"Yaqinlashsang, yana otaman dedi": yaralangan ekologiya inspektori

© Foto : Iz lichnogo arxiva Mirali XodjayevaMirali Xodjiyev
Mirali Xodjiyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 17.07.2023
Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
Qorovulbozor tumani ekologiya boshqarmasi boshlig‘i Mirali Hojiyev hodisa tafsilotlarini Sputnik muxbiri so‘zlab berdi.
TOShKENT, 17-iyul – Sputnik. Avvalroq brakonyer Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani ekologiya boshqarmasi boshlig‘i Mirali Hojiyevga o‘q uzib, uni yarador qilgani haqida xabar qilingan edi. Sputnik muxbiri Mirali Hojiyev bilan bog‘lanib, voqea tafsilotlarini so‘radi.

“Shu yilning 13-iyul kuni soat 20:00 larda bir necha xodimlar bilan navbatdagi reyd tadbirlarini o‘tkazish uchun chiqdik. Daladagi ko‘lmak atrofida nimadir shubhali qimirladi. Nima borligini bilish maqsadida tushdik. Bir kishi turib qochib ketdi, qo‘lida miltiq bor edi. To‘xta, deb chaqirdik, u esa orqasiga qaramay qochdi. Uning sherigi ham qochib ketdi. To‘xta-to‘xta deyishimizga qaramasdan, u miltiqdan o‘q otdi, qo‘limga tegdi. Ovchi “yaqinlashsang, yana otaman, ket hammang” deb aytdi. Biz o‘z mashinamizga qarab yura boshladik, ular motosiklga minib qochib qolishdi”, - deya eslaydi ekologiya inspektori.

Hojiyevning aytishicha, so‘ngra ular ichki ishlar xodimlariga murojaat qilishgan. Xodimlar kelib voqea joyini ko‘zdan kechirishgan va jayron shoxini topishgan.

“Ular turgan joylarda jayronlar kelib suv ichishadi. Taxminimizcha, ular jayronlarni ovlash uchun yulg‘unlar orasida joy tayyorlayotgan bo‘lishgan”, - deydi Hojiyev.

Ekoinspektor voqeadan keyin ahvoli qandayligi xususida ham ma’lumot berdi.

“Shu kuni birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishdi. Sud-tibbiyot ekspertizasidan o‘tkazildi. Rentgen tekshiruvlaridan o‘tdim. Shifokorlar vaqtida yordam ko‘rsatishdi. Jarohat kattalashib ketishining oldi olindi. Shishlar biroz qaytdi, mana endi ishga chiqapman”, - deydi ekologiya posboni.

Bosh prokuratura ekoinspektorga o‘q uzgan shaxslar aniqlangani va ulardan 2 dona ov quroli olib qo‘yilgani haqida ma’lum qildi.
Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Toshkent viloyatida boshqa bir ekoinspektor ham xizmat vaqtida yaralangan edi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining Toshkent viloyati boshqarmasi Bekobod shahar bo‘limi boshlig‘i, davlat inspektori Muhammadjon Fozilov xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida pichoqlangan edi.
Yangiliklar lentasi
0