O‘zbekistonda 2026-yilning yakuniga qadar tibbiy sug‘urta to‘liq joriy etiladi
10:39 07.09.2023 (yangilandi: 13:34 07.09.2023)
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaToshkent shahridagi 22-sonli oilaviy poliklinika.
Obuna bo‘lish
2024-2026 yillarda uyali telefon foydalanuvchilariga kasalliklar profilaktikasi va sog‘lom turmush tarzi asoslari bo‘yicha har kuni qisqa xabarlar yuboriladi.
TOShKENT, 7 sen — Sputnik. O‘zbekiston bo‘ylab 2026-yilning yakuniga qadar tibbiy sug‘urta to‘liq joriy etiladi. Bu haqda 6-sentabr kuni prezident tomonidan imzolangan tegishli farmonda nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, sog‘liqni saqlash vaziri va Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ijrochi direktori 2026-yilning yakuniga qadar tibbiy sug‘urtaning respublika bo‘ylab to‘liq joriy etilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
Shuningdek, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi Salomatlik va strategik rivojlanish instituti etib qayta tashkil etildi.
Institutning asosiy vazifalari:
sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga qarshi kurashish hamda oldini olish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, zararli odatlarga qarshi kurashish, aholining barqaror tibbiy madaniyatini shakllantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish;
ilg‘or va maqbul xorijiy tajriba asosida sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari, o‘rta muddatli va uzoq muddatli rivojlanish ssenariylari va strategiyalari bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish;
tibbiy statistikani shakllantirish va yuritish, statistik ko‘rsatkichlarni shakllantirishda xalqaro standartlar va metodikalarni joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, tibbiyot sohasidagi statistik ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash, umumlashtirish, tahlil qilish, tarqatish va saqlash borasidagi ishlarni takomillashtirish.
Shuningdek, 2024-2026 yillarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, to‘g‘ri ovqatlanishni tizimli targ‘ib qilish va ommalashtirish dasturi ishlab chiqiladi.
Hujjatga ko‘ra, uyali telefon foydalanuvchilariga kasalliklar profilaktikasi va sog‘lom turmush tarzi asoslari bo‘yicha har kuni qisqa xabarlar (SMS) yuboriladi.
Bozorlar, samolyot, poyezd, avtobus, metro, supermarketlar va fuqarolar ommaviy yig‘iladigan boshqa joylarda sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha roliklar namoyish qilinadi, radiomaslahatlar taqdim qilinadi va bukletlar tarqatiladi.
Qolaversa, xalqaro tashkilotlar va xorijiy konsalting kompaniyalari ishtirokida 2023-yil yakuniga qadar ilg‘or xorijiy tajriba asosida “Aholi salomatligi – 2030” milliy strategiyasi ishlab chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning 1-iyulidan Toshkent shahrida bosqichma-bosqich davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etildi. Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari va boshqa tibbiy ma’lumotnomalarni berish elektron shaklda amalga oshiriladi.