Birinchi noyabrdan nimalar o‘zgaradi

© Foto : Gena96Kalendar
Kalendar  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 31.10.2023
Obuna bo‘lish
Noyabr oyidan og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan shaxslar, turistik tashkilotlar va hokimlik vakillari uchun bir qator o‘zgarishlar kuchga kiradi.
TOShKENT, 31 okt — Sputnik. O‘zbekistonda 1-noyabrdan bir qator o‘zgarish va yangiliklar kuchga kiradi.

O‘zbekistonda avtomobilga raqam sotib olish narxi qimmatlashadi

Ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berishda undiriladigan to‘lovlar stavkalariga o‘zgartirish kiritildi. Hujjat bilan davlat raqami belgilari va qat’iy hisobdagi blankalarni berishda, avtomototransport vositalari, ularning tirkamalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish, majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish, shuningdek imtihonlarni olishda undiriladigan to‘lovlar stavkalariga o‘zgardi.
2023 yil 1-noyabrdan to‘lov stavkalari quyidagi miqdorda belgilandi:
Avtotransport vositalariga ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari (RO‘DRB) uchun – BHMning 3,5 baravari (1 155 000so‘m) miqdorida;
Mototransport vositalari, motorollerlar va tirkamalarga RO‘DRB uchun – BHMning 1,75 baravari (577 500 so‘m) miqdorida;
Tranzit RO‘DRB uchun – BHMning 25 foizi (82 500 so‘m) miqdorida;
Yaroqsiz holga kelgan, buzilgan yoki shikastlangan bir juft RO‘DRB o‘rniga yangi RO‘DRB berish uchun – BHMning 3,5 baravari (1 155 000 so‘m) miqdorida;
Yaroqsiz holga kelgan, buzilgan yoki shikastlangan bir dona RO‘DRB o‘rniga yangi RO‘DRB berish uchun – BHMning 1,75 baravari (577 500 so‘m) miqdorida.
Shuningdek:
yo‘qotilgan bir dona yoki bir juft RO‘DRB o‘rniga yangi bir juft RO‘DRB berish uchun BHMning 3,5 baravari (1 mln 155 ming so‘m) miqdorida undiriladi;
yo‘qotilgan bir dona RO‘DRB (mototransport vositalari, motorollerlar va tirkamalar (yarim tirkamalar) uchun) o‘rniga yangi bir dona RO‘DRB berish uchun BHMning 1,75 baravari (577,5 ming so‘m) miqdorida undiriladi;
RO‘DRBni 12 oy muddatdan so‘ng yana bir yil muddatga saqlaganlik uchun BHMning 1 baravari (330 ming so‘m) miqdorida undiriladi.

“Oxirgi milya” tamoyili asosida hamkorlik dasturi amalga oshiriladi

Prezidentning PQ-308 sonli qaroriga ko‘ra, "Raqamli O‘zbekiston — 2030" strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtirish komissiyasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining "Elektron hukumat tadqiqoti" hisobotida O‘zbekistonning reytingini yaxshilash yo‘nalishidagi ishlarni tashkil etadi va muvofiqlashtiradi.
Hujjatga ko‘ra, “Oxirgi milya” tamoyili asosida tadbirkorlar bilan hamkorlikda aholi xonadonlariga keng polosali internet tarmoqlarini olib borishga qaratilgan hamkorlik dasturi amalga oshiriladi.

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasi

Prezidentning PQ-300 snonli qaroriga ko‘ra, "O‘zbekiston — 2030" strategiyasining har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratiladi.
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasining suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishi doirasida:
ijobiy ekologik ekspertiza xulosasini olmagan obyektlarga nisbatan moliyalashtirish, kreditlash va boshqa moliya operatsiyalarini to‘xtatib turish mexanizmi joriy etiladi;
ekologik huquqbuzarlik sodir etganlarga nisbatan zararni qoplash bilan bir qatorda, zarar yetkazilgan tabiat obyektini tiklash va uning muayan muddat davomida muhofaza qilinishini ta’minlash majburiyati yuklanadi.

Og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan shaxslar uchun psixologik yordam ko‘rsatiladi

Vazirlar Mahkamasining 539-sonli qaroriga ko‘ra, "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari va ijtimoiy xodimlar ko‘rsatadigan ijtimoiy xizmatlar va yordamlarning yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Hujjatga ko‘ra, 1-noyabrdan ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ijtimoiy xizmatlar va yordamlar eksperiment tariqasida yo‘lga qo‘yiladigan tuman (shahar)larda “Inson” ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazlarida og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan shaxslar uchun psixologik yordam ko‘rsatish tizimi joriy etiladi.

Turistik tashkilotlar ayrim davlat bojidan ozod etiladi

Vazirlar Mahkamasining 345-sonli qaroriga ko‘ra, "Umra" tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarni ko‘rsatuvchi turistik faoliyatni amalga oshirish litsenziyasi mavjud tashkilotlarga nisbatan quyidagi qo‘shimcha litsenziya talab va shartlari qo‘llaniladi.
kamida 100 ming dollar ekvivalentidagi mablag‘larni Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxiraga qo‘yish;
ziyoratchilarning guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassislarini tayinlash;
turoperator shtatida diniy (islomiy) mutaxassisning bo‘lishi;
xizmatlarni voyaga yetmagan fuqarolarga ko‘rsatmaslik;
xizmatlarini Saudiya Arabistoni Podshohligidagi hamkor tashkilot orqali amalga oshirish.
Bunda ulardan litsenziyani qayta rasmiylashtirishda arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lanadigan yig‘im va litsenziya uchun davlat boji undirilmaydi.

Shaharsozlik sohasida o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi

Prezidentning PQ-299 sonli qaroriga ko‘ra, mahalliy hokimliklar va hududiy tashkilotlar rahbarlarining shaharsozlik sohasidagi bilimlarini oshirishga qaratilgan o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi.
Mashg‘ulotlar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Kompetensiyani rivojlantirish instituti, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti va Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida tashkil etiladi.

Yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshiriladi

Vazirlar Mahkamasining 332-sonli qarori bilan, yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirish va yong‘in xavfsizligi sohasida davlat nazorati takomillashtiriladi.
Unga ko‘ra, davlat yong‘in nazorati organlarining ijobiy xulosasini olmasdan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini auksionga chiqarish, qurilish obyektlari loyiha-smeta hujjatlarini kelishish hamda qurilish-montaj ishlari tugallangan obyektlardan foydalanish uchun ruxsatnoma berish taqiqlanadi.
Bunda:
davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan xulosa berish muddati yetti kun etib belgilanadi;
davlat yong‘in nazorati organlariga loyiha-smeta hujjatlarini kelishish uchun mazkur hujjatlarning barcha qismlari taqdim etiladi;
Shuningdek, davlat yong‘in nazorati organlari qurilish obyektlarida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish jarayonida shaharsozlik normalari va qoidalarining yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishini nazorat qiladi. Aholi gavjum bo‘ladigan obyektlarda qonunchilikka muvofiq yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan majburiy tartibda idoraviy yong‘in nazorati o‘rnatiladi.
Yangiliklar lentasi
0