Amudaryoda kanal qurilishi: Markaziy Osiyo uchun muammolar va xavflar
© AP Photo / Massoud HossainiAmudarya
© AP Photo / Massoud Hossaini
Obuna bo‘lish
Rossiyalik mutaxassislar fikriga ko‘ra, Qo‘shtepa kanali "Tolibon"* uchun O‘zbekiston va Turkmanistonga bosim o‘tkazish dastagiga aylanadi.
TOShKENT, 7 noya – Sputnik. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yil oxirigacha Afg‘onistonda qurilayotgan Qo‘shtepa meliorativ kanali bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun O‘zbekiston delegatsiyasi Kobulga jo‘natiladi. Mutaxassislarning fikricha, uning ishga tushirilishi O‘zbekiston va Turkmanistondagi Amudaryodan suv iste’molini keskin kamaytirishga olib kelishi mumkin.
Qo‘shtepa kanalning ishga tushishi qo‘shni mamlakatlar uchun qanday oqibatlarga olib kelishi haqidaga savolllar bilan Sputnik mutaxassislarga murojaat qildi.
Muammo tarixi
Amudaryo Markaziy Osiyodagi barcha suv resurslarining qariyb yarmini, ya’ni yiliga 60 kub kilometrni tashkil qiladi, dedi Rossiya Federatsiyasining sobiq ekologiya vaziri, Rossiya Fanlar akademiyasi Suv muammolari instituti Ilmiy kengashi raisi Viktor Danilov-Danilyan Sputnik muxbiri bilan suhbatda.
Amudaryodan suv oluvchi Qo‘shtepa kanali qurilishi haqida 2022-yil mart oyida ma’lum bo‘lgan edi. "Tolibon"* rejasiga ko‘ra, uning uzunligi 285 km, kengligi 100 metr, chuqurligi deyarli 8,5 metrni tashkil qiladi. Loyiha qiymati 684 million dollarni tashkil etadi.
© SputnikAfg‘onistondagi Qo‘shtepa kanali
Afg‘onistondagi Qo‘shtepa kanali
© Sputnik
Yangi kanal qurilish tugallanganidan so‘ng Afg‘oniston Amudaryo suvining kamida uchdan bir qismini olishi kutilmoqda.
Loyiha besh yilga mo‘ljallangan, ammo ish muddatidan oldin ketmoqda va kanalning uchdan bir qismi allaqachon qurilgan, uni kosmosdan ko‘rish mumkin.
Markaziy Osiyo davlatlaridan farqli o‘laroq, Afg‘oniston, hech qanday kelishuvlar bilan cheklanmagan va qo‘shni davlatlar fikriga qaramasdan suv olishi mumkin.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bu muammoni bir necha bor ta’kidlagan. U Afg‘oniston vakillarini suv resurslarini bo‘lishish bo‘yicha mintaqaviy muloqotga taklif qilishni taklif qildi.
Oktabr oyi oxirida Kobuldagi muzokaralarda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ishtirok etdi. Biroq yig‘ilishda suv resurslarini bo‘lishish masalalari muhokama qilingani yoki yo‘qligi haqida rasmiy bayonot berilmadi. OAV xabariga ko‘ra, yil oxirigacha qurilayotgan kanal bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun yana bir O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistonga jo‘natiladi.
Ular o‘z haqqini olayaptimi?
"Tolibon"* Afg‘onistondagi iqtisodiy vaziyatni yaxshilash uchun yangi kanal qurmoqda, ular shimolda qishloq xo‘jaligini rivojlantirmoqchi, deb tushuntirdi Sputnik muxbiri bilan suhbatda Zamonaviy Afg‘onistonni o‘rganish markazi direktori Umar Nessar.
"Amudaryo suvlarining 30 foizi Afg‘oniston tog‘larida hosil bo‘ladi. Shuning uchun, albatta, Afg‘oniston bu darodan suv resurslarining ma’lum qismini olishga haqqi bor", - dedi u.
Afg‘oniston Amudaryo suv resurslaridan foydalanmagan davrda O‘zbekiston va Turkmaniston qishloq xo‘jaligi ushbu darodan ko‘p miqdorda suv olishga o‘rganib qolgan edi, deydi ekspert.
"Shunga ko‘ra, Afg‘oniston o‘ziga tegishli ulushni olsa ham, ekspertlarning fikricha, bu mamlakatlar uchun yomon oqibatlarga olib keladi", - deb o‘z fikri bilan bo‘lishdi Umar Nessar.
Qurilish ishonchliligi shubha ostida
Bugungi kunda ushbu "asr qurilishi"ning texnologik, infratuzilmaviy, resurslar taqsimlanishi borasidagi oqibatlari haqida faqat taxmin qilish mumkin, chunki u yerda olib borilayotgan qurilish qanchalik ishonchli ekanini hech kim bilmaydi, dedi Zamonaviy Afg‘onistonni o‘rganish markazi eksperti Andrey Serenko Sputnik muxbiriga.
“Bu "Tolibon"* tomonidan amalga oshirilayotgan birinchi yirik qurilish. Ular qanday mutaxassislar yordamidan foydalanganini, ishlar qanday malakali texnik xodimlar tomonidan bajaraliyotganini hech kim bilmaydi”, - dedi u.
Mutaxassis fikriga ko‘ra, hatto Afg‘onistonning o‘zida ham ushbu kanalning ishonchliligi borasida jiddiy xavotirlar bor.
"Ushbu obyektda texnogen ofatlar va baxtsiz hodisalar xavfi katta", - deb ta’kidladi mutaxassis.
Siyosiy bosim dastagi
"Tolibon"* qurilayotgan kanal mintaqada ma’lum qiyinchiliklar tug‘diradi va bu esa Kobulga foyda keltiradi. Xususan, qo‘shni O‘zbekiston va Turkmaniston bilan ko‘plab siyosiy masalalarni hal qilish imkonini beradi, deb hisoblaydi Plexanov nomidagi Rossiya Iqtisodiyot universiteti Siyosiy-tahlil va ijtimoiy-ruhiy jarayonlar fakulteti boshlig‘i, Afg‘onistondagi jangovar harakatlar faxriysi Andrey Koshkin.
"Ushbu loyihada Afg‘oniston o‘zi uchun jiddiy geoiqtisodiy va siyosiy imkoniyatlarni ko‘rmoqda, chunki suv taqsimlash masalalarida ular bilan savdolashish boshlanadi. "Tolibon"* O‘zbekiston va Turkmaniston har qanday masalada murosali bo‘lishini kutmoqda", - deya tushuntirdi ekspert.
Bugungi kunda Toshkent Kobul bilan suv resurslarini birgalikda boshqarish bo‘yicha kelishuvga erishmoqchi, deb hisoblaydi Andrey Serenko.
“Shu bilan birga, bu “asr qurilishi” "Tolibon"* bilan har qanday masalada qay darajada kelishib olish mumkinligini tushunishga yordam beradi”, — deb hisoblaydi ekspert.
Umar Nessarning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosarining yaqinda Kobulga qilgan safari chog‘ida Qo‘shtepa kanali qurilishi mavzusi asosiy bo‘lgan.
“O‘zbekiston hukumati Afg‘onistonga tashrif buyurar ekan, "Tolibon"*ning niyat va imkoniyatlari qanday ekanini aniqlashni ham o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. O‘ziga xos razvedka”, — deya qo‘shimcha qildi Andrey Koshkin.
Pul qayerdan?
"Tolibon"ga* ko‘ra, loyiha milliy budjet hisobidan moliyalashtiriladi.
"Albatta, ularning o‘z pullari bor. Kambag‘al Afg‘oniston, kambag‘al "Tolibon"* degani emas. Ularda pul bor, shuning uchun kerakli miqdorni yig‘ishga muvaffaq bo‘lishgan", - deydi Andrey Serenko.
Biroq, qator ekspertlarning fikricha, "Tolibon"* qo‘lidagi resurslar hali ham yetarli emas va tashqi sarmoyaga ehtiyoj bor.
"Bu yerda bir nechta ehtimoliy homiylar nomlari keltirilgan - Qatar, AQSh va Xitoy. Balki uchalasi ham turli xil ulush va formatlarda ishtirok etayotgandir", - deydi ekspert.
Radikallar uchun suvmi?
Qo‘shtepa kanali qurilishi Afg‘oniston shimolidagi etnik muvozanatni o‘zgartirishga qaratilgan Tolibon* rejasining bir qismi bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi Andrey Serenko.
“Tolibon"* mamlakat shimolida azaldan yashovchi xalqlarini pushtunlar bilan, jumladan, Pokistondan chiqarib yuborilgan afg‘on qochqinlari hisobiga to‘ldirishga harakat qilmoqda”, — deydi mutaxassis.
Shu tariqa, sug‘oriladigan yerlarda turli radikal qarashlarga ega bo‘lgan ko‘chmanchilar ham paydo bo‘lib qolishi mumkin.
"Etnik muvozanat o‘zgargandan keyin xavfsizlik sohasidagi muvozanat ham o‘zgaradi. Bu Afg‘oniston bilan chegaradosh Markaziy Osiyo respublikalari uchun yaxshi bo‘lmaydi", — deb hisoblaydi mutaxassis.
Andrey Serenkoning aytishiga ko‘ra, Afg‘oniston hududidagi radikal qarashlarga ega bo‘lgan diniy ekstremistlar jang qilishni davom ettirish niyatlarini yashirmayaptilar. Ularning maqsadi jihodni cheksiz va chegarasiz davom ettirish.
"Afg‘oniston hududida jihod tugaganga o‘xshaydi, endi uni boshqa joyda davom ettirish kerak", - deya ogohlantirdi ekspert.
*Tolibon — terrorchilik faoliyati uchun BMT sanksiyalari ostidagi tashkilot