Pekinda kuchli yomg‘ir sabab yuqori darajadagi xavf e’lon qilindi

© AP Photo / Mark SchiefelbeinPekindagi kuchli yomg‘ir
Pekindagi kuchli yomg‘ir - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 31.07.2023
Obuna bo‘lish
Xitoy markaziy televideniyesi xabar berishicha, yakshanba kuni soat 23:00 holatiga ko‘ra, shaharda yomg‘ir tufayli 31 338 kishi evakuatsiya qilingan.
TOShKENT, 31-iyul — Sputnik. Pekin rasmiylari kuchli sel bo‘yicha geologik ofatlar va meteorologik xavflar haqida eng yuqori — “qizil” darajadagi ogohlantirishni e’lon qildi. Xitoy poytaxtining o‘n minglab aholisi yomg‘irlar tufayli evakuatsiya qilindi, ikki kishi halok bo‘ldi.
Shahar meteorologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, eng yuqori ogohlantirish shaharning ayrim hududlarida ko‘chkilar, sel oqimlari, tuproqlarning cho‘kishi xavfi kuchayishi bilan bog‘liq.
Avvalroq dushanba kuni Pekin meteorologiya stansiyasi ham Pekinning turli hududlarida kuchli sel yog‘ishi sababli eng yuqori “qizil” ogohlantirish darajasini e’lon qilgan edi. Stansiya ma’lumotlariga ko‘ra, yomg‘ir kamida seshanba kuni soat 8:00 gacha davom etadi. Shuningdek, Pekinda 29-iyul kuni soat 20.00 dan (Moskva vaqti bilan 15.00) 31-avgust kuni soat 14.00 (Moskva vaqti bilan 9.00) oralig‘ida o‘rtacha 182 millimetr yog‘ingarchilik tushganini ma’lum qilindi.
Eng ko‘p yog‘ingarchilik Pekin janubi-g‘arbidagi Fanshan va Xitoy poytaxti g‘arbidagi Mentougou tumanlarida bo‘ldi, bu yerda ko‘rsatilgan vaqt ichida o‘rtacha 347,8 va 322,5 millimetr yog‘ingarchilik tushdi.
Xitoy markaziy televideniyesi xabar berishicha, yakshanba kuni soat 23:00 holatiga ko‘ra, shaharda yomg‘ir tufayli 31 338 kishi evakuatsiya qilingan. Shuningdek, 4000 dan ortiq qurilish obyektlarida ishlar to‘xtatilgani ma’lum qilindi.
Bundan tashqari, televidenie xabarlariga ko‘ra, kuchli sel tufayli Xitoy poytaxti g‘arbidagi Mentougou hududida besh mingga yaqin odam evakuatsiya qilingan. Hozirgacha hududda ikki kishining jasadi topilgan.
31 iyul kuni soat 14:00 holatiga ko‘ra, kuchli sel 428 ta yo‘nalishdagi jamoat transporti faoliyatiga ta’sir ko‘rsatgan, shundan 346 tasi qatnovi to‘xtatilgan. Pekin shimolidagi Xuayjou tumanida barcha jamoat transporti harakati to‘xtatildi. Shuningdek, butun Yanfan metro liniyasida transport harakati to‘xtatildi. Pekin poytaxti xalqaro aeroporti momaqaldiroq tufayli 40 ta reysni bekor qilgani, ko‘plab reyslar kechiktirilgani xabar qilindi.
Yangiliklar lentasi
0