Hududlarda elektr energiyasi nega o‘chirilyapti – Energetika vazirligi sabablarini keltirdi
19:33 01.08.2023 (yangilandi: 19:54 01.08.2023)
© AO "Regionalnie elektricheskie seti"Otklyuchenie elektrichestva
© AO "Regionalnie elektricheskie seti"
Obuna bo‘lish
Vazirlik “svetni” o‘chirib qo‘yishga majbur qilayotgan omillarni sanab o‘tdi.
TOShKENT, 1 avg — Sputnik. O‘zbekistonning deyarli barcha hududida kunning ma’lum vaqtida yuzaga kelgan yoqilg‘i-energetika sohasida murakkab vaziyat sabab elektr energiyasini uzishga majbur bo‘linmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Iyun oyida jami 34,8 mln kVt·soat majburiy cheklov kiritilgan bo‘lsa, mazkur ko‘rsatkich iyul oyining o‘tgan 31 kuni mobaynida 175 mln kVt·soatni tashkil qildi. Yoz fasliga o‘tilganidan beri jami 210 mln kVt·soat majburiy cheklov qo‘llanilgan.
Vazirlik bunga quyidagi omillar sabab bo‘layotganini ma’lum qildi.
Iyun oyida tizimda modernizatsiya va rekonstruksiya ishlarini xavfsiz olib borish maqsadida qator hududlarda maqsadli o‘chirishlar amalga oshirilgan. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va uning hududiy filiallari hamda Energetika vazirligining barcha ijtimoiy tarmoqlardagi sahifa va kanallari orqali kamida bir sutka oldin xabarlar e’lon qilib borilgan.
Natijada birgina Toshkent shahrining o‘zida 542 ta transformator podstansiyasi va 592,36 kilometr elektr uzatish tarmoqlari mukammal, 923 ta transformator hamda 702,3 kilometr havo tarmog‘i joriy ta’mirlandi.
Past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash dasturiga muvofiq 930,6 km past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari hamda 228 ta transformator punktlari yangilandi.
"Sag‘bon", "Yunusobod", "Qo‘qon", "Karvon", "Qorasuv", "Yalang‘och", "Tuzel" va "Sergeli-35" podstansiyalaridagi 9 ta kichik quvvatli transformator katta quvvatlisiga almashtirildi.
Ayni paytda ham “Yunusobod City”, “Tashkent City”, "Olmos", “Yangi O‘zbekiston” hamda "Yangihayot" industrial zonalari uchun podstansiyalar qurish hamda ularni elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun yangi elektr uzatish tarmoqlarini bunyod qilish ishlari davom etmoqda.
“Bu ishlarni xavfsiz bajarish va elektr montyorlarning sog‘lig‘i hamda hayotiga tug‘ilishi mumkin bo‘lgan xatarlarning oldini olish maqsadida kunning ma’lum vaqtlarida tegishli hududlardagi iste’molchilar elektr ta’minotidan vaqtincha uzib qo‘yilmoqda”, - deyilgan xabarda.
Iyul oyida esa, asosan, respublikada ob-havoning haddan tashqari isib ketgani elektr energetikasini uzluksiz hamda yo‘qotishlarsiz yetkazib berishda qiyinchilik tug‘dirmoqda.
“Mazkur holat birgina O‘zbekistonga xos emas. Bugun dunyoning qariyb barcha burchagida anomal issiq harorat hukm surmoqda. Oxirgi haftalarda, ayniqsa, O‘rta Yer dengizi mintaqasida, Amerika Qo‘shma Shtatlari janubida va Xitoyning ayrim hududlarida jazirama kuzatildi. Gretsiya hamda Jazoirdagi 40 daraja issiq o‘rmon yong‘inlariga sabab bo‘ldi”, - deya tushuntirgan vazirlik.
Kuchli issiq harorat esa sovitish maqsadida elektr energiyasidan foydalanishning karrasiga oshishiga olib kelmoqda. Natijada kabellar kuyib ketapti, transformatorlar ishdan chiqmoqda. Avariya oqibatlarini bartaraf etish esa ham katta mablag‘, ham ko‘p vaqt yo‘qotilishiga sabab bo‘layotir.
Avariya yuz bermasligi uchun esa bir nechta fiderlarni tarmoqdan majburiy o‘chirib qo‘yib, qator xonadonlar, budjet tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlarini vaqtincha uzib turish – eng maqbul chora. Bu kutilmagan avariyaviy holatlarning oldini olishga hamda mablag‘ va vaqt tejalishiga xizmat qiladi.
“Oddiy aytganda, qaysidir hududni quyosh tig‘ida tashqaridan, ortiqcha yuklama tufayli esa ichidan qizib ketgan kabelni sovitish maqsadida ikki-uch soatga tarmoqdan uzib turish keyinchalik kabel va transformatorning yonib ketishi hamda iste’molchilar 10-12 soatlab elektr energiyasiz qolishlaridan ko‘ra afzalroq yechimdir”, - deyilgan xabarda.
Vazirlik “iste’molchi hamisha haq ekani, uzluksiz va barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash mutasaddilarning burchi” ekanini tan olgan.
Ta’kidlanishicha, bu borada tizim tashkilotlari tomonidan juda katta ishlar qilinyapti. Xususan, oxirgi paytlarda kunlik ishlab chiqarish o‘rtacha 107,8 foizni, oylik ishlab chiqarish o‘rtacha 106,2 foizni, yillik ko‘rsatkich esa 101,8 foizni tashkil qilyapti.
So‘nggi kunlarda bir qator yangi ishlab chiqarish quvvatlari – Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida quvvati 1500 MVt bo‘lgan issiqlik stansiyasining 500 kV kuchlanishli 2 ta elektr uzatish tarmog‘i, Bo‘stonliq tumanida quvvati 200 kVt bo‘lgan "Ispaysoy" mikroGES hamda Yashnobod tumanida 30 mingdan ziyod xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan yangi "Olmos" podstansiyasi ishga tushirildi.
Vazirlik iste’mol ham shunga yarasha bo‘layotganini aytgan. Masalan, bugungi kunda o‘rtacha ise’mol kuniga 11 200 MVtga teng bo‘lmoqda. Hatto kunning ayrim paytlarida, asosan, issiq harorat zabtiga olgan chog‘da elektr energiyasi sarfi ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmiga teng, ba’zan talab undan ham ortib ketayotir.
Buni birgina iyul oyining o‘zida sutkalik iste’molda ikki marta rekord ko‘rsatkichning qayd etilgani ham yaqqol tasdiqlaydi. Xususan, 12-iyul kuni respublika bo‘yicha jami iste’mol 247,5 mln kVt·soatni tashkil qilgan bo‘lsa, 26-iyul kuni 250,7 mln kVt·soatga yetib, sutkalik rekord yana bir karra yangilandi.
“Bunday vaziyatda energiya tejamkorlikka qat’iy rioya qilish, xonadonlarda ham barcha xonani emas, atigi bittasini sovitish, ishlatilmayotgan elektr uskunalarini tarmoqdan sug‘urish, zarurat bo‘lmagan hollarda, ayniqsa, kunduz kunlari lampochkalarni o‘chirib qo‘yish eng maqbul yo‘ldir”, - deya tushuntirgan Energetika vazirligi.
Vazirlik fuqarolardan bugungi anomal issiq sharoitida Energetika vazirligi hamda uning tizim tashkilotlari tarafidan amalga oshirilayotgan majburiy choralarni to‘g‘ri tushunishlarini hamda qo‘llab-quvvatlashlarini so‘ragan.