Dunyo politsiyachisi aqldan ozdi va bunga Putin aybdor
© AFP 2023 / JOSEPH PREZIOSOAksiya “Ya podderjivayu Izrail” v Statler-parke v Bostone, shtat Massachusets, 18-oktabrya 2023 goda.
© AFP 2023 / JOSEPH PREZIOSO
Obuna bo‘lish
AQShning BMT vakillariga yashirin bosim o‘tkazish uslublari Falastin-Isroil mojarosida ishlamay qoldi. 120 ta davlat mojaroni to‘xtatishni yoqlab ovoz berdi, 45 ta davlat ovoz berishda ishtirok etmadi va atigi 14ta davlat Amerika taklifini ma’qulladi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasining Isroil va Falastinda zudlik bilan sulh tuzishga chaqiruvchi rezolyutsiyasi bo‘yicha juma kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berish hamma uzoq vaqtdan buyon gumon qilgan narsani ochib berdi. Vashingtonning kun mavzularidagi fikri hech kimni qiziqtirmaydi. Qo‘shma Shtatlar BMTda deyarli butunlay yakkalanib qolgan.
Arab davlatlari taqdim etgan rezolyutsiyaning mohiyati mutlaqo oddiy. Bu mojarodagi barcha tomonlardan o‘t ochishni to‘xtatish, sulh tuzish, tinch aholini garovga olish va bir muddat begunoh ayollar, qariyalar va bolalarni o‘ldirmaslikni talab qiladi. Bu aniq, insonparvar g‘oya bo‘lib, uni dunyo mamlakatlarining mutlaq ko‘pchiligi ma’qullagan.
Rezolyutsiyaga 14 (so‘z bilan aytganda: o‘n to‘rtta) davlat qarshi chiqdi. Ro‘yxatni AQSh va Isroil boshqaradi, bunga kim ham shubha qilardi? Keyingi o‘rinlarda esa, Avstriya-Vengriya imperiyasining xarobalari - Avstriya, Vengriya, Chexiya va Xorvatiya. Nihoyat, bizning aziz Paragvay, Gvatemala, Fiji, Tonga, Marshall orollari, Mikroneziya va Nauru bor. Hech kimni unutdingizmi? Kechirasiz, Papua-Yangi Gvineya ham bor.
Bular, aslida, Vashington o‘z tashqi siyosatida tayanishi mumkin bo‘lgan ittifoqchilardir. Ularning ta’siri va harbiy qudratiga kinoya qilmaylik. Shuni ta’kidlash kerakki, bizning zamonamizning barcha etakchi kuchlari, Yer aholisining mutlaq ko‘pchiligi BMTda Falastin va Isroil yerlarida qon to‘kilishini to‘xtatish tarafdori bo‘lgan.
Aslida, BMTda ovoz berish tarixi juda qiziq mavzu. 2008-yilda nemis olimlari amerikaliklar o‘ttiz yil davomida BMTga a’zo bir yuz qirq uch davlatning ovozlarini qanday qilib tom ma’noda sotib olgani haqidagi tadqiqotni nashr etishgan edi. Buning uchun davlat budjetiga pul qo‘shishdan boshlab, shaxsiy grantlar va hatto shantaj va shaxsiy sanksiyalargacha qo‘llanilgan.
So‘nggi bir yarim yil davomida AQSh vakillari Rossiyaga qarshi rezolyutsiyalar bo‘yicha "to‘g‘ri" ovoz jamlashga intilib, BMT sahnali ortida juda faol harakat qilishdi. Biroq, har safar ular buni tobora yomonroq uddalashar edi. Falastin-Isroil masalasida hammasi tamoman ishdan chiqdi.
Fransiya, Belgiya, Ispaniya, Portugaliya va Irlandiya arab davlatlarining o‘t ochishni to‘xtatish rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatladi. Britaniya va Germaniya ovoz berishda betaraf qoldi. Vashingtonning eng yaqin va ishonchli ittifoqchilari Kanada, Avstraliya va Yaponiya ham — betaraf. Hatto Qo‘shma Shtatlarning tom ma’nodagi arzandasi, AQShdan qurollar, maoshlar, pensiyalar hamda Zelenskiy uchun villalar va uning rafiqasiga brilliantlar uchun mablag‘ oluvchi Ukraina ham — amerikalik egalari xohlagan tarzda ovoz bermadi.
Kutilganidek, barcha Lotin Amerika davlatlari, kichkina Dominikan Respublikasidan tortib Argentina va Braziliyagacha — Amerikasi Amerika Qo‘shma Shtatlariga qarshi ovoz berishdi.
Xo‘sh, nima sababdan "kemada bunday qo‘zg‘olon" ko‘tarildi? Birinchidan, zamonaviy mojarolar ajoyib va yaqqol dalillarga ega. Ular minglab kameralarda suratga olinadi va real vaqtda efirga uzatiladi. Dunyoning istalgan burchagidagi tomoshabinlar nima bo‘layotganini jonli va barcha tafsilotlari bilan kuzatishi mumkin.
Bugun Isroil va Falastinda sodir bo‘layotgan voqealar shu qadar dahshatliki, dunyo tomoshabinlari bu qonxo‘rlikni to‘xtatishni qattiq talab qilmoqda. Aslini olganda, bugungi minglab mitinglarning butun mohiyati shundan iborat. Istanbul aeroportida yoki Parijdagi Respublika maydonida yig‘ilishlarda to‘plangan insoniyat siyosatchilarga qichqirmoqda: qon to‘kilishini to‘xtatish uchun hamma narsani qiling.
Arab davlatlari rezolyutsiyasiga qarshi ovoz berish — o‘z mamlakatida ko‘p odamlarni o‘zingizga qarshi qo‘yish va o‘zingizni urush qo‘zg‘atuvchisi sifatida tarixga yozib qo‘yishdir. Bu kimga kerak?
Bundan tashqari, Bosh Assambleyadagi ovoz berish hamma Vashington rejimining tashqi siyosatidan nihoyatda charchaganini ko‘rsatdi. Ular o‘nlab yillar davomida dunyodagi barcha qaynoq nuqtalarga benzin sepib chiqdi. Endi buni hech kim xohlamaydi.
Bugun dunyo mamlakatlari elitasi amerikaliklar bir kanistr benzin bilan ertaga ulayrning davlatiga yugurib kelishi mumkinligini yaxshi tushunishadi. Ko‘plab odam qurbon bo‘lishi, shaharlar yonishi va undan so‘ng mutlaq qashshoqlik kelishini ular yaxshi tushunadi. Bunday sharmandalikni uzoqroqda to‘xtatgan ma’qul. Tabiiyki, dunyodagi aksariyat davlatlar Vashingtonga o‘z o‘rnini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘ldi.
Qo‘shma Shtatlarda bu zarba juda og‘riqli qabul qilindi, lekin ular hali ham nima bo‘layotganini tushunishdan uzoqda. Toptalgan g‘ururning nolasi eshitilmoqda. Va bunda kim aybdorligini bilasizmi? To‘g‘ri: Putin.
"G‘azodagi urush Putinga u xohlagan narsasini beradi", deb noliydi The New York Times. "Rossiya mojarodan manfaatdor" emish. Xitoy ham ochko to‘playapti - oh, qanday sharmandalik. Va keyin Putin Xitoyga borib keldi - endi Rossiya va Xitoy rahbarlari "dunyo tartibini qayta tuzadi".
Sizlarda vijdon bormi? Qanaqa dunyo tartibi? Hozir men mana shu satrlarni yozayotganimda G‘azo sektorida yuzlab bolalar, ayollar va qariyalar nobud bo‘lmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda charchagan tibbiyot xodimining yerga yiqilib, yig‘layotgani aks etgan video tarqaldi. Uning nimalarni ko‘rganini tasavvur qilish qiyin emas. Agar Isroil armiyasi to‘liq miqyosdagi quruqlik operatsiyani boshlasa HAMAS unga javob berishi muqarrar. Va keyin Isroilda tinch aholi o‘lishni boshlaydi va shu tariqa mojaroa yanada kuchayadi.
Bir paytlar AQSh mintaqada nufuzli kuch edi. Hozir esa ular bu dahshatni to‘xtatish uchun bor kuchlarini sarflashlari kerak. Lekin Vashingtonni butunlay boshqa masala qiziqtiradi — mojaroni hal qilishga Rossiya va Xitoyning aralashuviga yo‘l qo‘ymaslik. Xudo ko‘rsatmasin, janob Blinken "yuzini yo‘qotadi".
Ayni paytda, Rossiya, Xitoy va boshqa global o‘yinchilar G‘azo va Isroilda begunoh odamlarni o‘ldirishni to‘xtatish uchun bor kuchini sarflamoqda. Vashington esa bor kuni bilan g‘ildiraklarga orasiga cho‘p tiqishga urinmoqda - ular Yaqin Sharqda qon to‘xtovsiz oqishini xohlaydi. Janob Blinken va janob Baydenga shunisi qulayroq.
AQShni BMTda yakkalab qo‘ygan shaxsan Putinmi? Yo‘q, bunga ularning "dunyoga o‘t ketsa ham men bir piyola choyimni ichib olay" qabilida olib borayotgan siyosati sababchi bo‘ldi. Ammo dunyo yonishni xohlamaydi, u bor kuchi bilan bunga qarshilik qilmoqda.
Amerikalik klassik Stiven Kingning aqldan ozgan politsiyachi haqida "Umidsizlik" nomli romani bor. Yaxshi yozuvchilar kelajakni ko‘radilar. Davlatlar uzoq vaqtdan beri o‘zlarini dunyo politsiyachisi deb ko‘rsatishgan, ammo bugun bu politsiyachi oqldan ozgani hammaga ayon. Kech bo‘lmasdan uni izolyatsiya qilish — jahon hamjamiyatining dolzarb vazifasidir.