Kontrakt to‘laydiganlar soliqqa tortilmaydi — buning uchun qayerga murojaat etish kerak?

© Pexels / Mikhail NilovSoliq
Soliq - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 05.08.2023
Obuna bo‘lish
Jismoniy shaxslar o‘zi va farzandlari, shuningdek 26 yoshga to‘lmagan turmush o‘rtog‘ining ta’lim olishi uchun yo‘naltirgan ish haqi va boshqa daromadlari soliqqa tortilmaydi.
TOShKENT, 5 avg — Sputnik. Farzandi yoki turmush o‘rtog‘i uchun kontrakt to‘laydigan shaxslar soliqqa tortilmaydi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, professional va oliy ta’lim tashkilotlariga jismoniy shaxslar o‘zi va farzandlari, shuningdek 26 yoshga to‘lmagan turmush o‘rtog‘ining ta’lim olishi uchun yo‘naltirgan ish haqi va boshqa daromadlari soliqqa tortilmaydi.
“Mazkur imtiyoz o‘qish uchun tijorat banklari tomonidan ajratilgan ta’lim kreditlarini (foizlari bilan) qoplashga nisbatan ham qo‘llaniladi”, deyiladi xabarda.
Agar siz ta’lim uchun yoki olingan ta’lim kreditini (foizlari bilan) qoplash uchun mablag‘larni professional va oliy ta’lim tashkilotlariga yoki tijorat bankiga ish beruvchi tomonidan o‘tkazib berilishini va bu mablag‘laringizga soliq solinmasligini istasangiz, u holda tegishli ariza bilan ish beruvchiga murojaat etishingiz lozim.
Bunda, quyidagi hujjatlar ilova qilinishi kerak:
talaba bilan O‘zbekiston professional yoki oliy ta’lim tashkilotlari o‘rtasida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish to‘g‘risida tuzilgan shartnoma (shartnomalar) nusxasi;
tijorat banki bilan ta’lim kreditini olish uchun tuzilgan shartnoma (shartnomalar) nusxasi.
Agar siz oldingi yillarda ishlagan bo‘lsangiz, shartnoma summasini o‘zingiz mustaqil ravishda to‘lagan bo‘lsangiz, doimiy yashash joyidagi soliq organiga jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya va tegishli hujjatlarni topshirish orqali to‘langan daromad solig‘ini qaytarishingiz mumkin.
Bunda, quyidagi hujjatlar ilova qilinishi kerak:
talaba bilan O‘zbekiston professional yoki oliy ta’lim tashkilotlari o‘rtasida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish to‘g‘risida tuzilgan shartnoma (shartnomalar) nusxasi;
tijorat banki bilan ta’lim kreditini olish uchun tuzilgan shartnoma (shartnomalar) nusxasi;
O‘zbekiston professional va oliy ta’lim tashkilotlari hisob raqamiga (ta’lim kreditini (foizlari bilan) qoplaganda tijorat banki hisob raqamiga) pul mablag‘larini mustaqil to‘laganligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi.
Ta’lim uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar miqdori jami yillik daromaddan ortiq bo‘lsa, boshqa oila a’zosi (ota/ona, er/xotin) soliq to‘langan summaning qolgan qismidan olingan daromad solig‘ini xuddi shu tarzda qaytarishi mumkin. Bunda, u avval imtiyoz qo‘llanilgan summa miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotnoma taqdim etilishi kerak.
Agar turli hududlardagi davlat soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘linsa, u holda imtiyozni qo‘llamoqchi bo‘lgan shaxs boshqa hujjatlar bilan birga oilaning qolgan a’zolari ushbu imtiyozni hali qo‘llamaganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma taqdim etadi.
Yangiliklar lentasi
0