Nomi chiqqan, ko‘z ochib ko‘rgan: iboralar nega ba’zan qarama-qarshi ma’noni anglatadi?

© Sputnik / Yevgeniy Odinokov / Mediabankka o‘tishKniga.
Kniga. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 15.09.2023
Obuna bo‘lish
“O‘zbekning o‘z so‘zlari” ruknimizning navbatdagi maqolasi ikki qarama-qarshi ma’noni anglatuvchi iboralar xususida so‘z yuritiladi.
O‘zbek tilida biron-bir ma’noni obrazli ifodalaydigan tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi, og‘zi qulog‘iga yetdi, tepa sochi tikka bo‘ldi, podadan oldin chang chiqardi singari iboralarning katta zaxirasi bor. Obrazli ifodalash degani kishi oson fahmlaydigan biror narsa-buyum vositasida ma’noni ko‘z oldingizga keltirib qo‘yishdir. Masalan, “xursand bo‘ldi” degan ma’noni og‘zi qulog‘iga yetdi iborasi bilan bildirish mumkin. E’tibor bersangiz, inson astoydil kulganda og‘zi katta ochiladi. Ana shu holatda og‘iz chetlarining quloqning yumshoq joyigacha yetib borishiga o‘xshatilmoqda. Bunday obrazli o‘xshatish, oddiygina xursand deyishdan farqli ravishda, kishini “juda xursand” qiyofada namoyon qiladi.
Iboraning so‘zdan farqi, obrazli o‘xshatishning nima ekanligini bilib olgan bo‘lsak, endi bitta iboraning bir paytda ikki qarama-qarshi ma’noni anglatishini va buning qanday yuzaga kelishini izohlashga o‘tamiz. Siz maktab ta’limidayoq do‘st-dushman, arzon-qimmat, yig‘ladi-kuldi kabi antonim so‘zlarni, mazkur so‘zlar ifodalaydigan zid ma’nolarni bilib olgansiz. Ammo bir so‘z yoki iboraning ikki qarama-qarshi ma’no anglatishi mumkinligini eshitmagan bo‘lsangiz kerak. Tilimizdagi ko‘z ochib ko‘rgan, yetti pusht, hunar ko‘rsatdi, ish ko‘rsatdi, oq kiydi, ostona hatladi, ko‘zi yondi, ichagi uzildi kabi iboralar ham ikki qarama-qarshi ma’noni ifodalay oladi. Va bu sizga qiziq.
Ko‘z ochib ko‘rgan. Bu birgina ibora “xotinga nisbatan birinchi er” va “erga nisbatan birinchi xotin” ma’nolarini bildiradi. Masalan, “U kishi... bolalarimning otasi... ko‘z ochib ko‘rganim (Tohir Malik, Murdalar gapirmaydilar)” jumlasida “er” ma’nosida qo‘llangan. Xuddi shu ibora quyidagi gapda “xotin” ma’nosida kelgan: Ag‘darilib yotgan simog‘ochlar, pachoqlangan yengil mashinalar oralab yugurib borayotgan Shavkat tinmay pichirlardi: – Botirjon, bolam!.. Surayyo, jonim!.. Ko‘z ochib ko‘rganim! (Sharof Boshbekov, Falakning gardishi).
Ko‘z ochib ko‘rgani borasining nega ikki zid ma’noga ega bo‘lib qolganligi tilshunoslarni tinch qo‘ymasligi aniq, biroq mazkur iborada zid ma’nolar qanday yuzaga kelib qolganligi ham diqqattalab. Bizningcha, kuyovning kelin bo‘lmishni “xotin” maqomidagi birinchi ayoli sifatida qabul qilishi, o‘z navbatida, kelinning kuyov bo‘lmishni “er” maqomidagi ilk erkak sifatida tan olishi ko‘z ochib ko‘rgan iborasida ikki zid ma’noning joy olishiga sabab bo‘lgan.
Qolaversa, to‘ydan keyin kelin-kuyovni qo‘shib qo‘yish oldidan o‘tkaziladigan “Oyna ko‘rsatar” marosimi, bu marosimda kelin-kuyovning oynaga qarab: “Osmondagi oyni ko‘rdim, ko‘zimni ochib sizni ko‘rdim” deyishi va bu bilan biri ikkinchisini ilk erkak, ilk ayol sifatida tan olishi ko‘z ochib ko‘rgan iborasida “xotinga nisbatan birinchi er” va “erga nisbatan birinchi xotin” ma’nolarining yuzaga kelish motivlaridir.
O‘zbek tilidagi aksar iboralar so‘z birikmasidan kelib chiqqan, ya’ni avval to‘g‘ri ma’noda qo‘llangan birikma keyinchalik ko‘chma ma’no ifodalashga o‘tgan. Buning natijasida to‘g‘ri ma’no bilan ko‘chma ma’no bir-biridan uzoqlashgan. So‘z birikmasining iboraga aylanishidek jarayonni o‘zbek tilidagi nomi chiqqan iborasi misolida ko‘rib o‘taylik.
Nomi chiqqan. Ayni ibora hozirgi kunda “yaxshi ishlari, fazilatlari bilan mashhur bo‘lgan” va “nojo‘ya qilig‘i bilan yomonotliq bo‘lgan” ma’nosini bildiradi. Bungacha esa to‘g‘ri ma’noli oddiy so‘z birikmasi o‘laroq ishlatilgan. Masalan, “Ofitser qo‘lidagi ro‘yxatni qo‘lchiroq yorug‘iga tutib, o‘nta odamni chaqirdi. Nomi chiqqanlar vagondan pastga sakrab tushib, o‘zlarini bir onda soqchilar qurshovida ko‘rishdi (Tohir Malik, So‘nggi o‘q)” gapida nomi chiqqan so‘z birikmasi sifatida kelgan va “oti, ismi aytilgan” ma’nosida qo‘llangan. Mazkur ma’no to‘g‘ri ma’no bo‘lganligi uchun unda obrazli o‘xshatishning izi yo‘q.
Ushbu so‘z birikmasining iboraga aylanishiga yaxshi ishlari bilan tanilgan insonning xalq orasida nomi ko‘p tilga olinishi, el orasida nomi ko‘p eslanishi sabab bo‘lgan. Tabiiyki, xalq tilida ismi ko‘p aytilgan kishi mashhur bo‘lib ketadi. O‘z navbatida, mashhurlik o‘sha ismning ko‘p tilga olinishiga olib keladi. Nomi chiqqan birikmasining “yaxshi ishlari, fazilatlari bilan mashhur bo‘lgan” ma’nosini ifodalashga o‘tishiga muayan ismni xalqning bot-bot tilga olishi boisdir: Intizorning opasi viloyatda nomi chiqqan matematik, Zulfiqorning o‘g‘li o‘shandan qo‘shimcha dars olgani ketgan. (N.Normatov, Zulayho daraxti) Yoki: Damashqda nomi chiqqan bir fors tabibi bor ekan. Ota o‘g‘lini o‘shanga olib boribdi (Nusrat Rahmat, Jadid).
Qizig‘i shundaki, odam yomon ishi, nojo‘ya qilig‘i bilan ham el og‘ziga tushishi, bo‘lmag‘ur ishlar qilib yuradigan kishining ismi “falonchiga o‘xshab”, “pistonchi ham shunaqa qilgan edi” tarzida har yerda tilga olinaveradi. Ana shu holat nomi chiqqan iborasida “bo‘lmag‘ur ishi, nojo‘ya qilig‘i bilan yomonotliq bo‘lgan” ma’nosini yuzaga keltirgan. Quyidagi misollarda shu ma’noda qo‘llangan: U plenumda uchinchi sekretarlikka tavsiya qilingan, rayonda suyuqoyoqligi bilan nom chiqargan ayolga qarshi ovoz bergan (Said Ahmad, Umrim bayoni) Deylik, aft-angori o‘z zamonasida yoshlarga qarshi tish-tirnog‘i bilan kurashib, “adabiyotning jallodi” sifatida nom chiqargan bir oqsoqolimizga o‘xshasa, loqaydgina, behafsala qo‘l silkib qo‘yishi esa yana bir dovdirroq ustozimizni yodga solardi (Erkin A’zam, Chapaklar yoki chalpaklar mamlakati).
Qisqasi, inson yaxshi ishi bilan ham, yomon qilig‘i bilan ham el aro nomi chiqishi, og‘izga tushishi mumkin ekan.
Hozirgi kunda ko‘chma ma’noda qo‘llanadigan hunar ko‘rsatdi, ish chiqardi iboralari ham oldin so‘z birikmasi bo‘lgan va o‘sha paytlarda bugungi kundagiday ko‘chma ma’noda ishlatilmagan.
Hunar ko‘rsatdi. Bu ibora “hamma qoyil qoladigan ish qildi” hamda “kishi ko‘ngli qoladigan ish qildi, nojo‘ya qiliq qildi” ma’nolarini bildiradi. Odamzod hunari bilan sahroda bog‘ yaratgan, hunarini ko‘rsatib tog‘ni talqon qilish yo‘lini topgan va shu ishi bilan el og‘ziga tushgan. Hunari bilan ishni qoyil qilgan kishilarni xalq hunarini ko‘rsatdi deb olqishlagan. Shu tarzda hunar ko‘rsatdi oddiy birikmalikdan uzoqlashib, “hammani qoyil qoldiradigan ish qildi” ma’nosidagi obrazli iboraga aylangan. Odamlar odamlarni qoyil qoldirmoqchi bo‘lsa, “hunarimni ko‘rsataman” deyishga o‘tgan. Abdulla Qahhorning “Kartina” hikoyasidan olingan tubandagi gapda o‘zbekning shu odati qalamga olingan: Lekin endigi ko‘rgazmaga tomosha qilgani emas, hunarimni ko‘rsatgani boraman.
Odam bolasi xom sut emib katta bo‘lgan emasmi, nodonligiga borib nojo‘ya qiliqlar, kishi ko‘ngli qoladigan qilg‘iliklarni ham o‘rinlatishni o‘rgangan. Dono xalq buni ham nazardan qochirmagan va shunday bo‘lmag‘ur xatti-harakat qilganlarga qarata kinoyaomuz “hunar ko‘rsatdi” degan. Xalq hayotini yaxshi bilgan O‘tkir Hoshimov “Telpak” nomli hikoyasida tilimizdagi bu ma’noni ayolning zardali nutqiga o‘rinli ko‘chira olgan: – Kecha nima hunar ko‘rsatdingiz? – dedi chimirilib. Endi og‘iz ochmoqchi edim, jerkib berdi: – O‘n besh sutka o‘tirishni xohlamasangiz, manavi jarimani to‘lab keling.
Odam favqulodda hunar ko‘rsatib sizni hayratda qoldirsa ham yo namunali ish ko‘rsatib sizni qoyil qilsa ham, baribir, buni bilib qiladi, o‘ylab ish ko‘radi, ko‘pam tasodifga yo‘ymang. Ammo siz “Ja bama’ni odam” deb yurgan tanishingiz kutilmaganda nojo‘ya qiliq qilib, hafsalangizni pir qilishi ham mumkin. Ko‘pni ko‘rgan xalq buni-da nazardan qochirmagan va hech kutilmaganda bo‘lmag‘ur qilg‘ilik qilib qo‘yganlarni kinoyaomuz “ish ko‘rsatdi” iborasibilan “siylagan”.
Quyidagi misollarni qiyoslab ko‘rsangiz, o‘zingiz bunga amin bo‘lasiz:
1. Namunali, qoyil qoladigan ish qilmoq: Duchor kelganini ko‘kka otarman, ish ko‘rsatib yorim olib ketarman (“Alpomish”dan) Oqsoqol birdan bo‘shashdi, ammo zahrini oxirigacha sochmay qo‘ymadi: – Yigit emish! Yigit degani biror ish ko‘rsatmasa, yigit ekanmi?! (Erkin A’zam, Jannat o‘zi qaydadir)
2. Kishi ko‘ngli qoladigan ish qilmoq; nojo‘ya qiliq qilmoq: – Hali bu taraflarda ham ish ko‘rsatib yuribman, degin. Nima qilasan o‘zingga dushman orttirib. (Said Ahmad, Qirq besh kun) Kecha to‘yda kayfi oshib, rosa ish ko‘rsatibdi (“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”dan).
Diqqat qilsangiz, bitta ibora tilning tarixiy taraqqiyoti davomida ikki zid ma’noga ega bo‘lgan. Birini ko‘rib fikr, yana birini ko‘rib shukr qilgan o‘zbek bir ibora zamiriga (u hunar ko‘rsatishmi yoki ish ko‘rsatishmi, baribir) ana shunday qarama-qarshi ma’nolarni joylay olgan.
Har bir xalqning o‘z urflari, odatlari bor, bu to‘g‘ri va buni barchamiz bilamiz. Biroq kelib chiqishi bir xalqda har xil udumlar amal qilishi mumkinligini hamma bilavermaydi. Negaki bitta udum boshqa-boshqa niyatda o‘tkazilishi, farqli mazmun kasb etishi – siyrak kuzatiladigan holat. Elning etnografiyasidagi bunday farqlanish tiliga ham ko‘chmay qolmas. Masalan, Toshkentda marhumning yili o‘tkazilgan kuni azadorlik muddati tugaganini elga bildirish istagida “oqkiyar” marosimi o‘tkaziladi. Bu marosimda marhumning oila a’zolari azalik qora kiyimlarini yechib, oq rangli kiyimlarini kiyadilar. Shu bois toshkentliklar nutqida oq kiymoq iborasi “azadan chiqqan”likni bildiradi.
Buxoro va unga yaqin hududlarda – azali xonadonlarda ham “oqkiyar” marosimi o‘tkaziladi, ammo u yerlarda azadorlik muddati boshlanganda shunday qilinadi. Shunga ko‘ra, buxoroliklar nutqida oq kiymoq iborasi “azaga kirish, azali bo‘lish” ma’nosida qo‘llanadi. Ishonmasangiz, berilgan misollarni qiyoslab ko‘ring: 1. Azadan chiqish: – Xudoyo xudovando, shu eshikdan lopillab tobutlar chiqsin. Shu uydagilar oq kiymasin, qora kiyimdan boshi chiqmasin. (Said Ahmad, Jimjitlik) 2. Azali bo‘lish, azaga kirish: Kampir hali ham boshdan-oyoq oq kiyib, o‘g‘li Ibrohimga aza tutib yurar edi (Pirimqul Qodirov, Yulduzli tunlar).
Xullas, milliy tilimiz madaniy qadriyatlarimizning mana shunday saqlovchisi, mana shunday ifodachisidir. Bu til bag‘rida hali ochilmagan qo‘riqlar, topilmagan yombilar bisyor. Ularni topib-tutib Sizga ilinmoq bizning bo‘ynimizdagi qarzdir.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan galgi maqolamizda o‘zbeklar nega farzandlariga noodatiy ism qo‘ygani va buning sabablari xususida so‘z borgan edi.
O‘zbekning o‘z so‘zlari ruknimiz orqali har haftada o‘zbek tiliga oid juda qiziq ma’lumotlarni bilib olasiz va so‘z boyligingizni oshirasiz.
Avvalgi materiallar:
Shashlik yo kabob: qaysi biri o‘zbekchaligini bilasizmi?
Almisoqdan qolgan, go‘riga o‘t qalamoq: iboralar tarixini bilasizmi?
Eng ko‘p xato yoziladigan so‘zlar — ro‘yxat
Bu qiziq: o‘zbek milliy bolalar o‘yinlarini bilasizmi?
Aqiqa, beshikto‘yi, bolaqochdi: sunnat to‘yi bilan bog‘liq marosimlarni bilasizmi?
O‘zbek to‘yi: nikoh va undan keyingi urf-odatlarni bilasizmi
“Xumpar, xo‘tik, qulun”: uy hayvonlari o‘zbekcha qanday to‘g‘ri ataladi.
Yovvoyi hayvonlar o‘zbekcha qanday atalishini bilasizmi?
Parrandalar o‘zbekcha qanday to‘g‘ri ataladi
Nortoy, Jovli, Ashura: o‘zbeklar ism tanlashda nimalarga e’tibor qaratgan
Kir, o‘r, dori: tarixi qiziq bo‘lgan so‘zlarni bilasizmi?
Qo‘l uchida, bir pul: o‘zbekcha iboralarga oid qiziqarli test, Bilimingizni sinab ko‘ring
Yakshanba kuni test o‘tkazamiz, bilimingizni sinab ko‘rishingiz mumkin! Telegram-kanalimizga obuna bo‘lib, kuzatib boring.
Yangiliklar lentasi
0