Jonsiz barmoq, jimjiloq: qo‘l barmoqlari adabiy tilda va shevalarda qanday ataladi

© Unsplash/Sincerely MediaJest pravoy rukoy.
Jest pravoy rukoy. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 13.10.2023
Obuna bo‘lish
Aksar shevalarda boshmaldoq, ko‘rsatkich barmoq, o‘rta qo‘l, nomsiz barmoq, jimjiloq so‘zlari qo‘llanadi. O‘zbek adabiy tili tarixida ko‘rsatkich barmoq shahodat barmoq deb atalgan.
Bugungi o‘zbek adabiy tili uch lahja asosida shakllangan: qarluq (chigil-uyg‘ur), qipchoq va o‘g‘uz. Bu uch lisoniy manba milliy tilimizni eng inja xususiyatlarga sohib qilgan. Umumadabiy so‘zlar zaxirasini sezilarli kattartirgan, pirovardida davlat tilining ifoda imkoniyatlarini kengaytirgan. Milliy tilimizning boy imkoniyatlarini saqlab qolish uchun sheva so‘zlarini doimiy yig‘ish, o‘rganish lozim; til sezgisini tarbiyalash uchun ulardan yurtdoshlarimizni xabardor qilib borish taqozo etiladi. Farg‘onaliklar paqir ataydigan buyumni toshkentliklar chelak deydi, boshqa qipchoq shevalari vakillari satil nomlagan, ammo adabiy tilga Toshkent shevasidagisi olingan. Yoki toshkentliklar kalavotdeydigan narsaga farg‘onaliklar so‘ri deb ot qo‘ygan va adabiy meyor bo‘lgan. Bu galgi maqolamizda barmoqlarning shevalarda qanday atalishini ko‘rib o‘tamiz.
Aksar shevalarda boshmaldoq, ko‘rsatkich barmoq, o‘rta qo‘l, nomsiz barmoq, jimjiloq so‘zlari qo‘llanadi. Adabiy tilga ham shu so‘zlar olingan. Xalq qo‘l barmoqlariga nom berishda ularning shakli, xususiyati, vazifasini hisobga olgan. Masalan, bosh barmoq deyilishining asosiy omili birinchi barmoq ekanligi, barmoqlarning boshida kelishidir. Biror shaxs, narsa-buyum, o‘rin-joyni ko‘rsatishga xizmat qilgani, umuman, nimagadir ishora qilgani uchun ko‘rsatkich barmoq atalgan. Panjaning o‘rtasida o‘rnashgani sababli o‘rta qo‘l, o‘rta barmoq deb nomlangan. To‘rtinchi barmoqning nofaolligi, asosan boshqa barmoqlar bilangina vazifa bajargani uchun bo‘lsa kerak otsiz qolgan. Qizig‘i shundaki, ismsizligi o‘ziga nom o‘laroq taqilgan. Ha, to‘g‘ri ilg‘adingiz, bu nomsiz barmoq yoki otsiz barmoq. So‘nggi barmoqning jimjiloq, sinchaloq deyilishiga kichikligi bois bo‘lgan.
Xalq bu bilan chegaralanib qolmagan, qo‘l barmoqlarining katta-kichikligi, bajaradigan vazifasi hamda xususiyatidan kelib chiqib, adabiy tildagidan farqli nomlarni qo‘ygan, bu nomlar orqali ayni a’zolarga munosabatini bildirgan. O‘zbekistonning aksar hududlarida kishilar eng kamida bittasiga, bo‘lmasa, ikki-uchtasiga o‘zicha ot qo‘ygan, bu nomlar haqida qo‘shiqlar to‘qigan.
To‘ra Sulaymon bu haqda quyidagilarni yozadi: “Tomlarni qor bosib eruv boshlangandan so‘ng tomning bo‘g‘ot-ziylarida besh panja shaklida paydo bo‘ladigan muzlarni chumak deydilar. Bu haqda bolalar qo‘shig‘i ham bor:
Bosh barmoq,
Ko‘rsa kerak (ko‘rsatkich barmoq),
O‘rta terak,
Bolali buyrak (suq, uzuk taqadigan barmoq),
Chuldur chumak (chinchaloq).
Uchko‘prik tumanidagi qishloqlarda katta yoshli kishilar bolalarga barmoqlar nomini qofiyali qilib o‘rgatganligi eslayman: boshmaldoq, barabaldoq, o‘rta qo‘l, chuldur chumak, chinachoq. Diqqat qilinsa, uch barmoqning nomi adabiy tildagigan farqli: barabaldoq– ko‘rsatkich barmoq, chuldur-chumak – nomsiz barmoq, chinachoq – jimjiloq.
Qoraqalpog‘istondagi qo‘ng‘irot urug‘lari ham qo‘l barmoqlarini shunga o‘xshash atashadi: bas barmaq – bosh barmoq, balan uyrek – ko‘rsatkich barmoq, ortan terek – o‘rta barmoq, shuldir shumek – nomsiz barmoq, kishkene bөbek – jimjiloq.
Ko‘rinadiki, ularning xalq tilida nomlanishi o‘xshash. Chinachoq, chiychanaq, kishkene bөbek atalishida ham jimjiloqning kichkinaligi hisobga olingan. Kishkene bөbek – kichkina chaqaloq demak.
Qozoq bovurlarimiz ham qo‘ng‘irotlardek ataydilar: bacbarmaq – bosh barmoq, balaң үyrek – yosh o‘rdak, ortaң terek – o‘rta terak, shildir shүmek – shildiroq (bolalar o‘yinchog‘i), tittәy bөbek – kichkina chaqaloq.
Buxoroning ayrim tumanlarida bosh barmoq, bodom barmoq, o‘rta terak, hoji malak, jimjimaloq deb atash uchraydi. Bunda barmoqlarning boshlang‘ichi ekanligi sababli bosh barmoq deyilgan, ko‘rsatkich barmoqning uchi bodom uchiga o‘xshagani sababli bodom barmoq, barchasidan uzunligi uchun o‘rta terak atalgan (yaxshi o‘xshatish, ayniqsa, terak deyish bilan uzunligi aniqlashgan), boshqa barmoqlarga qaraganda kam ishlagani uchun bo‘lsa kerak, hoji malak deb erkalangan, kichikligini bo‘rttirish uchunmi, jimjiloq deyish bilan cheklanmay, jimjimaloq atalgan.
Bugungi ayrim o‘zbek shevalarida barmoqlarning yana boshqa nomlari bor. Masalan, Samarqandning Jo‘sh aholi punktida o‘rta barmoq – vortan terak deyiladi. Bu qo‘ng‘irot urug‘laridagi ortan terak deb nomlanishiga yaqin.
O‘zbek adabiy tili tarixida ko‘rsatkich barmoq shahodat barmoq atalgan. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da ham shahodat barmoq so‘zi qayd qilingan va quyidagi dalillovchi misollar berilgan: Feruza pishillab unga shahodat barmog‘ini o‘qtaldi. (Sa’dulla Siyoyev, Yorug‘lik) Berdiboy shahodat barmog‘ini bigiz qilib yuqoriga ko‘tardi (Zulfiya Qurolboy qizi, Qadimiy qo‘shiq).
Keling, nega shahodat barmog‘i atalganiga diqqat qarataylik. Ma’lumki, namozxon qa’da vaqtida “Attahiyot” duosini o‘qiydi. Bu duo davomida “Ashhadu alla ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rosuluh” kalimasini aytadi. Namozxon Ollohdan o‘zga iloh yo‘qligiga lafzan iqror bo‘lgan onda o‘ng qo‘lining ko‘rsatkich barmog‘ini xiyol yuqoriga ko‘tarib Ollohning yagona iloh ekanligini jisman ham tasdiqlab, shahodat keltiradi. Ko‘rsatkich barmoqning ana shu holatdagi vazifasi shahodat barmog‘i atalishiga omil bo‘lgan.
Tatar qondoshlarimizning barmoq nomlari bilan tanishsangiz, yuqoridagi fikrimizning to‘g‘riligiga amin bo‘lasiz. Tatar tilida: bash barmak, iman barmak, o‘rta barmak, atsiz barmak, chanti barmak. Ular shahodat barmog‘ini imon barmog‘i deydi. Mo‘min Ollohning Bir-u Borligiga “Kalimayi shahodat”ni aytish bilan iymon keltiradi. Tatar muslimlar ham namozdagi qa’da holatida Ollohning yagona iloh ekanligini ko‘rsatkich barmog‘ini xiyol yuqoriga ko‘tarib jisman tasdiqlaganligi uchun imon barmog‘i deyishgan.
Turk qardoshlarimizning barmoqlarni nomlashi haqida ham yuqoridagidek fikrni aytish mumkin. O‘zingiz qiyoslab ko‘ring: baş parmak – bosh barmoq, işaret/şahadet parmaği – ko‘rsatkich barmoq, orta parmak – o‘rta barmoq, yüzük parmaği – uzuk barmoq, serçe parmak – kichik barmoq.
Adabiy tilda nomsiz barmoq deyiladigan barmoqni mingbuloqliklar jonsiz barmoq deydi. Jonsiz barmoq deyilishining boisi shuki, bu barmoqning yakka o‘zini boshqa barmoqlar singari erkin ishlatish qiyinroq, harakati chegaralangan. Andijonliklar uni o‘zgarmas barmoq deb o‘rgangan. Yangiariqliklar adabiy tilga yaqinroq qilib otsiz barmoq deb qo‘ya qoladilar. Bu barmoqqa uzuk taqilgani sababli uzuk barmoq ham deyiladi.
Qadimgi misrliklar bu barmoqda yurak bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa bor, bu barmoqdan yurakka tomon sevgi tomiri o‘tgan deb hisoblaganlari sababli nikoh uzugini nomsiz barmoqqa taqish odatlashgan. Bora-bora o‘zbekchilikda ham bu urfga kirgan. Bu odatni yozuvchi Nusrat Rahmat “Noma’lum odam hikoyasi”da shunday tasvir etgan: Zags payti uzuk taqay desam, kelinning barmog‘i yo‘q. Jonim chiqib ketdi − uzukni yerga otib tashlab, bu yoqqa yo‘l olganman. Keyin bilsam, qiz bir paytlar bosmaxonada ishlagan va chimchalog‘i bilan nomsiz barmog‘ini qog‘oz kesadigan apparat olib ketgan ekan...
Qipchoq shevalarida jimjiloqning bo‘bak, Namangandagi ayrim shevalarda ilikcha, Buxoroda lilicha, Farg‘onada chiychanaq, Jizzaxda chinaqay, boshqa shevalarda sinchaloq, chimchiloq degan nomlari bor.
Barmoqlar nomi xalq tilida keng tarqalganligi uchun badiiy asarlarga ham ko‘chgan: Onam ham yolg‘ondakam kuladi: – Ukangdi bilasan-ku?.. Shuning boriga shukr. Urpoqdan bo‘lgan edi. Tug‘ildi-yu, boshmaldog‘ini ema ketdi. Tavba... Momong rahmatli sindiribgina qo‘ydi. Ana, ikki chinachog‘iyam qiyshiq pitib qolgan...(Shukur Xolmirzayev, Yozuvchi) Birdaniga tilla uzukni o‘zi ko‘zi oldiga olib bordi, u yoq-bu yog‘ini aylantirib, xo‘p qaragandan keyin sekingina qo‘l uzatib uni Umrinisabibining sinchalag‘iga kirgizib qo‘ydi. (Cho‘lpon, Kecha va kunduz) Tog‘am qo‘llariga bitta lo‘ppi jiydani olib, uning xol-xol qizil po‘stini tomosha qila boshladilar... keyin tishlari bilan etini ajratib, chimchilog‘dek uzun danagini gardin chetiga qo‘ydilar (Murod Mansur, Judolik diyori).
Tanadagi har bir a’zoning inson hayoti va faoliyatida o‘rni bor. Xalqlar o‘z muchalarini shakli, xususiyati va xizmatidan kelib chiqib nomlaydi. Qo‘l barmoqlarini nomlashda ham shu jihatlar e’tiborga olinadi. Ba’zan bu nomlar bir xalq tilidan ikkinchi xalq tiliga o‘zlashtiriladi. Xalqlarning dunyoni ko‘rish tarzi barmoqlarni nomlash jarayoniga ham ta’sir etadi. Ba’zan bir xalqqa mansub kishilarning hududiy mansubligi, borliqqa munosabatining originalligi muayan barmoqqa har xil nom berishga sabab bo‘ladi. Ya’ni bunda bir yurt vakili barmoqning shaklini e’tiborga olgan bo‘lsa, boshqasi vazifasi yoki xususiyatini faollashtirgan. Va albatta, barmoqlarga nom berishda diniy omilning ta’siri bor. O‘zbek tili shevalari xalqimizning ana shunday tomonlarini namoyon eta olishi bilan qimmatli manbadir.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan galgi maqolamizda rus tiliga o‘zlashib, bu til leksikasini boyitgan turkiy so‘zlar haqida ma’lumot bergan edik.
O‘zbekning o‘z so‘zlari ruknimiz orqali har haftada o‘zbek tiliga oid juda qiziq ma’lumotlarni bilib olasiz va so‘z boyligingizni oshirasiz.
Avvalgi materiallar:
Shashlik yo kabob: qaysi biri o‘zbekchaligini bilasizmi?
Almisoqdan qolgan, go‘riga o‘t qalamoq: iboralar tarixini bilasizmi?
Eng ko‘p xato yoziladigan so‘zlar — ro‘yxat
Bu qiziq: o‘zbek milliy bolalar o‘yinlarini bilasizmi?
Aqiqa, beshikto‘yi, bolaqochdi: sunnat to‘yi bilan bog‘liq marosimlarni bilasizmi?
O‘zbek to‘yi: nikoh va undan keyingi urf-odatlarni bilasizmi
“Xumpar, xo‘tik, qulun”: uy hayvonlari o‘zbekcha qanday to‘g‘ri ataladi
Yovvoyi hayvonlar o‘zbekcha qanday atalishini bilasizmi?
Parrandalar o‘zbekcha qanday to‘g‘ri ataladi
Nortoy, Jovli, Ashura: o‘zbeklar ism tanlashda nimalarga e’tibor qaratgan
Kir, o‘r, dori: tarixi qiziq bo‘lgan so‘zlarni bilasizmi?
Nomi chiqqan, ko‘z ochib ko‘rgan: iboralar nega ba’zan qarama-qarshi ma’noni anglatadi?
Maqtayapsizmi o‘zi yo koyiyapsizmi: ham salbiy, ham ijobiy munosabatni bildiruvchi iboralar
Yangiliklar lentasi
0