Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 % darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

© Baxodir MamadjanovSentralniy bank Respubliki Uzbekistan. Arxivnoe foto
Sentralniy bank Respubliki Uzbekistan. Arxivnoe foto - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 26.10.2023
Obuna bo‘lish
Markaziy bank: joriy yil yakunida inflyatsiya prognoz koridori doirasida shakllanishi kutilmoqda.
TOShKENT, 26 okt — Sputnik. Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi, deya xabar berdi bank matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlar va kutilmalar yilning birinchi yarim yilligidagi pasayishdan so‘ng, mahsulotlar taklifidagi o‘zgarishlar va inflyatsion talab omillari fonida biroz tezlashishi kuzatildi.
"Asosiy stavkaning joriy darajasi yil oxiriga qadar inflyatsiyaning prognoz ko‘rsatkichlari doirasida shakllanishi uchun zaruriy pul-kredit sharoitlarini ta’minlashga xizmat qiladi", — deyiladi xabarda.
Umumiy inflyatsiya yil boshidan pasayuvchi dinamikada shakllanib oxirgi chorakda 9,2 foizgacha tezlashdi. Inflyatsiya o‘sishining tarkibiy omillari qatorida oziq-ovqat narxlarining 11 foizgacha tezlashishi, meva-sabzavotlar va tartibga solinadigan narxlar o‘zgarishining umumiy inflyatsiyadagi hissasi ortishi bilan izohlandi.
Bazaviy inflyatsiya yil boshidan pasayib sentabrda 10,3 foizni tashkil qildi. Mazkur pasayish tendensiyasiga qaramay, umumiy inflyatsiya bilan sezilarli tafovuti saqlanib qolmoqda. Bu inflyatsiyaning barqaror komponentlari narxlarida yuqori o‘sish kuzatilayotganini ko‘rsatib, iqtisodiyotda nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarini ta’minlashni taqozo qilmoqda.
Aholi va tadbirkorlarning kelgusi 12 oylik inflyatsion kutilmalari avgust oyidagi o‘sishdan so‘ng mos ravishda 13,5 va 14,2 foizgacha pasaydi. Iqtisodiyotdagi kutilmalar qisqa muddatli shoklarga yuqori ta’sirchan bo‘lib qolmoqda.
Global inflyatsion jarayonlarning davomiyligi bo‘yicha noaniqliklar saqlanib qolmoqda. Asosiy savdo hamkorlardagi inflyatsiya darajasi va almashuv kurslarining joriy dinamikasidagi vaziyat so‘mning real samarali almashuv kursini mustahkamlanishiga bosimlarni kuchaytirmoqda.
"Iqtisodiyotning real sektorida ijobiy tendensiyalar kuzatilib, joriy yilning 9 oy yakuniga ko‘ra, YaIM o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,8 foizga o‘sdi. Iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlari fiskal rag‘batlantirish ta’sirida iste’mol xarajatlarining o‘sishi hamda markazlashmagan investitsiyalar hajmining sezilarli oshishi hisobiga ta’minlandi", — deyiladi xabarda.
Iqtisodiyotda yalpi talabning ijobiy o‘sish dinamikasi davom etmoqda, bu ko‘rsatilayotgan bozor xizmatlari hajmining o‘tgan yilga nisbatan 12,1 foizga, savdo va pullik xizmatlardan pul tushumlari hajmining 28 foizga o‘sishida namoyon bo‘ldi.
Shu bilan birga, transchegaraviy pul o‘tkazmalari yuqori baza effekti hisobiga o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 33,7 foizga qisqargan bo‘lsa-da, 2021-yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarga o‘sgan.

Pul bozori

Banklararo pul bozoridagi faollikda ham o‘sish kuzatilib, o‘rtacha tortilgan banklararo depozit va repo stavkalari to‘liq foiz koridorida shakllangan.
Nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari iqtisodiyotga ajratilayotgan kreditlarni maqbul o‘sish sur’atlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Bundan tashqari, so‘nggi oylarda kuzatilgan chakana kreditlardagi yuqori o‘sish sur’atlari makroprudensial choralarni qo‘llash orqali muvozanatlashtirilmoqda va kelgusida zaruriyat paydo bo‘lgan holda qo‘shimcha choralar qo‘llanilishi mumkin.
Ijobiy real foiz stavkalari depozit bozorining chakana segmentida yuqori faollikni ta’minlamoqda.
Sentabr oyida aholining milliy valyutadagi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari 21,1foiznitashkil etib, 1-oktabr holatiga muddatli depozitlar qoldig‘ining yillik o‘sishi 47,1 foizni, jumladan, jismoniy shaxslarning muddatli omonatlari o‘sishi 52,3 foizni tashkil etdi.

"Inflyatsiyani oshiruvchi va pasaytiruvchi omillar balansidan kelib chiqib yangilangan prognozlarga ko‘ra, joriy yil yakunida inflyatsiya prognoz koridori doirasida shakllanishi kutilmoqda", — deya qayd etildi.

Mavsumiy oziq-ovqat narxlarining o‘sishi va tartibga solinadigan narxlarga kiritilayotgan o‘zgarishlarning umumiy inflyatsiyaga birlamchi va ikkilamchi ta’sirlari kabi inflyatsiyani oshiruvchi omillar saqlanib qolmoqda.
Markaziy bank pul-kredit sharoitlarining yalpi talab, narxlar va inflyatsion kutilmalarga ta’sirlarini baholab, barcha pul-kredit instrumentlarini inflyatsiyani joriy yilgi prognoz doirasida shakllanishini va o‘rta muddatda target ko‘rsatkichlariga erishishni ta’minlashga qaratadi.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 14-dekabrda o‘tkaziladi.
Yangiliklar lentasi
0