Prezident Chilonzorda jamoatchilik bilan birga ko‘chat ekdi — foto
Obuna bo‘lish
Mahalla aholisi bilan suhbatda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayoni haqida so‘z bordi.
TOShKENT, 15 okt — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” loyihasi doirasida kuzgi daraxt ekish mavsumini boshlab berdi. Prezident poytaxtning Chilonzor tumanidagi Oqtepa va Bog‘zor mahallalariga tashrifi chog‘ida jamoatchilik bilan birga ko‘chat ekdi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Bu mavsumda 85 million tup ko‘chat o‘tqazilishi mo‘ljallangan. O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan har bir mahallaga 200 tadan ko‘chat bepul yetkazib beriladi. Shuningdek, 15-oktabrdan barcha tuman va mahallalarda ko‘chat yarmarkasi tashkil qilinadi.
Mahalla aholisi bilan suhbatda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayoni haqida so‘z bordi.
“Bugun kelishimizdan maqsad - o‘tgan yilgi saboqdan natija nima bo‘lganini ko‘rish. Buning uchun kerakli qarorlar qabul qildik, katta mablag‘lar ajratdik. Xorijdan texnologiyalar, mutaxassislar olib keldik. Soha xodimlari qo‘shimcha o‘qitildi, ularning oyliklari oshirildi. Hozir rahbarlarga har bir mahalla, har bir ko‘p qavatli uy, maktab, shifoxonalarga kirib, issiqlikni kafolatlash bo‘yicha yana topshiriqlar berdim. Eng muhimi, bu borada xalq nazoratini yo‘lga qo‘yamiz. Shu bilan birga, energiya tejamkorlik madaniyatini oshirish kerak. Sizga o‘xshagan ko‘pni ko‘rgan insonlar, ziyolilar bunda namuna, davlatga ko‘makchi bo‘lishi zarur”, - dedi prezident.
Jamoatchilik vakillari kuz-qishga tayyorgarlikni, O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni e’tirof etib, o‘z uylari va barcha muassasalarda issiqlikni asrashda jonkuyar bo‘lishlarini ta’kidlashdi.