Saylov jarayonlarida jiddiy qonunbuzilish holati aniqlanmadi – Bosh prokuratura

© Bosh prokuratura matbuot xizmatiBosh prokuratura
Bosh prokuratura - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 09.07.2023
Obuna bo‘lish
Bosh prokuratura: bugungi siyosiy tadbirning tinch va osoyishta o‘tkazilishi, jamoat tartibining saqlanishi qat’iy nazoratga olingan.
TOShKENT, 9-iyul — Sputnik. Saylov jarayonlarida uning natijalariga u yoki bu tarzda ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan biron-bir jiddiy qonunbuzilishi hozirgi vaqtga qadar aniqlanmadi. Bu haqda bosh prokuror o‘rinbosari Shohrux Aminov Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazida o‘tkazilgan brifingida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, xodimlar prokuratura organlarining barcha bo‘g‘inlarida tashkil etilgan 24 soatlik uzluksiz navbatchilikda xizmat qilmoqda, ular saylov jarayonida qonuniylikni ta’minlash ishlariga to‘liq jalb etilgan.

"Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatilib, mamlakatdagi vaziyat haqida real vaqt rejimida axborot almashilmoqda", - dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi siyosiy tadbirning tinch va osoyishta o‘tkazilishi, jamoat tartibining saqlanishi qat’iy nazoratga olingan.

"Soat 15-00 ga qadar prokuratura organlariga saylov jarayonida shu kunga qadar fuqarolardan 250 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ularda asosan saylov qonunchiligiga oid huquqiy tushuntirish so‘ralgan. Huquqbuzarliklarga oid xabarlar va murojaatlar kelib tushmadi", - deya qo‘shimcha qildi Aminov.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 9-iyul kuni, muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda prezidentlikka 4ta partiyadan quyidagi nomzodlar ishtirok etmoqda: Ekopartiyadan Abdushukur Hamzayev, Xalq-demokratik partiyasidan Ulug‘bek Inoyatov, "Adolat" sotsial-demorkatik partiyasidan Robaxon Mahmudova, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan (O‘zLiDeP) amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev. Nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 7-iyundan 7-iyulga qadar davom etdi.
Saylovda ovoz berish uchun O‘zbekiston bo‘yicha jami 10784 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan. Ularning faoliyatini 266 nafar saylov komissiyasi a’zosi nazorat qilib boradi.
Bundan tashqari ayni damda xorijda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun dunyoning 39ta davlatida 56 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan.
Rossiyaning 7 ta shahrida saylov uchastkalari tuzilgan. Ular O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi, Sankt-Peterburg, Rostov-Don, Yekaterinburg, Qozon, Novosibirsk, Vladivostokdagi bosh konsulxonalarida tashkil etilgan.
O‘zbekiston prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni 28-iyundan 5 iyulga qadar bo‘lib o‘tdi. Unda saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan 376 mingdan ortiq fuqarolar ishtirok etdi.
O‘zbekiston prezidenti saylovini yuzlab xorijlik kuzatuvchilar va mingdan ortiq jurnalistlar kuzatib bormoqda. Xususan, xorijiy davlatlar va nufuzli tashkilotlardan kelgan 797 nafar kuzatuvchi va 1400 nafar mahalliy va xorijiy OAV vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.
Saylov bulletenlari davlat tilida, shuningdek okrug saylov komissiyasining qaroriga binoan, muayan okrug aholisining ko‘pchiligi so‘zlashadigan tillarda chop etilgan. Shuningdek ko‘zi ojizlar uchun Brayl alifbosida tayyorlangan maxsus trafaretlar har bir saylov uchastkasiga yetkazib beriladi.
O‘zbekistonda Saylovchilar yagona elektron ro‘yxatiga (SAER) jami 19 mln 593 ming 838 nafar fuqaro kiritildi. Shulardan 47 foizini erkaklar, 53 foizini ayollar tashkil etadi. 30,1 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardan iborat. Xorijiy mamlakatlarda tuzilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar ro‘yxatidan jami 323 ming 626 nafar saylovchi joy oldi.
Yangiliklar lentasi
0