“Agroplatforma” axborot tizim qanday xizmatlar ko‘rsatadi
10:11 03.08.2023 (yangilandi: 15:08 10.08.2023)
© Sputnik / Vitaliy Timkiv
/ Obuna bo‘lish
2024 yildan boshlab qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish xarajatlari tijorat banklarining “Agroplatforma” AT orqali shakllantirilgan buyurtmanomalari asosida moliyalashtiriladi.
TOShKENT, 3 avg — Sputnik. O‘zbekistonda “Agroplatforma” axborot tizimi joriy etiladi. Bu prezident tomonidan qabul qilingan PQ–257-sonli qarorda nazarda tutilgan.
Qarorga ko‘ra, 2023-yil 1-sentabrdan “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsion platformasi tarkibida “Agroplatforma” axborot tizimi joriy etiladi.
"Mazkur platforma paxta, boshoqli don, meva-sabzavotlar yetishtirish uchun imtiyozli kredit ajratish jarayonlarini raqamlashtirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga shaffoflik tamoyili asosida xizmat ko‘rsatishni nazarda tutadi", - deyilgan hujjatda.
2024 yil hosilidan boshlab qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish xarajatlari tijorat banklarining “Agroplatforma” AT orqali elektron tarzda shakllantirilgan buyurtmanomalari asosida moliyalashtiriladi.
Bunda mahsulot yetishtiruvchilarga “Agroplatforma” ATdagi shaxsiy kabinetlari orqali elektron xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
2023 yil yakunigacha:
Geoaxborot texnologiyalari va kosmik tasvirlarni tahlil qiladigan xizmatlarni ko‘rsatish platformasi joriy etiladi;
qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirishning amaldagi mexanizmlari raqamli texnologiyalar yordamida takomillashtiriladi.
Bunda, yerdan foydalanuvchilarning takliflarini qabul qilish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini elektron joylashtirish, kelishish, ma’lumot va hisobotlarni avtomatik shakllantirish uchun “CropAgro” axborot tizimi joriy etiladi;
Qoraqalpog‘iston respublikasi va viloyatlar qishloq xo‘jaligi geoportallari takomillashtirilib, tegishli hududlarning qishloq xo‘jaligi sohasiga oid geografik, statistik va tahliliy ma’lumotlardan ochiq foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorga ko‘ra, 2024-yil 1-fevralgacha sohadagi statistik ma’lumotlarning ishonchliligi va tezkorligini ta’minlash uchun Agrar va oziq-ovqat sohasida vaziyatlarni baholash markazining ishga tushirilishi nazarda tutilgan.
2023 yil 1-oktabrgacha “Agroplatforma” ATda qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanuvchilarning yagona ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali subsidiya ajratilishi belgilangan edi. Tizimda talabgorlar tomonidan yuborilgan arizalar subsidiya turidan kelib chiqib amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilangan talab, muddat va bosqichlarga muvofiq ko‘rib chiqiladi.