Kana chaqishi oqibatida yuqadigan kasallik O‘zbekistonga ham kirib keldimi — tafsilotlar

© Sputnik / Pavel Lisisin / Mediabankka o‘tishKana, arxiv surat
Kana, arxiv surat - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 12.07.2023
Obuna bo‘lish
Qozog‘istonda Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi oqibatida o‘lim holati kuzatildi. Sanepidqo‘mita O‘zbekistonda vaziyat qanday ekanligiga izoh berdi.
TOShKENT, 12-iyul — Sputnik. O‘zbekistonga karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarni chet davlatlardan kirib kelishi va aholi o‘rtasida tarqalib ketishiga yo‘l qo‘yilmadi. Bu haqda Sanepidqo‘mita xabar berdi.
Qozog‘istonning Qizilo‘rda viloyati Janako‘rg‘on tumanida 77 yoshli, Shiyeli tumanida 51 yoshli fuqarolar og‘ir holatda Qrim-Kongo gemorragik isitma (QKGI) kasalligi belgilari bilan shifoxonaga olib kelingan. Bemorlar reanimatsiya bo‘limida vafot etgan.
O‘zbekiston bo‘yicha bugungi kunda kasalliklarni chetdan kirib kelishini oldini olish maqsadida davlat chegaralarini kesishish joylarida, halqaro aeroportlarda, temir yo‘l vokzallarida va Termiz daryo portida tashkil etilgan 51 ta sanitariya – karantin punkti (SKP) faoliyat olib bormoqda.
QKGI qo‘zg‘atuvchilari bilan zararlangan kanalar mavjud hududlarni aniqlash va kanalarda zararlanish darajasini o‘rganish maqsadida veterinariya xizmati bilan hamkorlikda tabiiy o‘choqli hududlardan 1 000 donadan kana yig‘ib olinib, Virusologiya ITI laboratoriyasida tahlildan o‘tkazilib, QKGI kasalligining kelgusi yil uchun bashorati, ma’muriy hududlar kesimida tayyorlandi.

“Qoraqalpog‘iston respublikasi, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi tegishli muassasalarda Qrim-Kongo gemorragik isitmasi bilan kasallanib tuzalganlarning (donorlarning) 14 litr qon plazmasi zaxirasi yaratildi. Bu esa Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi aniqlanganda, kasallikning og‘ir asoratlarini oldini olishga zamin yaratadi”, - deyiladi xabarda.

Aholi o‘rtasida, ayniqsa QKGI kasalligi bo‘yicha tabiiy o‘choqli hududlar aholisi o‘rtasida QKGI kasalligining oldini olish bo‘yicha keng qamrovli sanitariya-targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. 2023-yil mart oyida Favqulotda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda 14 ta ma’muriy hududda maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Ma’lumot uchun, QKGI – arbovirus qo‘zg‘atadigan, isitmalash, gemorragik alomatlar bilan kechadigan, tabiiy sharoitda transmissiv yo‘l bilan yuqadigan, tabiiy o‘choqli o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir. Kasallik odamlarga kana chaqishi oqibatida yuqadi. QKGI kasalligi sporadik tarzda tarqaladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili O‘zbekistonda Qrim-Kongo isitmasidan tuzalganlarning qon plazmasi banki yaratilishi ma’lum qilingandi. Prezident imzolagan hujjatda, donorlarning qon plazmasi banklari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi tegishli muassasalarda tashkil qilinishi belgilangan.
Yangiliklar lentasi
0