Endi ko‘p kvartirali uylarni qarzdorlik bo‘lmagandagina sotish mumkin bo‘ladi
© Sputnik / Aktan TemirkanovTashkent-Siti.
© Sputnik / Aktan Temirkanov
Obuna bo‘lish
Ko‘p kvartirali uylardagi ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlar notariuslar tomonidan qarzdorlik mavjud emasligi tekshirilgandan keyin tasdiqlanadi.
TOShKENT, 24 avg — Sputnik. Endi O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylardagi ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlar qarzdorlik mavjud emasligi tekshirilgandan so‘ng tasdiqlanadi. Bu haqda prezident tomonidan qabul qilingan PQ–278 sonli qarorda nazarda tutilgan.
Qarorga ko‘ra, respublikadagi chegaralari belgilanmagan ko‘p kvartirali uylarning tutash yer uchastkalari chegaralari belgilanib, “YERELEKTRON” axborot tizimiga kiritiladi.
2024 yil 1-yanvardan:
ko‘p kvartirali uylardagi ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlar notariuslar tomonidan mulkdorning majburiy badallar yoki to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi mavjud emasligi tekshirilgandan keyin tasdiqlanadi;
majburiy badallarning yoki to‘lovlarning eng kam miqdori Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan belgilanadi;
agrotexnik ishlov berishdan hosil bo‘ladigan (daraxt va buta shox-shabbalari, barglari) va ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarni tozalashdan hosil bo‘lgan chiqindilarni maishiy chiqindilarni to‘plash punktlarida yoki chiqindilarni olib chiqib ketish operatorlari bilan kelishilgan maxsus joylarda yig‘ishga ruxsat etiladi.
Shirkatlar va boshqaruvchi tashkilotlarning hududiy elektr tarmoqlari korxonalari oldidagi qarzdorligi va ular uchun hisoblangan jarimalarning to‘lov muddati 2024-yil 1-oktabrgacha kechiktiriladi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasiga quyidagi qo‘shimcha vakolatlar beriladi:
ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari va joylar mulkdorlari tomonidan issiqlik ta’minotidan foydalanishda normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
ko‘p kvartirali uylardagi umumiy mol-mulk va ularga tutash yer uchastkalarida amalga oshirilgan ta’mirlash-tiklash ishlarining qonunchilik hujjatlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda shu yilning birinchi yarim yilligida ko‘chmas mulkning oldi-sotdi bo‘yicha bitimlar soni deyarli 131 mingtani tashkil etib, yillik o‘sish 3,9%ga oshdi.
O‘tgan yili Toshkent hokimligi aholini kvartira sotib olayotganda hushor bo‘lishga chaqirgan edi. Qayd etilishicha, so‘nggi paytlarda ayrim qurilish tashkilotlari qurilish loyihalari hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashi tomonidan tasdiqlanmagan va ekspertizadan o‘tmagan ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarni sotmoqda.