Sherzod Kudbiyev yana Soliq qo‘mitasi raisi bo‘ldi

© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovSherzod Kudbiyev
Sherzod Kudbiyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 03.08.2023
Obuna bo‘lish
Sherzod Kudbiyev 2020-yil may oyidan 2022-yil oxirigacha Davlat soliq qo‘mitasiga rahbarlik qilgan edi.
TOShKENT, 3 avg — Sputnik. O‘zbekiston prezidentining qarori bilan Sherzod Kudbiyev Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Shu munosabat bilan Kudbiyev O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vaziri lavozimidan ozod etildi.
O‘tgan yil dekabr oyining oxirida ma’muriy islohot natijasida Kudbiyev Iqtisodiyot va moliya vaziri etib tayinlangan edi. Yangi vazirlik Moliya va Iqtisodiyot vazirliklarining vazifalarini, Bojxona qo‘mitasi hamda Soliq qo‘mitasini o‘zida birlashtirgan edi.
Sherzod Kudbiyev 2020-yil may oyidan 2022-yil oxirigacha Davlat soliq qo‘mitasiga rahbarlik qilgan.
Kudbiyev 1981-yil Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. Farg‘ona politexnika institutini bitirgan. Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi bo‘lgan. 2015−2016 yillarda Vazirlar Mahkamasi Makroiqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartirishlar, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va hududlarni kompleks rivojlantirish masalalari yig‘ma axborot-tahlil departamenti mudiri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
U 2018-yil aprel oyida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri etib tayinlangan, 2019-yilning avgust oyidan O‘zbekiston prezidentining davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi va 2019-yili yangi tashkil etilgan prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining direktori lavozimida mehnat qilgan.
Yangiliklar lentasi
0