Milliy gvardiya qoshida qo‘riqlash-patrul xizmati tashkil etilishi kutilmoqda

© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovSotrudnik Natsionalnoy gvardii i DPS na postu
Sotrudnik Natsionalnoy gvardii i DPS na postu - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 06.07.2023
Obuna bo‘lish
Qo‘riqlash-patrul xizmati ixtiyoriy ravishda tuzilgan shartnomalarga asosan belgilangan hududlarda o‘z faoliyatini olib boradi.
TOShKENT, 6-iyul — Sputnik. O‘zbekiston Milliy gvardiyasi qoshida qo‘riqlash-patrul xizmati tashkil etilishi kutilmoqda. Buni nazarda tutuvchi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Milliy gvardiyaga ko‘ra, qaror loyihasi yuzaga kelayotgan kriminogen va ijtimoiy vaziyatga tezkor ta’sir ko‘rsatish, mahalliy davlat hokimiyati organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan
Shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatiga qo‘shimcha kuch va vositalarni jalb etish borasidagi huquq va imkoniyatlarini kengaytirish maqsad qilingan.
Hujjatda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlar, tadbirkorlik subyektlari, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar bilan ixtiyoriy ravishda tuzilgan shartnomalarga asosan belgilangan hududlarda qo‘riqlash-patrul xizmatini tashkil etish nazarda tutilgan.
Qaror loyihasi qabul qilinsa xizmat faoliyatini tashkil etish, naradlar xizmatini tashkillashtirish va ularning asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, majburiyatlari hamda javobgarliklari tartibga solinadi. Shuningdek, tuzilgan shartnomalarda ko‘rsatib o‘tilgan hududda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash va shu hududda tegishli obyektlarni qo‘riqlaydi.
Qo‘riqlash-patrul xizmati naradlarining ishlash tartibi
Xizmat naradlari o‘rtacha 40-50 km/s tezlikda, tungi vaqtlarda maxsus avtotransportning maxsus nur chiqaruvchi moslamalari yoqib, Yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda, harakatlanishi zarur.
Xizmatning maxsus avtotransportidan shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj fuqarolar, shuningdek jamoat joylarida alkogol, giyohvandlik vositalari ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mastlik holatida bo‘lgan shaxslarni tibbiy muassasalarga olib borish uchun foydalanish mumkin.
Xizmat naradlari patrullikni amalga oshirish vaqtida huquqbuzarlik sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslarni ushlab turadi va Milliy gvardiya yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlariga olib boradi.
Qo‘riqlash-patrul xizmati naradlarining asosiy vazifalari:
patrullikni amalga oshirish orqali shartnomada belgilangan hududda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash;
patrullikni amalga oshirish hududida qonunbuzarlik xatti-harakatlarini o‘z vaqtida aniqlash, ularni oldini olish va bartaraf etish;
shartnomada obyektlarni, mol-mulklarning qo‘riqlovini amalga oshirish.
Ular shuningdek, obyekt va mol-mulklarni o‘z vaqtida qo‘riqlovga qabul qilib olishadi.
Qo‘riqlash-patrul xizmati naradlari quyidagi huquqlarga ega:
mansabdor shaxslar va fuqarolarning hujjatlarini, shu jumladan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini tekshirish;
ularni shaxsiy ko‘rikdan (tintuvdan) o‘tkazish;
ashyolarni, transport vositalarini hamda olib o‘tilayotgan yuklarni ko‘zdan kechirish
fuqarolardan jinoyat, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan joyni, hodisa joyini tark etishini talab qilish;
jinoyatlarning oldini olish, ularni sodir etgan yoki qidiruvda bo‘lgan shaxslarni ushlash bo‘yicha tezkor ta’sir choralarini ko‘rish;
fuqarolardan qonun hujjatlariga rioya etishni, g‘ayrihuquqiy harakatlarni to‘xtatishni talab qilish, bu talablar bajarilmagan taqdirda esa majburlov choralarini qo‘llash;
joy uchastkalarini, turar joylarni, imoratlarni va boshqa obyektlarni o‘rab olish (to‘sib qo‘yish).
Qolaversa, qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda va belgilangan tartibga muvofiq jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni va xizmat qurolini qo‘llash huquqi beriladi.
Qaror loyihasi muhokamasi 18-iyulga qadar davom etadi.
Yangiliklar lentasi
0