Bu yil muddatidan ilgari parlament saylovi bo‘lib o‘tishi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi — deputat
15:14 26.09.2023 (yangilandi: 15:56 26.09.2023)
© Sputnik / Vladimir AlekseyevUrna dlya golosovaniya, arxivnoe foto
© Sputnik / Vladimir Alekseyev
Obuna bo‘lish
Ertaga deputatlar Oliy Majlis palatalari faoliyatiga taalluqli qonun loyihasini ko‘rib chiqishadi.
TOShKENT, 26 sen — Sputnik. Joriy yilda muddatidan ilgari parlament saylovi bo‘lib o‘tishi mumkinligi haqidagi "bashorat"lar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, shu kunlarda parlamentda ko‘rib chiqilayotgan Oliy Majlis palatalari faoliyatiga taalluqli qonun loyihasi keng jamoatchilik o‘rtasida qiziqish uyg‘otmoqda.
“Qonun loyihasi bilan 14 ta qonun (jumladan Saylov kodeksi)ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi kutilmoqda”, — deb yozmoqda Tojiyev o‘zining Telegram-kanalida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Konstitutsiyaga parlament palatalarining vakolatlari va huquqlariga oid yangi normalar kiritilgan. Lekin bu normalar tegishli qonun va qonunosti hujjatlarda mavjud emas. Bu boradagi bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida bir guruh deputatlar o‘zlari tashabbus ko‘rsatib, mazkur qonun loyihasini ishlab chiqishdi va palataga kiritishdi.
“Ikkinchi eng ko‘p uchragan savol — parlament palatalarining o‘zini o‘zi tarqatib yuborishi haqidagi norma parlament saylovi muddatidan ilgari o‘tkazilishini anglatadimi? Yo‘q. Qonun loyihasida ushbu vakolatning belgilanayotgani joriy yilda muddatidan ilgari parlament saylovi bo‘lib o‘tishini anglatmaydi”, — dedi u.
Qonun loyihasi endigina mas’ul qo‘mita va fraksiyalar yig‘ilishlarida konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.
Aytilishicha, hujjat ertaga bo‘lib o‘tadigan quyi palata yalpi majlisda birinchi o‘qishda ko‘rib chiqiladi. U deputatlar tomonidan qabul qilingan taqdirda, qonun loyihasi matni jamoatchilikning taklif va mulohazalarini olish uchun Qonunchilik palatasining saytiga joylashtirilishi rejalashtirilgan.
Jamoatchilik muhokamasidagi takliflar, fikrlar asosida qonun loyihasi takomillashtiriladi.
Bundan tashqari, qonun loyihalari mas’ul qo‘mita, fraksiyalar, umuman yalpi majlisda kamida yana ikki bosqichli muhokamalardan o‘tadi va Senatga ma’qullash uchun yuboriladi. Senat ma’qullagach esa, prezident imzolaydi va kuchga kiradi.
“Qonun ijodkorligining o‘ziga xos jihatlariga birma-bir to‘xtalganimning sababi shundaki, toki bu qonun loyihasi parlament palatalari va Prezident tomonidan qabul qilinib, kuchga kirguniga qadar bo‘lgan oraliq vaqt qisqa emas, bu esa joriy yilda muddatidan ilgari parlament saylovi bo‘lib o‘tishi mumkinligi haqidagi "bashorat"lar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini yana bir isbotlaydi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning may oyida O‘zbekiston saylov tizimi majoritar-proporsional shaklga o‘tkazilishi ma’lum qilingandi. Prezident tomonidan imzolangan hujjatga ko‘ra, Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari korpusini shakllantirishning majoritar-proporsional shakliga asoslangan saylov tizimi joriy etiladi.