Jinoyat sodir etgani uchun qidiruvda bo‘lgan shaxslar kuzatuv kameralari orqali qo‘lga olindi
11:36 22.09.2023 (yangilandi: 11:56 22.09.2023)
© Sputnik / Vladimir BaranovKuzatuv kamerasi
© Sputnik / Vladimir Baranov
Obuna bo‘lish
Milliy gvardiya jinoyat sodir etgani uchun ichki ishlar organlari tomonidan qidiruvda bo‘lgan besh nafar shaxsni qo‘lga oldi.
TOShKENT, 22 sen — Sputnik. Jinoyat sodir etgani uchun qidiruvda bo‘lgan besh nafar shaxs Toshkentdagi kuzatuv kameralari orqali aniqlanib, qo‘lga olindi. Bu haqda Milliy gvardiya xabar berdi.
Qayd etilishicha, 14-19 sentabr kunlari Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlari jinoyat sodir etgani uchun ichki ishlar organlari tomonidan qidiruvda bo‘lgan besh nafar shaxsni qo‘lga oldi.
Quyidagi shaxslar qo‘lga olingan:
Yakkasaroy tumanidagi mehmonxonalardan birida Qo‘riqlash bo‘limi xodimlari Toshkent shahar IIB xodimlari bilan hamkorlikda 43 yoshli M.A.ni qo‘lga olishdi. Bu fuqaro Jinoyat kodeksining 167-moddasi (“O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish”) da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlik uchun qidiruvda bo‘lgan.
Yashnobod tumanidagi masjidda firibgarlikda gumon qilinib qidiruvda bo‘lgan 49 yoshli K.M., Buxoro dehqon bozorida o‘g‘irlikda gumon qilinib qidiruvda bo‘lgan 43 yoshli fuqaro X.O.lar ham qo‘lga olindi.
Olmazor tumanida “Korzinka” supermarketi yonida Qo‘riqlash xizmati xodimlari firibgarlik sodir etgani uchun qidiruvda bo‘lgan 38 yoshli T.S.ni qo‘lga olishdi.
Yunusobod tumanidagi “Korzinka” supermarketi yonida tezkor harakatlanuvchi guruh xodimlari joriy yilning avgust oyidan buyon huquq-tartibot idoralaridan yashirinib kelayotgan 21 yoshli fuqaro K.G‘.ni qo‘lga olishdi. Bu fuqaroga nisbatan bezorilik qilgani uchun jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Xabarda aytilishicha, barcha qo‘lga olinganlar o‘rnatilgan tartibda ichki ishlar bo‘limlariga topshirilgan. Hozirda tegishliligi bo‘yicha mas’ul xodimlar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.