“Yil talabasi” tanlovi e’lon qilindi — ishtirok etish shartlari va mukofot

© Unsplash / John SchnobrichKompyuter qarshisidagi talabalar
Kompyuter qarshisidagi talabalar - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 09.11.2023
Obuna bo‘lish
Tanlovda 2-, 3-, 4-bosqich talabalari ishtirok etishi mumkin.
TOShKENT, 9 noya — Sputnik. Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi “Yil talabasi” tanlovini e’lon qildi. Bu haqida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Tanlovda oliy ta’lim muassasasida uzluksiz (akademik ta’tilsiz) kunduzgi ta’lim shaklida o‘qib kelayotgan 2, 3, 4-bosqich talabalari ishtirok etishi mumkin. Mazkur tanlovda oldingi yillarda ishtirok etib 1, 2 va 3-o‘rinni egallagan talabalarning qayta ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tanlovda quyidagi 7 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi:
Yilning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha eng bilimdon talabasi;
Yilning eng faol targ‘ibotchi talabasi;
Yilning eng faol ixtirochi-innovator talabasi;
Yilning eng faol sportchi talabasi;
Yilning eng faol iqtidorli talabasi (rangtasvir, grafika, dizayn, amaliy san’at, haykaltaroshlik bo‘yicha);
Yilning eng faol ijodkor talabasi;
Yilning eng faol tadbirkor talabasi (xotin-qizlar uchun).
Tanlov nominatsiyalari bo‘yicha birinchi OTM bosqichida yuqori o‘rinlarni egallagan g‘oliblar oliy ta’lim muassasasining faxriy yorlig‘i va tegishli ravishda bazaviy hisoblash miqdorining 8, 6 va 4 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Respublika bosqichi esa noyabr oyida tashkil etiladi. Ushbu bosqich g‘oliblari vazirlik diplomi, maxsus statuetka hamda bazaviy hisoblash miqdorining 1-o‘rin 15 baravari, 2-o‘rin 10 baravari va 3-o‘rin 8 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Hujjatlar oliy ta’lim muassasalarining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mas’ullari tomonidan qabul qilinadi. Ishtirok etish uchun o‘z oliygoh mas’ullariga murojaat qilish kerak.
Yangiliklar lentasi
0