O‘zbekistonlik talabalarga Vengriyada o‘qish uchun ta’lim grantlari ajratilishi mumkin

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaO‘zbekiston va Vengriya bayroqlari
O‘zbekiston va Vengriya bayroqlari - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 25.10.2023
Obuna bo‘lish
Karoli Gaspar universitetida tashkil etilishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo tadqiqotlari markaziga o‘zbekistonlik talabalarni jalb qilinishi kutilmoqda.
TOShKENT, 25 okt — Sputnik. O‘zbekistonlik talabalarga Vengriyada ta’lim olishlari uchun ta’lim grantlari ajratilishi mumkin. Bu haqida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov Vengriyaning Karoli Gaspar universiteti rektori Lazlo Trochani va Vengriya elchisi Jozef Roja bilan uchrashdi.
Unda Karoli Gaspar universitetida tashkil etilishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo tadqiqotlari markaziga o‘zbekistonlik talabalarni jalb qilish taklifi bildirildi.
“Talabalar xalqaro munosabatlar va siyosatshunoslik yo‘nalishlarida tahsil olishlari mumkin. Buning uchun Vengriya hukumatining “Stipendium Hungaricum” dasturi doirasida ta’lim grantlarini ajratish mumkinligi ta’kidlandi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, markazda bir qatorda ilmiy tadqiqotlar ham yo‘lga qo‘yiladi.

“Bu turdagi markaz Yevropaning boshqa davlatlarida yo‘q. Markazda o‘qish jarayonini boshlash 2024/2025 o‘quv yilidan rejalashtirilgan”, — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.

Qayd etilishicha, energetika huquqi bo‘yicha Karoi Gashpar universitetida yangi ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, u xorijlik talabalar uchun ham ochiq. O‘qish uchun o‘zbekistonlik talabalar hujjat topshirishlari mumkin.
Universitetda O‘zbekiston madaniyati, tili, adabiyoti va tarixini namoyish qiluvchi “O‘zbekiston burchagi”ni tashkil qilish taklifini bildirdi. Taklif rektor tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Vengriya rektorlarining uchinchi forumini keyingi yil O‘zbekistonda o‘tkazish taklifi bildirildi.
Yangiliklar lentasi
0