Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida qanday takliflarni ilgari surdi?
15:18 03.11.2023 (yangilandi: 15:43 03.11.2023)
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaVistuplenie Shavkata Mirziyoyeva na zasedanii Soveta glav gosudarstv Organizatsii turkskix gosudarstv.
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqida bugungi shiddat bilan o‘zgarib borayotgan zamonda tili, dini va yuraklari bir-biriga chambarchas bog‘langan turkiy xalqlarning ovozi dunyo bo‘ylab yanada baland, yanada kuchliroq yangrayotganini ta’kidladi.
TOShKENT, 3 noya — Sputnik. Amaliy tashrif bilan Ostona shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida o‘tgan tadbirda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamadov, shuningdek, TDT bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev ham qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, TDT doirasidagi ko‘p qirrali munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqida bugungi shiddat bilan o‘zgarib borayotgan zamonda tili, dini va yuraklari bir-biriga chambarchas bog‘langan turkiy xalqlarning ovozi dunyo bo‘ylab yanada baland, yanada kuchliroq yangrayotganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, davlat rahbari global xavfsizlikni ta’minlashda yangi muammolar yuzaga kelayotgani, xalqaro huquq meyorlaridan chekinish holatlari ko‘payib borayotganini ko‘rsatib o‘tdi.
O‘zbekistonning TDT mamlakatlari bilan hamkorligi xususida so‘z yuritar ekan, davlat rahbari O‘zbekiston Tashkilotning barcha a’zolari bilan strategik sheriklik aloqalarini o‘rnatganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi ko‘p tomonlama va uzoq muddatli aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekiston prezidenti qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va yirik qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish maqsadida Turkiy taraqqiyot bankini tashkil etish ishlarini faollashtirish muhimligi qayd etilib, ushbu moliya muassasasini Toshkent shahrida joylashtirish taklifi bildirildi.
Turkiy davlatlar savdo hamkorligi tadqiqot markazini tashkil etish bo‘yicha boshlangan amaliy ishlarni to‘liq ma’qullab, O‘zbekiston prezidenti markaz imkoniyatlaridan savdo to‘siqlarini bartaraf etish, eksport-import hajmini ko‘paytirish bo‘yicha yangi mexanizmlarni keng joriy qilish, elektron savdo platformalarini rivojlantirishda unumli foydalanish zarurligiga e’tibor qaratdi.
Global logistika zanjirlari va transport yo‘laklarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, yagona tranzit tarmog‘ini shakllantirish masalalari dolzarb ekani ta’kidlandi. Shu ma’noda, davlat rahbari O‘rta koridor salohiyatini kengaytirish, qo‘shimcha ko‘p tarmoqli yo‘nalishlarni, jumladan, Xitoy, Janubiy Osiyo va Yevropa bozorlariga mamlakatlar orqali o‘tadigan yo‘laklarni rivojlantirish hamda transport xizmatlarini raqamlashtirish chora-tadbirlarini qo‘llab-quvvatladi.
Tashkilotning Temir yo‘l idoralari kengashini ta’sis etish va bu tuzilmaning direksiyasini O‘zbekistonda joylashtirish taklif etildi.
Ekologiya sohasida hamkorlikni mustahkamlash maqsadida vazirlar darajasida doimiy faoliyat ko‘rsatadigan Turkiy ekologiya forumini tuzish tashabbusi ilgari surildi.
O‘zbekiston yetakchisi ijodiy fikrlaydigan, iste’dodli va shijoatli yoshlar istiqbolda turkiy dunyoning yangi Renessansini barpo etishiga ishonch bildirdi. Yangilikka intilib yashaydigan, tashabbuskor o‘g‘il-qizlarni rag‘batlantirish uchun O‘zbekistonda Turkiy dunyo kreativ yoshlari markazini ochish taklif qilindi.
Jadidlarning ilmiy-ijodiy merosini chuqur o‘rganish muhimligini qayd etib, O‘zbekiston prezidenti TDT mamlakatlari vakillarini joriy yilning dekabr oyida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzusidagi xalqaro anjumanda faol ishtirok etishga taklif etdi.
O‘zbekiston rahbari ishtirokchilar e’tiborini Afg‘oniston xalqiga qaratdi. Mirziyoyev afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishni susaytirmaslik, bu yurtdagi o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan aniq mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqirdi.
Majlisda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Vengriya, Turkmaniston delegatsiyalari rahbarlari, tashkilot bosh kotibi ham so‘zga chiqdi.
Sammit yakunida TDT doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qator bitim va qarorlar qabul qilindi. Tashkilotga raislik Qozog‘istonga o‘tdi.