Mirziyoyev: xalq ishonchini oqlash uchun jonimni ham fido qilishga tayyorman

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 11.07.2023
Obuna bo‘lish
Shavkat Mirziyoyev 9-iyul kuni o‘tkazilgan muddatidan ilgari prezident saylovida g‘alaba qozondi.
TOShKENT, 11-iyul — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston prezidenti etib qayta saylanganidan keyin o‘tkazgan ilk yig‘ilishida xalqning yuksak ishonchini oqlash uchun jonini ham berishga tayyorligini ta’kidladi.
Mirziyoyev O‘zbekiston xalqi 9-iyul kuni juda katta siyosiy tadbirni yuqori saviyada, yorug‘ yuz bilan o‘tkazganini qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yangilangan Konstitutsiya asosida bo‘lib o‘tgan saylovlarda fuqarolar yuksak uyushqoqlik ko‘rsatgan. O‘zlarining siyosiy madaniyati va faolligini namoyon qilgan va buni jahon hamjamiyati ham e’tirof etgan.
“Biz barchamiz O‘zbekiston degan qadimiy, go‘zal va betakror yurt farzandlarimiz. Shu qutlug‘ zaminda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillarining bugungi hayoti, taqdiri va kelajagi ham bir. Barchamiz uchun Vatan va xalq manfaatlari muqaddas va eng ustuvor maqsaddir. Saylov jarayonida hammamiz uchun mushtarak bo‘lgan ana shunday ulug‘ g‘oyalarni yetakchi o‘ringa qo‘ygan barcha nomzodlarga o‘z tashakkurlarimni aytaman”, - dedi prezident.
Davlat rahbari saylovda faol ishtirok etgan, o‘zining xohish-irodasi, yuksak siyosiy ongi va huquqiy madaniyatini yaqqol namoyon etgan, keng ko‘lamli demokratik islohotlarni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan barcha vatandoshlarimizga, butun xalqqa samimiy hurmat-ehtiromini izhor etdi.
“Bor bilim va tajribamni, kuch-g‘ayratimni mehnatkash, mard va olijanob xalqimizning menga bildirgan yuksak ishonchini oqlash uchun safarbar etishga, bu yo‘lda, kerak bo‘lsa, jonimni ham fido qilishga tayyorman”, - dedi Mirziyoyev.
Prezident saylovni yuqori saviyada tashkil etgani uchun Markaziy saylov komissiyasiga, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlayotgan huquq-tartibot idoralariga, shuningdek, saylov jarayonlarini xolisona baholab, haqqoniy yoritayotgani uchun mahalliy va xorijiy kuzatuvchilar, jurnalistlarga minnatdorlik bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 9-iyul kuni muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi. Unda saylovchilarning 87,05 foiz ovozini olgan Shavkat Mirziyoyev g‘alaba qozondi. Prezident saylovida saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning qariyb 80 foizi qatnashgan.
Yangiliklar lentasi
0