Mirziyoyevning Rossiyaga rasmiy tashrifi yakunlandi — foto
09:15 08.10.2023 (yangilandi: 11:56 09.10.2023)
Obuna bo‘lish
Aeroportda oliy martabali mehmonni Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.
TOShKENT, 8 okt — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasiga rasmiy tashrifini yakunladi va Toshkentga jo‘nab ketdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Aeroportda oliy martabali mehmonni Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.
Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvlarda O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, energetika, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalarda va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda kengaytirishning dolzarb masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi Rossiya Hukumati raisi Mixail Mishustin va Tatariston raisi Rustam Minnixanov bilan muzokara o‘tkazdi.
Tashrif arafasida va davomida qator muhim tadbirlar, jumladan, hukumat rahbarlari darajasidagi Qo‘shma komissiyaning to‘rtinchi yig‘ilishi, O‘zbekiston va Rossiya oliy ta’lim muassasalari rektorlarining hududlararo konferensiyasi, uchinchi Hududlararo hamkorlik forumi, Butunrossiya ko‘ragazma markazida “O‘zbekiston” pavilonining ochilishi, Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha ikki tomonlama hukumatlararo komissiya kichik komissiyalarining yig‘ilishlari va boshqalar bo‘lib o‘tdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston prezidenti Rossiya va Qozog‘iston prezidentlari bilan birga Rossiyadan O‘zbekistonga gaz yetkazishni boshlash marosimida ishtirok etdi.