Qishloq xo‘jaligi vazirligi uzum narxining oshishiga oid xabarlarga munosabat bildirdi

© Sputnik / Abdubakir YunusovUzum
Uzum - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 19.09.2023
Obuna bo‘lish
Qishloq xo‘jaligi vazirligi: Qimmat narxlar haqidagi xabar asossiz bo‘lib, gibridlangan yoxud navi o‘zgartirilgan yirik uzumlarning narxi oddiy mahalliy navlardan narxi yuqori.
TOShKENT, 19 sen — Sputnik. Qishloq xo‘jaligi vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda uzum narxining oshib ketganligi bilan bog‘liq turli xabarlarga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi ma’lumotlar oxirigacha o‘rganib chiqilmasdan, bir yoqlama yondoshuv asosida keng ommaga taqdim etish holatlari uchramoqda. Qishloq xo‘jaligi mas’ullari Toshkent shahri bozorlaridagi uzum narxlarini o‘rganib chiqdi.
Mahalliy “Kishmish” navli qora uzum narxi 15-25 ming so‘m atrofida, Husayni uzumlari esa 20-40 ming so‘mgacha borligi kuzatildi.
"Shuni alohida ta’kidlash kerakki, o‘ta qimmat narxlar haqidagi xabar asossiz bo‘lib, gibridlangan yoxud navi o‘zgartirilgan yirik uzumlarning narxi oddiy mahalliy navlardan narxi yuqori", - deyiladi xabarda.
Misol uchun, “Avatar” navli uzumning 1 kilosi 35 ming so‘mdan 70-80 ming so‘mgacha, “Mersedes” navli uzumning kilodagi narxi 30 ming so‘mdan 70 ming so‘mgacha ekanligi aniqlandi.
Qora kishmish va husayni uzumining narxi esa xaridorlar uchun maqbul narxda sotilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidek, barcha uzum navlari ham qimmat emas. Iste’mol uchun yaroqli, ta’mi shirin mahalliy “Kishmish”, “Ketmon sopi”, “Kelin barmoq” navli uzumlarimizning narxi esa 15 mingdan 40 ming so‘mgacha sotilmoqda. “Toyfi” navli kuzda pishib yetiladigan uzumning narxi 10-15 ming so‘m atrofida sotilmoqda.
"Nashrlar tomonidan keltirilgan 200 ming so‘m turadigan uzumga kelsak, gibrid yetishtirilgan va doimiy iste’molga taqdim etilgan nav haqida so‘z ketmayapti. Kunlik iste’mol va boshqa maqsadlar uchun xarid orasidagi aniqlikni to‘g‘ri qo‘yishni so‘raymiz", - deya xulosa qilingan xabarda.
Ma’lumot uchun, respublika bo‘yicha 182,1 ming gektar (107 ming hosilli) tokzorlar mavjud. Shu yilning o‘zida 2 million tonna uzum yetishtirish rejalashtirilgan. 2021-2023 yillarda 88,3 ming gektar, shundan 2023-yilda 14,4 ming gektar uzumzorlar barpo etildi. Yil yakunigacha yana 28 ming gektar barpo etish ko‘zda tutilgan.
Yangiliklar lentasi
0