O‘zbekiston mustaqillikning 32-yilligiga tayyorgarlik ko‘rishni boshladi — tadbir qanday o‘tadi?

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaYangi O‘zbekiston bog‘i
Yangi O‘zbekiston bog‘i - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 29.07.2023
Obuna bo‘lish
Bayramga tayyorgarlik ko‘rish uchun “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan dastur tasdiqlandi.
TOShKENT, 29-iyul — Sputnik. O‘zbekiston davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rishni boshlaydi. Bu haqda 28-iyul kuni prezident tomonidan imzolangan tegishli qarorda nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturi tasdiqlandi.
Quyidagi tadbirlarni o‘tkazish belgilandi:
Mustaqillik bayramiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy anjumanlar;
“Uch avlod uchrashuvi” tadbirlari;
Ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar;
Milliy kino kunlari;
Gastronomik festivallar;
Sayillar, madaniyat va sport tadbirlari.
Mazkur tadbirlarni o‘tkazish maqsadida ilm-fan namoyandalari, madaniyat va san’at arboblari, taniqli sportchilardan iborat targ‘ibot guruhlari tashkil etiladi.
Shuningdek, bayram dasturlarini tayyorlashga ssenarist va rejissorlar, yozuvchi va shoirlar, bastakor va baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilar, maqom va baxshichilik san’ati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etiladi.
Quyidagilarga moddiy va ma’naviy yordam berish bilan bog‘liq xayriya tadbirlari o‘tkaziladi:
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va faxriylar;
Mehnat faxriylari;
Nuroniy otaxon va onaxonlar.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Mehr daftari”ga kiritilgan hamda e’tibor va ko‘makka muhtoj insonlar.
Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan teatrlashtirilgan konsert tomoshasining dasturi va ssenariysi ishlab chiqiladi.
O‘tkaziladigan ko‘rik-tanlovlar:
“Ona diyor ranglar jilosida”, “Vatan uchun yashaylik!”, “Eng ulug‘, eng aziz”
Mamlakat istiqlolini tarannum etuvchi eng yaxshi qo‘shiq va musiqa asarlari tanlovining yakuniy bosqichi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda mustaqillikning 31-yilligi “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shior ostida o‘tkazilgan.
Yangiliklar lentasi
0