BMTda O‘zbekistonning koronavirusga qarshi kurashish tajribasi yuqori baholandi

© Press-slujba Ministerstva zdravooxraneniya UzbekistanaBMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasi doirasidagi majlislarda Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov ishtirok etdi.
BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasi doirasidagi majlislarda Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov ishtirok etdi. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 22.09.2023
Obuna bo‘lish
SSV: O‘zbekistonlik olimlar pandemiyalar davrida maxsus profilaktika strategiyalarini ishlab chiqish bilan bog‘liq masalalarni o‘rganishda hamkorlikka tayyor.
TOShKENT, 22 sen — Sputnik. Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasi 78-sessiyasi doirasida o‘tkazilgan yig‘ilishda koronavirusga qarshi kurash borasida O‘zbekiston tajribasi yuqori baholandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
AQShning Nyu-York shahrida o‘tgan BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasi doirasidagi majlislarda sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligidagi bir guruh tizim mas’ullari ham ishtirok etdi.
Vazir “Pandemiyalarning oldini olish, ularga tayyorgarlikni ta’minlash va javob qaytarish” mavzusiga bag‘ishlangan majlisda ma’ruza qildi.
Qayd etilishicha, kelgusidagi ehtimoliy pandemiyalarga tayyor turish uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Xalqaro tashkilotlar va qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikda bu yo‘nalishda qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
"Koronavirus infeksiyasini to‘liq nazorat qilishni o‘rganishimiz kerak. Bu jarayonda epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni takomillashtirish bo‘yicha tadqiqotlar olib borish, COVID-19 ga chalingan bemorlarni erta aniqlash, davolash va profilaktikasini muvofiqlashtirish, takroriy infeksiyaning oldini olishda ikkilamchi immunitetning ahamiyatini o‘rganish, pandemiya tarqalishini erta prognoz qilish asosida karantin choralarini kuchaytirish yoki yumshatish muhim ahamiyatga ega”, — dedi vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mutatsiyaga uchragan shtammlarga qarshi uzoq muddatli himoyani ta’minlash, bemorlar va sog‘ayganlarni emlash muddatlari, vaksinatsiya bilan bog‘liq xavflarni aniqlash, yangi avlod vaksinalarini yaratish zarur.
“Fanga noma’lum va yetarlicha o‘rganilmagan infeksiyalar natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan pandemiyalar davrida maxsus profilaktika strategiyalarini ishlab chiqish bilan bog‘liq masalalarni o‘rganish talab etiladi. O‘zbekistonlik olimlar bu yo‘nalishda keng hamkorlikka tayyor”, — deya qo‘shimcha qildi vazir.
Bundan tashqari, viruslar va hujayralar bankini yaratish, potensial xavfli viruslarning tabiiy rezervuarlarini o‘rganish va virusologiyada nanotibbiyotni rivojlantirish kabi masalalar kun tartibiga qo‘yilishi kerakligi aytildi.
Yig‘ilishda koronavirusga qarshi kurash borasida O‘zbekiston tajribasi yuqori baholandi.
Yangiliklar lentasi
0