Endi talabalar yotoqxonaga DXM va my.gov.uz orqali joylashtiriladi

© Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Talabalar yotoqxonasi
Talabalar yotoqxonasi - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 15.08.2023
Obuna bo‘lish
2024/2025 o‘quv yilidan barcha kurs talabalari uchun davlat OTM yotoqxonasiga joylashish onlayn amalga oshiriladi.
TOShKENT, 15 avg — Sputnik. Endi O‘zbekistonda talabalarni yotoqxonaga joylashtirish faqat davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali amalga oshiriladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Hukumat qarori bilan Davlat oliy ta’lim muassasalarining talabalarini talabalar turar joyiga joylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra:
davlat OTM talabalar turar joyiga joylashish faqat davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali elektron ariza berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Bunda talabalarga navbatni onlayn kuzatish va to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, talabalar bilan tuziladigan turar joy ijara shartnomalari davlat soliq xizmati organlarida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali masofadan turib biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) texnologiyasi orqali onlayn hisobga qo‘yiladi.
2023/2024 o‘quv yilida 1-kurs talabalari uchun davlat OTM talabalar turar joyiga joylashish davlat xizmati markazlari va my.gov.uz orqali bepul elektron ariza berish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Arizalar 20-avgustdan qabul qilinadi.
2-kurs va undan yuqori kurs talabalarini talabalar turar joyiga joylashtirish an’anaviy tarzda amalga oshiriladi.
Bunda yotoqxonaga joylashish uchun ariza OTM talabalar turar joylariga joylashtirish komissiyasiga 2023-yil 25-avgustgacha topshiriladi.
2024/2025 o‘quv yilidan barcha kurs talabalari uchun davlat OTM yotoqxonasiga joylashish onlayn amalga oshiriladi.
Bunda talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza berish har yili 1-avgustdan boshlanib, o‘quv yili yakunigacha davom etadi.
Reglamentga muvofiq, ayrim toifadagi talabalar yotoqxonaga ustuvorlik asosida qabul qilinadi.
Shunga ko‘ra, talabalar turar joyiga joylashish uchun yo‘llanma dastlab imtiyozli ro‘yxat, so‘ng umumiy ro‘yxatdagi navbat bo‘yicha avtomatik shakllantiriladi.
Yangiliklar lentasi
0