Bolalarni gijjalarga qarshi tekshirish boshlandi — Sanepidqo‘mita

© Sputnik / Mixail VoskresenskiyLaboratoriya tekshiruvi
Laboratoriya tekshiruvi - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 03.10.2023
Obuna bo‘lish
2-10 yoshli bolalar uchun degelmintizatsiyaning navbatdagi bosqichini o‘tkazish rejalashtirilgan.
TOShKENT, 3 okt — Sputnik. O‘zbekistonda oktabr-noyabr oylarida 2-10 yoshli bolalar uchun degelmintizatsiyaning navbatdagi bosqichini o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi (Sanepidqo‘mita) xabar berdi.
Har yili 2-10 yoshli bolalarni ichak gelmintozdan ommaviy davolash samaradorligini baholash uchun davolashdan oldin va keyin laboratoriya tekshiruvlari o‘tkaziladi.

“2023 yil oxirigacha (oktabr-noyabr oylarida) 2-10 yoshli bolalar uchun degelmintizatsiyaning navbatdagi bosqichini o‘tkazish rejalashtirilgan”, — deyiladi xabarda.

Ushbu muolaja oldidan respublikaning barcha hududlarida sentabr oyida davlat maktabgacha talim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarini va maktablar 1-4 sinf o‘quvchilarini gelmintozlarga laboratoriya tekshiruvlari bilan qamrab olish maqsadidi laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazilmoqda.

“O‘tkazilgan chora-tadbirlar samaradorligini baholash maqsadida degelmintizatsiya tadbirlaridan ikki haftadan so‘ng xuddi shu kontingentlar orasida laboratoriya tekshiruvlari qayta amalga oshiriladi”, — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.

Qayd etilishicha, degelmintizatsiyadan oldin va keyin bolalarda ichak gelmintozlari bilan kasallanish darajasi o‘rganiladi.
O‘tgan yillarda o‘tkazilgan bunday tadqiqotlar o‘z samarasini ko‘rsatdi, ya’ni gelmintlar bilan kasallanish 3-4 martaga kamaydi.
Ma’lumot uchun, hozirda bolalar orasida ko‘p uchraydigan kasalliklardan biri gelmintozdir. Gelmintozlar inson organizmiga parazit chuvalchanglar (gijjalar) kirishi natijasida yuzaga keladi. Chuvalchanglar o‘zi yashab turgan vujuddagi ozuqalar hisobiga kun ko‘radi.
Parazit inson organizmiga 5 mingdan 150 minggacha tuxum qo‘yadi. Ular tez rivojlanadi va ichak orqali butun tanaga tarqalib, ichki a’zolar va tizimlarni shikastlaydi.
Gijjalar uch guruhga ajratiladi: nematoda — yassi chuvalchangsimon gijjalar (askarida, enterobioz, trixinel, trixinellez, exinokokk), trematoda — so‘rg‘ichli chuvalchangsimon gijjalar (opistorxoz, fassiolez), va sestoda — tasmasimon gijjalar (gimenolepidoz, teniarinxoz, difillobotrioz).
Bolalar orasida eng ko‘p tarqalgan gijjalar — bu ostritsa (enterobioz) va askaridalardir. Gijjalar aniqlanganda zudlik bilan malakali gastroenterolog tavsiyasi asosida davolanish lozim.
Bolalar organizmida bo‘lgan gijjalar oshqozon-ichak traktiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ozuqa moddalarining o‘zlashtirilishi jarayonlarini buzadi, davo o‘z vaqtida olib borilmaganida esa hayot uchun muhim bo‘lgan a’zolar — o‘pka, bosh miya va boshqalarni shikastlashi mumkin.
Gelmintozlarning o‘ziga xos namoyon bo‘lishiga, o‘tkir va surunkali kechishiga qarab ajratiladi. Gelmintozning o‘tkir kechishida gijjalar organizmga tushadi va allergik reaksiyalar ko‘rinishida darxol immun javobni qo‘zg‘atadi (shu boisdan ko‘pincha ota-onalar buni oddiy allergiya deb o‘ylaydi).
Surunkali gelmintozlar turlicha kechadi. Klinikasi parazitlarning joylashuvi, ularning soni va gelmintlarga bo‘lgan organizmning javob reaksiyasiga bog‘liq.
Gijjalarning quyidagi xarakterli belgilari kuzatiladi:
umumiy holsizlik, tez charchash;
tana haroratining ko‘tarilishi;
ko‘z ostining qorayishi;
terida toshma toshishi bilan allergik reaksiyalar (krapivnitsa);
ishtaha muammolari;
ko‘ngil aynishi va qusish;
og‘izdan hid kelishi;
qorinda og‘riq hissi;
qabziyat/diareya;
vazn yo‘qotilishi;
axlat bilan chuvalchang qismlarining ajralishi.
Bundan tashqari, bolada chuvalchanglar bilan shikastlangan a’zolarning disfunksiyalari kuzatilishi mumkin.
Masalan, jigar shikastlanganida o‘ng qovurg‘a ostida og‘riq, ko‘ngil aynishi, terining sarg‘imtir bo‘lishi kuzatilishi mumkin. O‘pka shikastlanganida esa nafas yo‘llari asfiksiyasi va boshqalar yuzaga kelishi kuzatiladi. Gijjalardan aziyat chekuvchi bolalar tez-tez kasallanadi. Bunday bolalarda O‘RVI, stomatit, gingivit va boshqa xastaliklar tez-tez uchraydi.
Yangiliklar lentasi
0