Soat 17:00 holatiga saylovda eng ko‘p ovoz bergan hudud qaysi?
18:06 09.07.2023 (yangilandi: 19:30 09.07.2023)
© Sputnik / Vladimir AlekseyevDosrochnoe golosovanie na viborax prezidenta Uzbekistana v posolstve Uzbekistana v Moskve.
© Sputnik / Vladimir Alekseyev
Obuna bo‘lish
Uchastkalar ochilganidan beri 13 459 677 nafar ovoz beruvchi saylovda ishtirok etdi.
TOShKENT, 9-iyul — Sputnik. Bugun soat 17:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘yicha 69,85 foiz ovoz beruvchi prezident saylovida ishtirok etdi. Bu haqda MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov ma’lum qildi.
Uchastkalar ochilganidan beri 13 459 677 nafar ovoz beruvchi saylovda ishtirok etdi. Qayd etilishicha, Farg‘ona viloyatida eng ko‘p saylovchi ovoz bergan. Ularning soni 1 611 307 nafar.
O‘zbekiston bo‘yicha soat 08:00dan soat 17:00 gacha ovoz berganlar soni
Hududlar | Ovoz berganlar soni | Foiz |
Qoraqalpog‘iston respublikasi | 693 668 nafar | 70,56 |
Andijon viloyati | 1 260 776 nafar | 74,83 |
Buxoro viloyati | 775 164 nafar | 72,34 |
Jizzax viloyati | 598 868 nafar | 75,58 |
Navoiy viloyati | 415 652 nafar | 65,21 |
Namangan viloyati | 1 101 553 nafar | 69,82 |
Samarqand viloyati | 1 487 298 nafar | 71,02 |
Sirdaryo viloyati | 330 242 nafar | 67,41 |
Surxondaryo viloyati | 963 092 nafar | 68,03 |
Toshkent viloyati | 1 254 515 nafar | 69,30 |
Farg‘ona viloyati | 1 611 307 nafar | 73,04 |
Xorazm viloyati | 646 967 nafar | 64,16 |
Qashqadaryo viloyati | 1 276 215 nafar | 68,98 |
Toshkent shahri | 1 044 360 nafar | 63,35 |
Eslatib o‘tamiz, bugun, 9-iyul kuni, muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda prezidentlikka 4ta partiyadan quyidagi nomzodlar ishtirok etmoqda: Ekopartiyadan Abdushukur Hamzayev, Xalq-demokratik partiyasidan Ulug‘bek Inoyatov, "Adolat" sotsial-demorkatik partiyasidan Robaxon Mahmudova, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan (O‘zLiDeP) amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev. Nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 7-iyundan 7-iyulga qadar davom etdi.
Saylovda ovoz berish uchun O‘zbekiston bo‘yicha jami 10784 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan. Ular 14 ta saylov okrugiga biriktirildi. Ularning faoliyatini 266 nafar saylov komissiyasi a’zosi nazorat qilib boradi.
Bundan tashqari ayni damda xorijda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun dunyoning 39ta davlatida 56 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan.
Rossiyaning 7 ta shahrida saylov uchastkalari tuzilgan. Ular O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi, Sankt-Peterburg, Rostov-Don, Yekaterinburg, Qozon, Novosibirsk, Vladivostokdagi bosh konsulxonalarida tashkil etilgan.
O‘zbekiston prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni 28-iyundan 5-iyulga qadar bo‘lib o‘tdi. Unda saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan 376 mingdan ortiq fuqarolar ishtirok etdi.
O‘zbekiston prezidenti saylovini yuzlab xorijlik kuzatuvchilar va mingdan ortiq jurnalistlar kuzatib bormoqda. Xususan, xorijiy davlatlar va nufuzli tashkilotlardan kelgan 797 nafar kuzatuvchi va 1400 nafar mahalliy va xorijiy OAV vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.
Saylov bulletenlari davlat tilida, shuningdek okrug saylov komissiyasining qaroriga binoan, muayan okrug aholisining ko‘pchiligi so‘zlashadigan tillarda chop etilgan. Shuningdek ko‘zi ojizlar uchun Brayl alifbosida tayyorlangan maxsus trafaretlar har bir saylov uchastkasiga yetkazib beriladi.
O‘zbekistonda Saylovchilar yagona elektron ro‘yxatiga (SAER) jami 19 mln 593 ming 838 nafar fuqaro kiritildi. Shulardan 47 foizini erkaklar, 53 foizini ayollar tashkil etadi. 30,1 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardan iborat. Xorijiy mamlakatlarda tuzilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar ro‘yxatidan jami 323 ming 626 nafar saylovchi joy oldi.