlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Shunday qilib, olingan natijalar ruxsat etilgan maksimal konsentratsiyalar bilan taqqoslanadi", — deya tushuntirdi mutaxassis.
Kuzatuv punktlaridan havo ifloslanishi haqidagi ma’lumotlar O‘zgidromet tomonidan qabul qilinadi va hamma uchun ochiq platformada e’lon qilinadi. Bu yerda respublika shaharlari, jumladan, Toshkent shahrida havoning ifloslanish indeksidagi o‘zgarishlarni onlayn kuzatish mumkin.
O‘zgidromet meteorologik kuzatuvlar, ob-havo prognozi va atrof-muhit ifloslanishi monitoringi bilan bir qatorda, tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqish va qabul qilish uchun manfaatdor organlar va aholini tegishli ma’lumotlar bilan ta’minlaydi.
Masalan, “O‘zgidromet” O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda “Axoli salomatligiga aerogen xavfini va xavo ifloslanishining darajasining integral baxolash maksadida Uzbekistonda xavo sifatini monitoring kilish uchun milliy axborot platformasi va mobil ilovasini ishlab chikish” haqidagi hujjat loyihasini ishlab chiqmoqda.
Loyiha doirasida xalqaro tajriba va iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, respublika atmosfera havosining ifloslanishining global indekslariga (AQI) integratsiyalashuvi uchun mayda chang zarralari tarkibini hisobga olgan holda Atmosfera havosi sifati milliy indeksini ishlab chiqadi.
Shu bilan birga, Marina Plotsenning so‘zlariga ko‘ra, O‘zgidromet atmosfera havosining ifloslanishi monitoringini modernizatsiya qilish ustida ishlamoqda.
Mutaxassislar “Zamin” xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda “Atmosfera havosining ifloslanishi monitoringini avtomatlashtirish” loyihasini amalga oshirmoqda. Uning doirasida atmosfera havosining ifloslanishini nazorat qiluvchi sakkizta avtomat stansiya xarid qilingan.
Yangiliklar lentasi
0