O‘zbekiston aralash saylov tizimiga o‘tadimi — deputatlar fikri

© Press-slujba Zakonodatelnoy palatiZasedanie Zakonodatelnoy palati Oliy Majlisa
Zasedanie Zakonodatelnoy palati Oliy Majlisa - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 10.10.2023
Obuna bo‘lish
Partiya ro‘yxati asosida Qonunchilik palatasiga saylovni o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasining butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanmoqda.
TOShKENT, 10 okt — Sputnik. Endi O‘zbekistonda deputatlar saylovi majoritar va proporsional tizim asosida o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan o‘tkazilayotgan navbatdagi yalpi majlisda ma’lum qilindi.
Deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasini muhokama qilishmoqda.
Taklif etilayotgan qonun loyihasida Saylov kodeksiga hamda 7 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Unga ko‘ra, saylov kodeksiga Qonunchilik palatasi saylovini aralash (majoritar, proporsional) saylov tizimi asosida o‘tkazish taklif etilmoqda. Jumladan, saylov okruglari bir mandatli va yagona saylov okruglariga ajratilmoqda.
© Zakonodatelnaya palata Oliy Majlisa Deputat Jaxongir Shirinov
 Deputat Jaxongir Shirinov - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 10.10.2023
Deputat Jaxongir Shirinov

"Partiya o‘z dasturi orqali xalqni ishontira olsagina muayan ovozga erishadi. Bu esa jamiyatda siyosiy xilma-xillikni ta’minlaydi", — dedi deputat Jahongir Shirinov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aralash saylov tizimiga o‘tilishi munosabati bilan Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to‘g‘rsidagi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonunlardan va Saylov kodeksidan Qonunchilik palatasiga saylov faqatgina hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha o‘tishini nazarda tutuvchi normalar chiqarib tashlanmoqda.
Saylovlarning majoritar va proporsional tizimini nazarda tutuvchi qoidalar Saylov kodeksiga kiritilmoqda. Jumladan, saylov okruglari yetmish beshta hududiy bir mandatli hamda yagona saylov okrugiga bo‘linmoqda.

"Bunda partiya ro‘yxati asosida Qonunchilik palatasiga saylovni o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasining butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanmoqda. Ya’ni Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati amaldagidek majoritar tizim asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari esa partiya ro‘yxat bo‘yicha yangi taklif etilayotgan proporsional tizim asosida yagona saylov okrugidan saylanishi belgilanmoqda", — deya qo‘shimcha qildi deputat.

Shuningdek, partiya ro‘yxatiga ham gender tengligini ta’minlash maqsadida xuddi majoritar tizim bo‘yicha nomzodlarning kamida 30 foizi ayollar bo‘lishi nazarda tutilmoqda.
Agar proporsional tizim asosida shakillantirilgan deputatlik o‘rni bo‘shab qolsa, tegishli partiya ro‘yxatdagi keyingi navbatdagi mandatga ega bo‘lmagan nomzodlar hisobidan to‘ldirilishi belgilanmoqda.
"Yagona saylov okrugi bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning kamida 7 foizi ovozini olgan partiya belgilangan tartibda deputatlik o‘rniga ega bo‘lishi belgilanmoqda. Agar xech qaysi partiya kamida 7 foiz ovozni to‘play olmasa, saylov o‘tmagan deb topiladi", — dedi Shirinov.
Yagona saylov okrugi bo‘yicha saylovchilarning ovozi asosida deputalik o‘rinlarini partiyalar o‘rtasida taqsimlashning aniq tartibi o‘rnatilmoqda. Bunda proporsional saylov tizimida 7 foizlik chegaradan o‘tgan partiyalarga yoqlab berilgan umumiy ovozlar soni 75 ta deputatlik o‘rniga bo‘linadi va bundan kelib chiqadigan raqam saylov koeffitsiyenti hisoblanadi. So‘ngra har bir partiyaga yoqlab berilgan ovozlar soni saylov koeffitsiyentiga bo‘linadi. Undan chiqqan son esa har bir partiyaga beriladigan deputatlik o‘rniga teng bo‘ladi.
Agar yaxlit bo‘lmagan qoldiq sonlar vujudga kelib, ba’zi deputatlik o‘rinlari taqsimlanmasdan qolsa, ularni ham taqsimlashning aniq tartibi Kodeksda ochib berilmoqda.
Shuningdek Saylov kodeksiga saylov komissiyalarining vertikal tizimini nazarda tutuvchi qoidalar, xususan Markaziy saylov komissiyasi, hududiy saylov komissiyasi, tuman va shahar saylov komissiyalari, okrug saylov komissiyasi va uchastka saylov komissiyasi tuzilmasi taklif etilmoqda. Bunda viloyatlar va Toshkent shahar saylov komissiyalari o‘rniga hududiy saylov komisssiyalarini tuzish nazarda tutilmoqda.

"Prezident va deputatlik saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalarini tuzish tartibidan vos kechish hamda ularning vazifalarini hududiy komissiyalarga yuklash taklif etilmoqda. Okrug saylov komissiyalari faqatgina, xalq deputatlari, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha tuzilishi mumkin bo‘ladi", — dedi deputat.

Bundan tashqari, Markaziy saylov komissiyasi (MSK) a’zolari sonini kamida o‘n besh nafardan to‘qqiz nafarga tushirish, uning kamida bir nafar a’zosi Qoraqalpog‘iston vakili bo‘lishi belgilanmoqda.
MSKning doimiy asosda ishlovchi a’zolari sonini 7 nafardan 9 nafarga oshirilmoqda. Jamoatchilik asosida ishlovchilar faoliyati tugatilmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasi bilan bir mandatli saylov okruglarida boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovoz olgan deputatlikka nomzod saylangan deb hisoblanishi belgilanmoqda. Ya’ni, mutlaq ko‘pchilik emas, balki nisbiy ko‘pchilik ovozi bilan deputatlar saylanishi nazarda tutilmoqda.
Majlisda Konstitutsiyaviy qonun loyihasini Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali hamda Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytiga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilishi yuzasidan qaror qabul qilindi.
Avvalroq O‘zbekiston aralash saylov tizimiga o‘tishi xabar qilingan edi.
Ma’lumot uchun, xalqaro tajribada saylov tizimining majoritar, proporsional va aralash turlari mavjud. Shu kungacha O‘zbekistonda saylov jarayonlari majoritar saylov tizimida o‘tkazilgan.
"Ma'no" ilmiy tashabbuslar markazi direktori Baxtiyor Ergashevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning majoritar saylov tizimidan aralash saylov tizimiga o‘tishi mamlakatda siyosiy partiyalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Aralash saylov tizimi deputatlik mandatlarining bir qismi hukumatning barqaror shakllanishiga hissa qo‘shadigan majoritar tizim tamoyillari bo‘yicha, ikkinchi qismi esa proporsional tizim tamoyillariga muvofiq taqsimlanadi. Ovozlarni to‘liqroq hisobga olish va mamlakatdagi siyosiy vaziyatning haqiqiy manzarasini aniqroq aks ettiradi.
Yangiliklar lentasi
0