Ruhiy tushkunlik havo ifloslanishi bilan ham bog‘liq — mutaxassis

© Sputnik / Ivan Makeyev / Mediabankka o‘tishDevushka straxivayet s sebya topoliniy pux
Devushka straxivayet s sebya topoliniy pux - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 24.10.2023
Obuna bo‘lish
Dunyoda har yili 5 yoshgacha bo‘lgan 543 ming bola havoning ifloslanishi bilan bog‘liq kasalliklardan vafot etmoqda.
TOShKENT, 24 okt — Sputnik. Ruhiy tushkunlik kabi psixologik muammolarning paydo bo‘lishi ham havo ifloslanishi bilan bog‘liq. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati matbuot xizmati rahbari Maftuna Saidova Sputnik muxbiriga ma’lum qildi.
Jahon statistika ma’lumotlariga ko‘ra, insult, o‘pka saratoni va yurak kasalliklaridan vafot etayotganlarning uchdan bir qismi havo ifloslanishi bilan bog‘liqdir. Havoning ifloslanishi esa nafaqat inson salomatligiga, balki tabiatga ham katta zarar yetkazadi.

“Atmosfera havosining yer yuza qismiga asosan uglerod oksidi, azot oksidi, uglevodorodlar, qurum, oltingugurt oksidi, formaldegid, qo‘rg‘oshin birikmalari kabi zararli moddalar tashlanadi. Avtomobillar ajratadigan zaharli gazlar tarkibida esa 200 taga yaqin birikmalar bo‘lib, ularning aksariyat qismi zaharli gazlar hisoblanadi” , — dedi Saidova.

Uning ta’kidlashicha, dunyoda atmosfera havosini ifloslantiruvchi barcha manbalar ichida avtomobil chiqindilari 90% ni tashkil etadi.
Avtomobil gazlari bilan ifloslangan muhit bilan uzoq muloqotda bo‘lish organizmni umumiy holsizlanishga olib keladi. Ulardan chiqayotgan zaharli gazlar bilan ifloslangan havodan nafas olish natijasida nafas olish yo‘llari, yurak kasalliklari, insult va o‘pka saratoni kabi og‘ir kasalliklar kelib chiqadi. Bundan tashqari, idrokning buzilishi, ruhiy tushkunlik kabi psixologik muammolarning paydo bo‘lishi ham havo ifloslanishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
“Havoning ifloslanishi oqibatida dunyoda har yili 5 yoshgacha bo‘lgan 543 ming bola vafot etadi. O‘zbekistonda esa havo ifloslanishi bilan bog‘liq o‘limlar kuzatilmagan”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Dunyodagi bolalarning 90 foizidan ortig‘i har kuni zaharli havodan nafas oladi. 5-18 yoshdagi bolalarning 14 foizi astma kasalligidan aziyat chekmoqda.
Bolalar saratoni ham shu omil bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, homilador ayollarning ifloslangan havodan nafas olishi, homila miyasining rivojlanishiga o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatadi.
"Havoni ifloslantiruvchi moddalar sog‘ligimizga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan tashqari, atrof-muhitga ham zarar yetkazadi. Bu esa, o‘z navbatida, iqlim o‘zgarishiga olib keladi, bu ham salomatlik uchun jiddiy tahdiddir", - deya xulosa qildi mutaxassis.
Yangiliklar lentasi
0