Moskva viloyatida kuchli portlash sodir bo‘ldi — video

Obuna bo‘lish
Sergiyev Posaddagi portlashda 43 kishi jarohatlangan, 6 kishining ahvoli og‘ir. Dronlar hujumi tasdiqlanmadi.
TOShKENT, 9 avg — Sputnik. Bugun soat 10:40 da Moskva viloyatidagi Sergiyev Posad shahridagi optik-mexanik zavodda (ZOMZ) kuchli portlash sodir bo‘ldi.
Ma’lum bo‘lishicha, portlash zavodning pirotexnika vositalari ishlab chiqaruvchi "Piro-Ross"ga ijaraga berilgan omborxonada sodir bo‘lgan. Voqea oqibatida zavoddagi sexlardan biri vayron bo‘lgan, ikkinchisi qisman shikastlangan, atrofdagi binolarda oynalar singan. Dastlabki xulosalarga ko‘ra, portlash yuklash-tushirish ishlari paytida yoki ishlab chiqarish texnologiyalarining buzilishi oqibatida sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Sergiyev Posaddagi portlash natijasida 43 kishi tan jarohati olgan, ulardan olti nafarining ahvoli og‘ir. Voqea joyiga 23 ta tez tibbiy yordam brigadasi, Tabiiy ofatlarga qarshi kurashish hududiy markazining beshta brigadasi ishlamoqda, deya xabar beradi Moskva viloyati Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Yana besh nafari haligacha vayronalar ostida qolgan bo‘lishi mumkin. Ayni damda vayron bo‘lgan bino qoldiqlari ostidan odamlarni qidirish davom etmoqda.

"Sergiyev Posaddagi zavodga uchuvchisiz apparat hujumi haqidagi versiya hozircha operativ xizmatlar tomonidan tasdiqlanmagan", - dedi viloyat gubernatori Vorobyov.

Sergiyev Posaddagi portlashdan so‘ng sanoat xavfsizligi talablarini buzish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi, deb xabar bermoqda Moskva viloyati Tergov departamenti.
Yangiliklar lentasi
0