Keshbek haqida ma’ruza qilgan imom-xatib ishdan olindi

© Foto: GNK UzbekistanaKeshbek
Keshbek  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 25.08.2023
Obuna bo‘lish
Isoqjon Begmatov Toshkent shahridagi “Imom Termiziy” jome masjidi imom-xatibi vazifasidan ozod etildi.
TOShKENT, 25 avg — Sputnik. Toshkent shahridagi “Imom Termiziy” jome masjidi imom-xatibi Isoqjon Begmatov vazifasidan ozod etildi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma’lum qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasida Ichki nazorat komissiyasi tomonidan xalq orasida “Isoqjon domla” deb tanilgan “Imom Termiziy” jome masjidi imom-xatibi Isoqjon Begmatovning ijtimoiy tarmoqlardagi bir qator chiqishlari keng muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, komissiya a’zolari tomonidan imom-xatibning turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan hissiyotga berilib qilgan keskin chiqishlari, ulamolar fatvolariga nisbatan ayrim teskari fikrlari, ixtilofli masalalarni ko‘tarishi oqibatida, nizo va qarama-qarshiliklarga sabab bo‘lgani qattiq tanqid ostiga olindi.
Ta’kidlanishicha, ichki nazorat komissiyasi avval ham ushbu imom-xatibning mana shunday chiqishlarini bir necha bor ko‘rib chiqib, uni jiddiy ogohlantirgan edi.
"Begmatov ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo‘lgan chiqishlarida jiddiy xatoga yo‘l qo‘yganini e’tirof etdi va pushaymonligini bildirdi. Ichki nazorat komissiyasi qaroriga asosan imom-xatib mazkur chiqishlarida ushbu yo‘nalishdagi buyruqlar talablari, ichki tartib-qoidalari hamda mehnat majburiyatlariga muntazam ravishda rioya etmagani uchun Isoqjon Begmatov Toshkent shahridagi “Imom Termiziy” jome masjidi imom-xatibi vazifasidan ozod etildi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentdagi “Imom Termiziy” jome masjidi imom-xatibi Isoqjon Begmatovning soliqlar va “keshbek” ilovalaridan foydalanish to‘g‘risidagi chiqishi keskin munozaralarga sabab bo‘ldi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Begmatovning mazkur qarashlari uning o‘zboshimchalik ila aytgan shaxsiy fikri ekanligini ma’lum qildi.
Yangiliklar lentasi
0