O‘zbekiston marosimlarda daraxt ekish an’anasini tiklashi mumkin

Toshkent shahri - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 11.08.2023
Obuna bo‘lish
Ko‘chat ekish tadbirlariga avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar ko‘p mablag‘ ajratiladi.
TOShKENT, 11 avg — Sputnik. O‘zbekistonda oilada yangi farzand dunyoga kelganda, to‘y, yubiley va tug‘ilgan kun marosimlarida daraxt ekish kabi ezgu an’anani tiklash muhim. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Buxoro viloyatida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot kotibi.
Qayd etilishicha, tegishli hududlar rahbarlariga qarovsiz qolgan 10 million tup daraxt o‘rniga yana shuncha daraxt ko‘chatini suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan hududlarga ekish topshirildi.
Viloyat, tuman va shahar hokimlari 15-avgustga qadar daraxt ko‘chatlari zaxirasini yaratib, ularni ekish bo‘yicha hududiy dasturlarni tasdiqlaydi.
“Bundan buyon ko‘chat ekish tadbirlari har yili tasdiqlanadigan investitsiya dasturi asosida amalga oshirilishi belgilandi. Bu maqsadlar uchun har yili avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar ko‘p - 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, o‘rmon xo‘jaliklarining 1,5 ming gektar yer maydonlarida kasanachilik asosida ko‘chat yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Bu orqali kamida 10 ming nafar aholi bandligi ta’minlanib, har bir ko‘chatni kafolatli sotib olish tizimi yaratiladi.
Yangiliklar lentasi
0