Migrantlar eng ko‘p so‘ragan savollarga javoblar

© Sputnik / Aleksey Filippov / Mediabankka o‘tishPribitie poyezda Tashkent-Moskva
Pribitie poyezda Tashkent-Moskva - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 18.07.2023
Obuna bo‘lish
Patent olish, pasport yo‘qolganda kimga murojaat qilish, oila a’zolariga uchun imtiyozlar — ushbu va boshqa mehnat migrantlari eng ko‘p so‘raydigan savollarning javoblari.
So‘nggi bir necha yil davomida O‘zbekistonda mehnat migratlarini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat miqyosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi, qator qonunlar qabul qilindi.
Sputnik migrantlar eng ko‘p so‘raydigan savollarga javob olish maqsadida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Yig‘ma tahlil boshqarmasi boshlig‘i Azim Ahmatovga murojaat qildi.
1. Migrantlar oila a’zolari uchun qanday imtiyozlar bor?
Agarda mehnat migrantining oilasi ijtimoiy himoya reyestrida tursa, oilasiga hokim yordamchisi tavsiyasiga ko‘ra, BHMning 2 baravari miqdorida bir martalik yordam berish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari, agar migrantning nogiron oila a’zosi bo‘lsa, ularga zarur vositalarni xarid qilish uchun beg‘araz yordam berish yo‘lga qo‘yilgan. Vositalarni sotib olish uchun oilasiga BHMning besh barovari miqdorida moddiy yordam ajratiladi.
Shuningdek, migrantning o‘zi bilan birga yashaydigan pensioner ota-onasi yoki oilasida nogiron bo‘lsa, Kasaba uyushmasi federatsiyasi qoshidagi sanatoriylarga bir yilda bir marta dam olish uchun yo‘llanma beriladi.
Yoshlar yetakchisi tavsiyasiga asosan, migrant farzandlarini oromgohlarga bepul yo‘llanmalar bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilgan.
2. Hujjat yo‘qolganda O‘zbekistonga qanday qaytish mumkin?
Fuqaro “qizil pasportini”, migratsiya varaqasini, patent hujjatlarini yo‘qotgan taqdirda, o‘z biometrik pasporti bilan O‘zbekistonga qaytib kela oladi. Lekin inobatga olish kerakki, agarda fuqaro yo‘qolgandan so‘ng tez fursatda hujjatlarni tiklash uchun konsullik muassasalalariga, patent hujjatlarini qayta rasmiylashtirish uchun tegishli migratsiya xizmat organlariga murojaat qilmasa, ya’ni norasmiy tartibda bo‘lsa, chiqib ketishgacha bo‘lgan davrda Rossiya ichki ishlar organlarining reydlari davomida hujjatlari yo‘qligi aniqlansa, unga nisbatan 5000 mingdan 7000 ming rublgacha bo‘lgan ma’muriy jarima chorasi qo‘llanilishi mumkin.
3. Rossiyada ishlayotgan migrantlar yordam uchun kimga murojaat qilishi mumkin?
Tashqi mehnat migratsiya agentligining 19 ta mamlakatda vakolatxonalari bo‘lsa, shundan 16 tasi Rossiya Federatsiyasi hissasiga to‘g‘ri keladi. Chunki hududning kattaligi, mehnat migrantlarining ko‘pligi sababli bu masalada ham alohida yondashilib, ularning huquqlarini qo‘llab-quvvatlash, moddiy yordam ko‘rsatish mexanizmlari yo‘lga qo‘yilgan.
Mabodo mehnat migranti Rossiyada qiyin ahvolga tushib qolsa, agentligimizning vakolatxonalariga, shuningdek, respublikaning Rossiyadagi konsulliklariga, elchixonalariga, Tashqi mehnat migratsiyasi agentiligi bilan hamkorlik shartnomalariga ega ko‘plab vakolatli organlarga murojaat qilishi mumkin.
Ikkinchidan, Rossiyaning chekka hududlarida vaqtincha mehnat qilayotgan migrantlar "Rostrud" - Rossiya davlat tashkiloti hududiy bo‘linmalariga murojaat qilishlari mumkin.
O‘zbekiston Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi 2022-yilda Rossiyaning “Rostrud” tashkiloti bilan memorandum imzolandi. Ushbu shartnomada mehnat migrantlarining huquqlarini himoya qilish ham ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari agentlikning Moskvadagi vakolatxonasi huzurida migrantlar bilan ishlash bo‘yicha alohida markaz tashkil qilingan. Shu bilan birga agentlik tomonidan 18 ta yuridik advokatlar bilan hamkorlik shartnomasi tuzilgan. O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi qoshida 24 soat faoliyat yuritadigan alohida Call-markazi bor. U orqali doimiy murojaatlar qabul qilinadi.
Misollarda keltiradigan bo‘lsam, yaqin kunlarda bo‘lgan holat: o‘zbekistonlik mehnat migranti ish jarayonida jabrlangani, mayib bo‘lgani sababli, unga 700 ming rubldan ko‘proq kompensatsiya puli undirib berildi.
Bundan tashqari, o‘rnatilgan qonunchilik talablaridan tashqari, ushbu migrant O‘zbekistonda bo‘lsa ham o‘rnatilgan tartibda umri davomida bank kartasiga oyma-oy kompensatsiya puli tushirilishiga erishildi.
4. Patent olish borasida yengillik bo‘ladimi?
Patent bu migrantlarning Rossiyadagi mehnat faoliyatini rasmiylashtiruvchi ruxsatnoma hujjat. Uni olish uchun asosiy talablar bor. Shu talablardan kelib chiqadigan hujjatlarning ko‘p qismini O‘zbekistonning hududida yig‘ish imkoniyatiga ega bo‘ldik.
Buning uchun Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida Rossiya ko‘p tarmoqli migratsiya markazining filiali tashkil etildi. Filial orqali patent uchun talab qilinadigan hujjatlarning asosiy qismini tayyorlab berish imkoniyati bor. Ya’ni bu rus tilini bilish darajasi, rus tarixi bo‘yicha sertifikatlar olish, pasportlarni rasmiylashtirish va hokazo.

Sodda qilib aytganda, O‘zbekiston hududida bu hujjatlarning yig‘ma jildini tayyorlagan holda to‘g‘ri Rossiyaning ko‘p tarmoqli migratsiya markaziga boriladi. Rossiya hududida faqat tibbiy ko‘rikdan o‘tgandan so‘ng patent hujjati qo‘liga beriladi. Bu mehnat migrantlari vaqtini tejaydi.

5. Rossiyadan boshqa yana qayerlarga ishlash uchun borish mumkin?
2023 yilning o‘tgan 5 oyi davomida O‘zbekiston fuqarolari nafaqat Rossiyaga, balki Buyuk Britaniya, Ruminiya, Germaniya, Bolgariya, Turkiya, Polsha kabi davlatlarga yuborildi. Bu kabi ishlar tizimli davom etmoqda. Buning natijasida fuqarolarimizni yuqori malakali kasblarga ham yo‘naltirish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
Buning uchun Bandlik vazirligi huzuridagi bir nechta kasbga o‘qitish markazlariga fuqarolarni yo‘naltirib, malakalarini oshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Keyingi yillarda 32 ta davlatning 536 ta yirik ish beruvchilari va rekruting agentliklari bilan shartnomalar tuzildi. Ish beruvchilarining talablariga javob bergan holda ishga jalb qilinyapti.
6.Xorijda og‘ir ahvolga tushib qolganda kimga murojaat qilish kerak?
Fuqaro xorijda og‘ir vaziyatga tushganda avvalo elchixona, konsullik idoralari yoki Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonalari va vakilliklariga murojaat qilishi kerak bo‘ladi. Ularga tezkor yordam ko‘rsatish choralari ko‘rib boriladi.
Fuqarolardan bir narsani so‘rab qolgan bo‘lardim: agar xorijda ishlashni maqsad qildingizmi, ketishdan oldin birinchi o‘rinda tayyorgarlik ko‘rish lozim.
Tayyorgarlik nimadan iborat: yon daftariga eng yaqin shahardagi O‘zbekiston elchixonasi yoki konsulxonasi, Migratsiya agentligi vakolatxonalari manzili, telefon raqamlari to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lish kerak. Rossiyadagi migrantlarning ko‘pligidan kelib chiqib, alohida koll-markazi yaratilganini aytaman.
Ma’lumot o‘rnida, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiya, Turkiya, Koreya va Qozog‘istonda vakolatxona va vakilliklari bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ularga murojaat qilish mumkin. Zarur kontaktlar doim agentlikning sahifalarida yoritib boriladi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi qanday tashkilot?
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi davlat tashkiloti. U O‘zbekiston fuqarolariga chet elda ishga joylashishga ko‘maklashish, mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish, ular og‘ir vaziyatga tushib qolganda yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2022-yil 1-mart sanasida qabul qilingan 149-qarori bilan xorijdagi mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida xorijiy davlatlarda tashqi mehnat migratsiya agentligining vakolatxonalari ko‘paytirildi va bugungi kungacha ularning soni 19taga yetdi.
Yangiliklar lentasi
0