Misrda "O‘tkan kunlar" arab tiliga tarjima qilinmoqda

© IA "Dunyo"Misrda "O‘tkan kunlar" arab tiliga tarjima qilinmoqda
Misrda O‘tkan kunlar arab tiliga tarjima qilinmoqda - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 31.07.2023
Obuna bo‘lish
Misrlik professor “O‘tkan kunlar” romanining arab tiliga tarjima qilinishi, nafaqat Misr, balki butun arab dunyosida iliq kutib olinishiga ishonch bildirdi.
TOShKENT, 31-iyul — Sputnik. Misrning “Ayn Shams” universiteti professori, yozuvchi, tarjimon Muhammad al-Jibali Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanini arab tiliga tarjima qilishga kirishdi. Bu haqda "Dunyo" AA O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasiga tayangan holda xabar bermoqda.
Iyun oyida O‘zbekiston prezidenti saylovini bevosita kuzatgan Muhammad al-Jibali Toshkentda bo‘lgani chog‘ida Abdulla Qodiriy uy muzeyida bo‘lgan. Yozuvchining nabiralari bilan uchrashgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasida suhbatlar o‘tkazib, o‘zbek madaniyati va tarixi bilan yaqindan tanishgan.
“O‘zbekiston zaminida kechgan uchrashuv va suhbatlar misrlik professorda o‘zbek xalqi va adabiyotiga bo‘lgan mehrini yanada kuchaytirganiga shubha yo‘q – shunday so‘ng u “O‘tkan kunlar” romanini ilk marotaba arab tiliga o‘girishga ahd qildi”, - deyiladi xabarda.
Muhammad al-Jibalining aytishicha, nihoyatda boy adabiy merosga ega o‘zbek adabiyoti durdonalari xorijiy tillarga tarjima qilinmagani uni ajablantirgan. Professor “O‘tkan kunlar” romanining arab tiliga tarjima qilinishi, nafaqat Misr, balki butun arab dunyosida iliq kutib olinishiga ishonch bildirdi. Bu o‘zbek madaniyati, mintaqa tarixi, o‘zbekona odob-ahloq bilan Yaqin Sharq xalqlarini yaqindan tanitishga misli ko‘rilmagan darajada hissa qo‘shadi.
Mutaxassisning ishonch bilan qayd etishicha, arab tilining sinonimlarga nihoyatda boyligi, har bir harakat va holatni turli usullarda tasvirlash xususiyati, xalqlarning madaniy-ma’naviy jihatdan yaqinligi romanning ushbu tarjimasi boshqa xorijiy tillardagi tarjimalaridan sezilarli darajada sifatli bo‘lishiga va badiiy go‘zallikni saqlab qolishga imkon beradi.
Romandagi o‘zbekona ruhni aks ettirish, tarjima sifatini oshirish maqsadida tarjima muallifiga mamlakatning Misrdagi elchixonasi madaniy masalalar bo‘yicha attashesi Otabek Alimov hozirgi paytda Qohirada istiqomat qilayotgan Husan Abdumajidov, taqdir taqozosi bilan bolalik chog‘laridan buyon Saudiya Arabistonida yashab tahsil olgan vatandosh, yozuvchi va tarjimon Said Mahmud Kosoniy va boshqa hamurtlar ko‘maklashmoqda. Asardagi ba’zi arab imlosida (eski o‘zbek yozuvi) bitilgan atamalarni asl holida saqlab qolish uchun romanning ilk nusxasi Abdulla Qodiriyning nabiralari tomonidan taqdim etildi.
“O‘tkan kunlar”ning arab tiliga tarjimasi romanning 100-yilligi arafasida 2024-yili tayyor bo‘lishi va mintaqadagi eng yirik va nufuzli 55-Qohira xalqaro kitob yarmarkasida taqdim etilishi rejalashtirilmoqda.
Roman 1920-yillar boshida yozilgan. 1922-yil ilk bor “Inqilob” jurnalida chop etilgan. 1926-yilda alohida kitob holida nashr qilingan.
O‘tkan kunlar romani asosida ilk milliy muzikl yaratildi - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 15.11.2022
"O‘tkan kunlar" romani asosida ilk milliy muzikl yaratildi
Yangiliklar lentasi
0