Payg‘ambar yoshi, qora oltin, kumush tola: o‘zbek tilidagi tasviriy ifodalarni bilasizmi?

© Unsplash/Chris LawtonStopka knig.
Stopka knig. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 27.10.2023
Obuna bo‘lish
Tasviriy ifodalar hozirgi o‘zbek tilida ko‘plab yuzaga kela boshlagan. Masalan, zangori ekran – televizor, zangori olov – tabiiy gaz, kumush tola – pilla kabilar XX asr tafakkurining mahsuli.
Har bir tilda mutaxassislar tasviriy ifoda, parafraza deb ataydigan iboralar qatlami borki, ular yordamida fikrimiz obrazli va ta’sirchan ifodalanadi. Masalan, o‘zbek tilida oq oltin degan ibora bor va u bizga paxtani oltinga o‘xshatib tushuntirib beradi. Shu asnoda oq oltin tasviriy ifodasi paxtaning ikkinchi nomi bo‘lib qolgan.
Tildagi har bir tasviriy ifodaning yasalish vaqti bo‘ladi. Masalan, og‘ir va uzoq mehnat natijasi bo‘lgan paxtani oq oltin atash paxta yakkahokimligi davrlarida yaratilgan, chunki o‘sha davrlarda haqiqatan paxta oltinga tenglashtirilgan.
O‘zbek tilidagi dala malikasi tasviriy ifodasi undan ham avvalgi davrlarning mahsulidir. XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab O‘zbekistonda ham makkajo‘xori juda ko‘p ekila boshlagan. Bu qishloq xo‘jaligi mahsulotini malikaga o‘xshatish o‘sha davr matbuotining natijasidir. Hatto gazetalarda “Dala malikasiga keng yo‘l!”, “Dala malikasini ko‘paytiraylik” singari shiormonand gaplar bot-bot yozilgan.
Tasviriy ifodalarning yaratilishi tilning barcha davrlari uchun birday unumli emas. Masalan, odam ush-shuuaro (shoirlar Odam Atosi – Ro‘dakiy), amiri muqarrab (Alisher Navoiy), amir ul-umaro (Muhammad Solih), Ka’bayi maqsud (Xoja Ahror Valiy) kabi parafrazalarning yaratilish vaqti eski o‘zbek tili davriga to‘g‘ri keladi. Biroq eski o‘zbek tili davrida tasviriy ifodalalr bugungidek ko‘p bo‘lmagan. Tasviriy ifodalar asosan ommaviy axborot vositalari tilining ajralmas qismidir.
Tasviriy ifodalar hozirgi o‘zbek tilida ko‘plab yuzaga kela boshlagan. Masalan, zangori ekran – televizor, zangori olov – tabiiy gaz, kumush tola – pilla kabilar XX asr tafakkurining mahsuli. Hayotimiz qomusi – konstitutsiya tasviriy ifodasi esa mustaqillik davrida paydo bo‘lgan.
Ba’zi tasviriy ifodalar juda muvafaqqiyatli chiqadi va tilda tez ommalashadi, oddiy odamlarning ham tiliga tushadi hamda kundalik nutqning tarkibiy qismiga aylanadi. Ular orasida bir emas, ikki va undan ortiq narsalarni bildiradiganlari ham uchraydi.
Masalan:

aql gimnastikasi I

shaxmat

aql gimnastikasi II

matematika

qora oltin I

neft

qora oltin II

ko‘mir

samo lochini I

burgut

samo lochini II

uchuvchi

asr vabosi I

giyohvandlik

asr vabosi II

OITS

Ba’zan bitta narsani bir necha tasviriy ifoda bildiradi. Masalan, texnika asri ham, atom asri ham “XX asr” degan ma’noni anglatadi.
G‘azal mulkining sultoni, o‘zbek tilining asoschisi tasviriy ifodalari “Alisher Navoiy” shaxsini bildiradi.
Hozirgi kunda ham tasviriy ifodalalr hosil qilinmoqda. Masalan, "internet"ni bildiradigan virtual olam tasviriy ifodasi, “futbolchi qizlar”ni ifodalaydigan yashil maydon malikalari tasviriy ifodalari istiqlol yillarida yasalgan.
XX asrning ikkinchi yarmidan keyin yaratilgan bahor elchisi (qaldirg‘och), bahor darakchisi (boychechak), baraka urug‘i (chigit), kumush choyshab (qor), ma’rifat maskani (kutubxona), ilm o‘chog‘i (maktab, kutubxona), bilim manbai (kitob) singari tasviriy ifodalar hozirgi kunda ham faol ishlatilmoqda. Bunga shu tasviriy ifodalar anglatadigan voqelikning eskirmasligi sabab bo‘lgan.
Shunday tasviriy ifodalar borki, ular vaqt o‘tishi bilan qo‘llanishdan to‘xtaydi va tilning unumsiz fondiga o‘tadi. Vaqti kelib butunlay unutiladi, chunki ular ifodalaydigan tushunchalarning o‘zi eskiradi, til egalari hayotida o‘sha tushunchaga ehtiyoj qolmaydi. Masalan, dala malikasi tasviriy ifodasi makkajo‘xori o‘simligining O‘zbekistonda ko‘p ekilgan vaqtlar matbuoti tilida faol qo‘llangan. Ammo hozirgi kunda bu tasviriy ifodani ko‘p ishlatiladi, deb bo‘lmaydi. Shuningdek, po‘lat etak (paxta terim mashinasining bunkeri), po‘lat ot (traktor) kabi tasviriy ifodalarning ham qo‘llanish doirasi bugungi kunda g‘oyat chegaralangan. Bu holat tasviriy ifodalarning tilda yashash tarzi xalqning yashash tarzi bilan jips bog‘liqligini ko‘rsatadi.
Tasviriy ifodalarni bilish o‘quvchilar yoshlar uchun ham, kattalar uchun ham birday foydali. Nutqda ulardan to‘g‘ri, o‘rinli va jo‘yali foydalanish orqali fikr ta’sirchan ifodalanadi. Ayniqsa, ommaviy axborot vositalari xodimlariga juda zarur bo‘lgani uchun quyida mashhur tasviriy ifodalar lug‘atini havola etamiz.
adab peshvosi – Mahmud az-Zamaxshariy
amir ul-umaro – vazirlar
aqlli mashina – kompyuter
arablar va g‘ayriarablar ustozi – Mahmud az-Zamaxshariy
asr vabosi – giyohvandlik
asr vabosi – OITS
atom asri – XX asr
bahor darakchisi – boychechak
bahor elchisi – qaldirg‘och
baland cho‘qqilar xo‘jayini – burgut
baraka urug‘i – chigit
baxtimiz qomusi – konstitutsiya
baxt va shodlik kuychisi – Hamid Olimjon
baxt qushi ­– humo
bilim bulog‘i – kitob
bilim manbai – kitob
bilim maskani – maktab
butun dunyo ustozi – Zamahshariy
buyuk texnik kashfiyotlar asri – XX asr
dala malikasi – makkajo‘xori
davlat ustunlari – hukumat rahbarlari
dehqonning qanoti – traktor
dengiz hokimi – kit
dunyo tomi – Pomir
ekinning qoni – suv
falakning gardishi – taqdir taqozosi
futbol qiroli – Pele
hayotimiz qomusi – Konstitutsiya
hayvonlar shohi – sher
ilm kaliti – kitob
ilm maskani I – maktab
ilm maskani II – kutubxona
ilm maskani III – institut, universitet
ilm o‘chog‘i – maktab
kishi ruhining injenerlari – yozuvchilar
kumush tola – pilla
kumush tola zahmatkashlari – pillakorlar
kumush choyshab – qor
kunchiqar yurt – Yaponiya
ko‘hna qit’a – Yevropa
ko‘kning fonusi – oy
ko‘zning oqu qorasi – farzand
lolalar yurti – Gollandiya
malik ul-kalom – Lutfiy
malik ush-shuaro – Muhammad Solih
mangu muzliklar diyori – Antraktida
mavjudotlar sultoni – inson
ma’rifat maskani – kutubxona
millionlar o‘yini – futbol
mo‘yqalam sohiblari – rassomlar
non shahri – Toshkent
odam ush-shuaro (shoirlar Odam Atosi) – Ro‘dakiy
oltin boshoq – bug‘doy
oq oltin – paxta
oq oltin ijodkorlari – paxtakorlar
oq oltin tog‘lari – paxta uyumlari
oq chashma – sut
oq chashma sohibalari – sut sog‘uvchilar
osmon ilmi – astronomiya
osmonning ko‘z yoshlari – yomg‘ir
osoyishtalik posponlari – militsiya xodimlari
ozodlik oroli – Kuba
piri turkistoniy – Ahmad Yassaviy
payg‘ambar yoshi – oltmish uch yosh
palaxmon toshi – qiz bola
po‘lat etak – bunker
po‘lat ot – traktor
po‘lat qush –samolyot
qadimshunoslik– arxeologiya
qalam ahli – shoir va yozuvchilar
qanotli do‘stlar – qushlar
qirollik klubi – "Real" jamoasi
qora qit’a – Afrika
qushlar shohi – burgut
raketka ustalari – tennischilar
sahro kemasi – tuya
samo lochini I – burgut
samo lochini II – uchuvchi
sehrli diyor – Amerika
sulton ul-orifin – Ahmad Yassaviy
til muhandislari – tilshunoslar
tilsiz yov – olov
tumanli Albion – Angliya
uyg‘onish fasli – bahor
vatan posbonlari – harbiylar
vatanimiz yuragi – Toshkent
virtual olam – internet
xarobalar sultoni – boyqush
yasharish fasli – bahor
yashil boylik – o‘rmon
yashil maydon raqqosi – Diyego Maradona
yashil vodiy – Farg‘ona
yaylov bahodirlari – cho‘ponlar
yerosti bo‘roni – zilzila
yetti xazinaning biri I – sigir
yetti xazinaning biri II – tovuq
yetti xazinaning biri III – tegirmon
yetti xazinaning biri IV – objuvoz
yetti xazinaning biri V – mevali daraxt
yetti xazinaning biri VI – ipak qurti
yetti xazinaning biri VII – asalari
zangori ekran – televizor
zangori kema – paxta terim mashinasi
zangori kema kapitani – paxta terim mashinasi haydovchisi
zangori olov – tabiiy gaz
o‘rmon malikasi – archa
o‘rmon sanitari – bo‘ri
o‘rmon shohi – sher
g‘azal mulkining sultoni – Alisher Navoiy
shakar dehqon – Ne’mat Aminov (yozuvchi)
Sharqning oltin darvozasi – Toshkent
Sharq Rimi – Samarqand
Sharq yulduzi – Toshkent
shayx ul-mashoyix – Ahmad Yassaviy
shayx ur-rais – Ibn Sino
charm qo‘lqop ustalari – bokschilar
charm to‘p ustalari – futbolchilar
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan galgi maqolamizda o‘zbek xalq paremalari qanday shakllangani haqida ma’lumot bergan edik.
O‘zbekning o‘z so‘zlari ruknimiz orqali har haftada o‘zbek tiliga oid juda qiziq ma’lumotlarni bilib olasiz va so‘z boyligingizni oshirasiz.
Yangiliklar lentasi
0