O‘zbekiston Belarus bilan onalar va bolalar salomatligi bo‘yicha hamkorlik qiladi

© Ministerstvo zdravooxraneniyaSog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Belarus delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi
Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Belarus delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 02.11.2023
Obuna bo‘lish
Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Belarus delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
TOShKENT, 2 noya — Sputnik. O‘zbekiston Belarus bilan onalar va bolalar salomatligi bo‘yicha keng qamrovli hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Kecha, 1-noyabr kuni, Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Belarus delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda ushbu mamlakatning O‘zbekistondagi elchisi Leonid Marinich, Belarus Respublikasi Milliy Kengashi Vakillar palatasining xorijdagi belaruslar ishlari bo‘yicha Parlament guruhi rahbari Valentina Rajanes, mazkur palataning Sport, sog‘liqni saqlash, madaniyat, oila va yoshlar masalalari bo‘yicha Parlament komissiyasi raisi, professor Lyudmila Makarina-Kibak ishtirok etdi.
Muloqot avvalida mehmonlarga keyingi yillarda prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ma’lumot berildi.
O‘z navbatida, Belarus delegatsiyasi vakillari o‘z mamlakatida ona va bola salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha erishilgan yutuqlar xususida so‘zlab berdi.
Uchrashuvda Qashqadaryoda barpo etilgan Ona va bola salomatligi tibbiyot markazi faoliyatiga Belarus boshqaruv tizimini joriy etish masalasi ko‘rib chiqildi. Buning uchun Belarus Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy markazining mutaxassislarini jalb qilishga kelishib olindi.
Shuningdek, mehmonlar bu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish, shu jumladan O‘zbekiston sog‘liqni saqlash kodeksini ishlab chiqishda yaqindan yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, birlamchi bo‘g‘inda mehnat qilayotgan akusherlarni Belarus ta’lim standartlari asosida o‘qitish masalasi muhokama qilindi. Bu borada erishilgan kelishuvga ko‘ra, dastlabki bosqichda Qashqadaryo viloyatida birlamchi ambulator tizimda faoliyat yuritayotgan 900 nafar doya xalqaro protokollar asosida milliy maqsadlar va demografik vaziyatni hisobga olgan holda o‘qitiladi.
Yakuniy imtihon chet ellik ekspertlar tomonidan qabul qilinib, undan muvaffaqqiyatli o‘tganlar xalqaro sertifikatga ega bo‘ladi.
Muloqot davomida shu yil 13-24 noyabr kunlari O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Belarus tibbiyoti kunlariga tayyorgarlik ko‘rish masalasi ham muhokama qilindi.
Mazkur aksiya doirasida Belarusdan O‘zbekistonga bolalar onkogematologiyasi, kardiologiya, onkologiya, neonatologiya kabi yo‘nalishlar bo‘yicha yetakchi mutaxassislar, olimlar tashrif buyurishi rejalashtirilgan. Ular ishtirokida hududlarda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari, mahorat darslari, konsilium va seminarlar tashkil etiladi.
Noyabr oyi yakunida esa Minsk shahrida O‘zbekiston – Belarus tibbiyot forumi o‘tkaziladi. Tadbir yakunida o‘zaro manfaatli qator memorandum va kelishuvlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.
Yangiliklar lentasi
0