Mirziyoyev O‘zbekiston qurilish sohasi xodimlarini tabrikladi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 13.08.2023
Obuna bo‘lish
Ta’kidlanishicha, o‘tgan yetti yil davomida O‘zbekistonda qurilish ishlari hajmi bir necha barobar ortib, 2016-yildagi 30 trillion so‘m o‘rniga 2022-yilda 131 trillion so‘mga yetgan.
TOShKENT, 13 avg — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston qurilish sohasi xodimlarini tabrikladi.
“Avvalo, siz, azizlarni qutlug‘ kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga samimiy hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman. El-yurtimiz sizlar kabi ming-minglab mohir quruvchi va muhandislar, usta va me’morlarni, loyihachi va pudratchi tashkilotlar vakillarini Yangi O‘zbekiston ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgan fidoyi insonlar deb biladi”, - deydi Mirziyoyev.
Prezidentga ko‘ra, qurilish sohasi xodimlarining mehnati bilan barpo etilayotgan yangi-yangi turar-joylar, ishlab chiqarish obyektlari, yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlari, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport maskanlari O‘zbekiston qiyofasini tubdan o‘zgartirib, o‘zbek xalqi hayotining yanada obod va farovon, fayzli bo‘lishiga xizmat qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, o‘tgan yetti yil davomida O‘zbekistonda qurilish ishlari hajmi bir necha barobar ortib, 2016-yildagi 30 trillion so‘m o‘rniga 2022-yilda 131 trillion so‘mga, joriy yilning birinchi yarmida esa 68 trillion so‘mga yetgani O‘zbekiston bunyodkorlari qisqa davrda qanday katta yo‘lni bosib o‘tganidan dalolat beradi.
“Bugungi kunda mamlakatimiz qurilish sohasida ham yangi davr boshlandi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Avvalo, sohaning huquqiy va moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, respublikamizning barcha hududlarida ilg‘or texnologiya va yondashuvlar asosida faoliyat yuritadigan yangi-yangi qurilish tashkilotlari paydo bo‘layotgani, qurilish materiallari industriyasi yuqori sur’atlar bilan rivojlanayotgani, malakali yetuk kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani shunday deb aytishga asos beradi”, - dedi prezident.
Qayd etilishicha, urbanizatsiya bo‘yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish hamda 2023–2027 yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlari shakllantirilmoqda.
“Qurilish sohasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali qurilish jarayonlarining barcha bosqichlarida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, sifat va samaradorlikni oshirish, zahmatkash quruvchilarning mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash, ularni har tomonlama rag‘batlantirish masalalari bundan buyon ham doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lib qoladi”, - dedi Mirziyoyev.
Yangiliklar lentasi
0