Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi yana qator medallar qo‘lga kiritdi

© NOKNurxon Kurbonova
Nurxon Kurbonova - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 27.10.2023
Obuna bo‘lish
Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi yana bir qator medallar qo‘lga kiritdi.
TOShKENT, 27 okt — Sputnik. Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tayotgan IV Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi yana bir qator medallar qo‘lga kiritdi.
Para-pauerlifting
Ayollar o‘rtasida -67 kg vazn toifasidagi bahslarda ishtirok etgan Qudratoy Toshpo‘latova 116 kg natija bilan kumush medalga ega chiqdi.
Para-pauerlifting bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Farhod Umrzoqov ham kumush medal sohibiga aylandi. Erkaklar o‘rtasida -97 kg vazn toifasida qatnashgan sportchi 228 kg natija bilan shohsupaning ikkinchi pog‘onasidan joy oldi.
Para-yengil atletika
Ushbu Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdori bo‘lgan Nurxon Qurbonova yana bir bor shohsupaga ko‘tarildi. Para-yengil atletikaning ayollar o‘rtasida F54 klassida nayza uloqtirish bahslarida ishtirok etgan sportchi 18.95 metr natija bilan Paraosiyo o‘yinlari rekordini yangiladi va oltin medalga sazovor bo‘ldi. U yadro uloqtirish dasturida kumush medal sohibiga aylangan edi.
Para-yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Asila Mirzayorova ham mazkur Paraosiyo o‘yinlarida ikkinchi medalini naqd qildi. Ayollar o‘rtasida T11 klassida 200 metrga yugurish bahslarida ishtirok etgan sportchi marraga uchinchi bo‘lib yetib keldi va bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Para-yengil atletika bahslarida yadro uloqtirish dasturida ishtirok etgan Elbek Sultonov kumush medal sohibiga aylandi.
O‘zbekiston delegatsiyasining navbatdagi oltin medaliga Omad Hasanov mualliflik qildi. Para-yengil atketikachi uzunlikka sakrash sektorida o‘z klassida eng yuqori natija qayd etib, musobaqa chempionligiga erishdi.
Yana bir o‘zbekistonlik sportchi Paraosiyo o‘yinlari rekordini yangilagan holda oltin medalga ega chiqdi. Para-yengil atletikachi Kubaro Hakimova F41 klassida yadro uloqtirish sektorida eng yuqori natija bilan O‘zbekiston delegatsiyasiga galdagi oltin medalni taqdim etdi.
Erkaklar o‘rtasida F37 klassida yadro uloqtirish bo‘yicha bellashuvlarda ishtirok etgan Qudratullaxon Ma’rufxo‘jayev oltin, Tolibjon Yo‘ldashev kumush medalga sazovor bo‘lishdi.
Yangiliklar lentasi
0